Home / HADIS / ALLOHNING MAGʻFIRATINI ISTAYSIZMI?

ALLOHNING MAGʻFIRATINI ISTAYSIZMI?

Ijtimoiy hayotda insonlar bilan muomala-munosabat qilmasdan yashashning iloji yoʻq. Ushbu jarayonda kim kimnidir ranjitishi, unga moddiy yoki jismoniy zarar yetkazib qoʻyishi mumkin. Shunday vaziyatlarda jabr koʻrgan kishining kechirimli boʻlishi ijtimoiy hayot farovonligiga sabab boʻladi.

Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Kechirimli boʻling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz oʻgiring”,[1] deb buyurgan.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli! Xodimni necha marta afv qilamiz?” dedi. U zot indamadilar. U savolni takrorladi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana indamadilar. Uchinchi bor soʻraganida: “Har kuni yetmish marta”, dedilar”.[2]

Jazolash va qasos olishdan koʻra kechirish va bagʻrikenglikni birinchi oʻringa qoʻyish odamlar oʻrtasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan keskin kelishmovchiliklarning oldini olishiga shubha yoʻq. Kechirish – qilmishga koʻz yumib, jazoni tark qilishdir.

Jariyr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom: “Odamlarga rahm qilmaydigan odamga Alloh taolo rahm qilmaydi”,[3] deganlar.

Muoviya roziyallohu anhu aytadi: “Toki sizga imkoniyat berilgunicha sabrli va bagʻrikeng boʻling. Agar imkon (mol-dunyo, rahbarlik) berilsa, kechirimli va saxovatli boʻling”.

Abu Dardodan: “Odamlarning eng azizi kim?” deb soʻrashdi. U: “Jazolashga  qodir boʻla turib kechirgan kishi. Kechirimli boʻling, Alloh taolo sizni aziz qiladi”, dedi. Kim afv etsa, Alloh uni kechiradi, kim kechirsa, Alloh ham uni magʻfirat qiladi. Kim Alloh unga qanday muomala qilishini xohlasa, odamlarga ham shunday munosabatda boʻlsin.

Afvning foydalari

Afv etish odamlar orasida suiisteʼmol qilingan va parchalangan ijtimoiy aloqalarni tiklaydi, mustahkamlaydi. Allohning magʻfirati, rahmati va roziligiga erishishga sabab boʻladi: “Ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni magʻfirat qilishini istamaysizmi?! Alloh magʻfiratli va rahmlidir”.[4]

Taqvoga yaqinlashtiradi: “Kechirib yuborishingiz taqvoga yaqinroqdir”.[5]

Afv Alloh taolo magʻfirat va jannatni vaʼda qilgan taqvodorlarning sifatlaridan: “Ular (mazkur taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, gʻazablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.[6]

Ikki dunyo azizligiga yetaklaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo kechirimli bandaga azizlikni ziyoda qilur”,[7] deganlar.

Shuningdek, kechirimli boʻlish gina va nafratni ketkazish, musulmonlar orasida muhabbat va birodarlikni yoyish, munosabatlardagi bagʻrikenglik, mehr-oqibat, birodarlik va hamkorlikning rivojlanishida muhim omildir.

[1] Aʼrof surasi, 199-oyat
[2] Abu Dovud va Termiziy rivoyati.
[3] Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyati.
[4] Nur surasi, 22-oyat.
[5] Baqara surasi, 237-oyat.
[6] Oli Imron surasi, 134-oyat.
[7] Imom Muslim rivoyati.
Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

“JONLI” va “JONSIZ” tarbiya

«Agar ogohsan sen – shohsan sen. Agar shohsan sen – ogohsan sen» “Avliyolarning avliyosi”, “mutafakkirlarning …