Home / FOTO LAVHALAR / NAVOIYNING ILK DEVONI: MANBALAR VA XULOSALAR

NAVOIYNING ILK DEVONI: MANBALAR VA XULOSALAR

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Germaniya, Turkiya va AQSHdan olimlar ishtirok etdi.

Seminarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent Oysara Madaliyeva “Alisher Navoiy “Badoyeul bidoya” devonining qoʻlyozmalari va tadqiqi tarixiga nazar mavzusida maʼruza qildi.

Olima dastlab ulugʻ shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiyning ijodi nafaqat uning zamondoshlari, balki keyingi asrlar va bugungi avlodda ham katta qiziqish uygʻotib kelayotganini taʼkidladi. Hazrat asarlarining qoʻlyozmalari esa dunyo boʻylab keng tarqalgan boʻlib, ularni oʻrganish ishlari bilan bogʻliq qiziqarli maʼlumotlar talaygina.

Navoiyning dastlabki devoni boʻlmish “Badoyeul bidoya” shoirning bolalik va yoshlik davridagi lirik ijodi namunasidir. Asarning sakkizta qadimiy qoʻlyozma nusxasi Fransiya, Buyuk Britaniya, Eron, Ozarbayjon, Turkiya va Oʻzbekistonda saqlanmoqda. Eng qizigʻi, ushbu qoʻlyozmalar turli hajmdagi sheʼr va janrlarni oʻz ichiga olgan boʻlib, ular bir-biridan biroz farq qiladi. Masalan, Parijdagi qoʻlyozma shoirning oʻz qoʻli bilan tartibga solingan ilk devon sifatida qadrlanadi. U 1480-yilda koʻchirilgan boʻlib, 831 ta sheʼrni oʻz ichiga oladi. Toshkentdagi nusxa esa eng koʻp – 916 ta sheʼrdan tashkil topgan. Boshqa nusxalardagi janr jihatidan farqlar Navoiy ijodining turli bosqichlarini oʻrganish uchun qimmatli manba boʻlib xizmat qiladi.

Tadqiqotchi ushbu qoʻlyozmalarning baʼzilaridagi oʻziga xos jihatlar olimlar oʻrtasida bahs mavzusiga aylanganini qayd etdi. Masalan, Parijda saqlanayotgan va boshqalardan sezilarli darajada farq qiladigan qoʻlyozmaning tarkibi Navoiy ijodiy izlanishlarining dastlabki bosqichini ochib beradi.

Seminarda bildirilgan fikrlarga koʻra, bu qoʻlyozmalarning chuqurroq oʻrganilishi Navoiy ijodiy merosini yanada yaxshiroq anglash imkonini beradi. Shu bilan birga, Hazrat devonlarini qiyosiy tahlil qilish asosida uning ijodiy faoliyati bilan bogʻliq jarayonlarga oid yangi xulosalar chiqarish mumkin boʻladi.

Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Alisher Navoiy merosi – maʼnaviy va maʼrifiy yuksalish manbai

Alisher Navoiy tavalludining 584-yilligiga bagʻishlab 8-9-fevral kunlari Navoiy viloyatida ilmu fan, adabiyot, sanʼat, madaniyat namoyandalari, …