Home / MAQOLALAR / “JONLI” va “JONSIZ” tarbiya

“JONLI” va “JONSIZ” tarbiya

«Agar ogohsan sen – shohsan sen.
Agar shohsan sen – ogohsan sen»

 “Avliyolarning  avliyosi”, “mutafakkirlarning  mutafakkiri”, “shoirlarning sultoni” bobomiz Alisher Navoiy hazratlari naqadar chiroyli taʼrif berganlar oʻz asarlarida!

«Ogohlik» coʻzining maʼnolarini bugungi zamon sharoitidan kelib chiqib, yanada keng miqyosda tushunishimizga toʻgʻri keladi. Yaʼni, bugungi ogohlik xalqimiz, ayniqsa yoshlar qalbini, ruhiyatini, aql-idroki va umuman maʼnaviyatini jahonda yuz berayotgan mafkuraviy yoʻnalishdagi oshkora va yashirin tahdidlarning xatarlaridan va “ommaviy madaniyat”ning yemiruvchi taʼsiridan muhofaza qilishni ham oʻz ichiga oladi.     

Albatta, xalqimiz, jumladan yosh avlod gʻarb fan-texnikasi, madaniyati, adabiyoti, sanʼatining ilgʻor jihatlarini inkor etmaydi. 

Biroq Gʻarbda din va odobga zid boʻlgan qarashlarning koʻpchilikka singdirilishi oqibatida yuzaga kelgan “ommaviy madaniyat” tushunchasini Gʻarb ziyolilarining oʻzlari “Gʻarbning muammosi” sifatida baholayotganini hamda “ommaviy madaniyat”ning maʼnaviy-axloqiy tubanliklarini yoshlarimiz qancha tez anglasa, shuncha yaxshi.

 “Muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil gʻarazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va boʻhtonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini oʻnib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizga toʻgʻri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu gʻoyalarini keng targʻib etish vazifasi hamon dolzarb boʻlib qolmoqda”.

 Bu vazifa nafaqat biror vazifador yoki biror sohadagi masʼullarga belgilangan, balki har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN buyuk vazifa, deb bilmogʻimiz lozim!

Hozirgi davrda, axborot texnologiyalari oʻta tezkorlik bilan rivojlanayotgan bir paytda, nanotexnologiya zoʻr shiddatlik bilan avjiga chiqayotgan zamonda, har xil ommaviy axborot vositalari xilma-xil maʼlumotlarni kechayu-kunduz tarqatayotgan bir onda, ayniqsa bugun farzandlarimiz oʻz-oʻzlari bilan yolgʻiz qolib 25 soat vaqtlarini telefon, kompyuter bilan mashgʻul boʻlib, bolalarimiz ular bilan “band” boʻlib qolganlarida mazkur vazifalar, jannatmakon yurtimiz, muqaddas Vatanimiz, dono xalqimizning har bir fuqarosiga qushga havo,  baliqqa suv zarurligiday zarur boʻlsa kerak…

 

Bugungi kunda tarbiya ham, ming afsuslar boʻlsinki, ikki xil boʻlib qoldi: 1) «jonsiz» tarbiya va 2) «jonli» tarbiya. 

“JONSIZ” tarbiya – bu internet, kompyuter, telefon, televizor… Ming afsus va nadomatlar boʻlsinki, bu narsalar ham koʻp yoshlarimizni, baʼzi oʻrinlarda sal kattaroqlarimizni ham toʻgʻri yoʻldan, oʻz ota-onalari ne-ne mashaqqatlar chekib oʻrgatgan yoʻldan, ota-bobolarimizdan buyuk va beqiyos meros boʻlib kelayotgan yoʻldan ozdirib va adashtirib qoʻymokda.

Natijada, dono xalqimiz maqolida «yaxshini sharofati, yomonni kasofati» deb aytilganidek, oʻzlari ham, oilasi ham, qarindoshlari ham, qoʻshnilari ham, doʻstlari ham, yaqinlari ham, atrofdagilari ham sarson boʻlib, ularning kasofatlari yashab turgan mahallasiga ham, ishlab turgan ishxonasiga ham, butun el-yurtiga ham yetmoqda… 

 

Bunday shakldagi “jonsiz”tarbiya:
dono xalqimiz dunyoqarashiga ham, 
millatimiz mentalitetiga ham, 
Qurʼoni karim oyatlariga ham, 
Paygʻambarimiz alayhis salomning hadisi shariflariga ham, 
dinimiz koʻrsatmalariga ham, 
shariatimiz hukmlariga ham, 
ulamolarimiz fatvolariga ham, 
davlatimiz qonunlariga ham, 
sharqona odoblarimizga ham, 
mazhabimiz meʼyorlariga ham, 
jamiyatshunoslik aloqalariga ham, 
odamgarchilik munosabatlariga ham, 
insoniy tuygʻularga ham, 
ruhshunoslik sir-asrorlariga ham, 
yurtimiz urf-odatlariga ham, 
oʻzbekchilik qoidalariga ham, 
madaniyatimiz axloqlariga ham, 
insoniy aqlga ham,
axloqiy normalarga ham, 
dono maqollarimizga ham, 
milliy anʼanalarimizga ham, 
diniy qadriyatlarimizga ham, 
xalqimiz ongiga ham,
musulmonchiligimiz asoslariga ham, 
Islom dinimiz tushunchalariga ham 

 

ZID  EKANLIGINI  UNUTMAYLIK!!!
 Xorijiy telekanallarda nima namoyish etilsa yoki internetda nima tarib qilinsa, barchasini qabul qilaverish aslo mumkin emas! Biz ular orasidan imon-eʼtiqodimiz, anʼanayu qadriyatlarimizga mos keladiganlarinigina saralab olmogʻimiz shart!
Bu maqsadga esa yoshlarimizga telefon, televideniye, kompyuter va internetdan oqilona foydalanish yoʻllarini oʻrgatish, ularning mazkur axborot manbalaridan foydalanishlarini nazorat qilib borish orqaligina erishish mumkin. Toki hali suyagi qotib ulgurmagan yoshlarimizning begʻubor maʼnaviyatiga jiddiy zarar yetmasin!
Mutaxassislarning tadqiqotlariga koʻra, AQSHda jinoyatchilarning yarmidan koʻpi buzilgan oilalar farzandlari ekani maʼlum boʻlgan. Ularga ota-onasining ajrashgani tufayli yetkazilgan kuchli ruhiy zarba oʻrta yosh, hatto keksalik chogʻida ham salbiy taʼsir oʻtkazishi aniqlangan.

  

2) “JONLI” tarbiya – bu: 
ulugʻ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan oltindan qimmat rivoyatlari va noyob hikmatlari; 
buyuk ota-bobolarimizdan eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari va betakror hikoyalari; 
mehribon ota-onalarimizdan oʻrganib kelayotgan gavhar oʻgitlari va mislsiz soʻzlari; 
elimiz tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan taʼlim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari;
jannatmakon yurtimiz – muqaddas Vatanimiz taʼlim maskanlarida taralayotgan durdan aʼlo fanlar va beqiyos bilimlar;
uyimizda farzandlarimizga oʻzimiz berayotgan taʼlim-tarbiyamiz.

 

Bu “jonli” tarbiyadagi maʼlumotlar esa maʼnaviyat va maʼrifat yoʻnalishiga hamda tarbiya sohasiga daxldor har bir inson uchun, har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN beqiyos ensiklopedik manba boʻlib xizmat qiladi. 

 

Oiladagi bosh – bobo yoki buvi, ota yoki ona har kuni, ayniqsa juma oqshomi, bozor oqshomi kunlarida oilaviy dasturxon atrofida oʻtirganlarida oilasining har bir aʼzolarini ismlarini nomma-nom aytib, har bir oʻgʻil-qizlarini, har bir kelin-kuyovlarini, har bir nevara-chevaralarini haqlariga yaxshi tilaklar aytib, yaxshi duolar qilsalar – bu ham “jonli” tarbiyaning bir turi hisoblanadi. 

Zero bunday shakldagi “jonli” tarbiyani hammalarimizning ota-bobolarimiz, ona-momolarimiz avval-azaldan chin ixlos bilan, sof eʼtiqod bilan, goʻzal namuna va chiroyli ibrat boʻlib, barkamol darajada berib kelishgan. Shunda “meni otam meni haqimga bunday duo qilganlar”, “meni onam meni bunday boʻlishimni Xudodan soʻrar edilar” degan ongi-shuuridagi dasturxon atrofidagi surat uni koʻz oldida doim turadi. 

Dasturxon atrofida, oilasi huzurida aytilgan ota-onasining umidlari, orzulari uni boshqa nojoʻya xatti-harakatlardan tiyilishga, har kuni qoʻl ochib Yaratgandan soʻrayotgan tilaklarni eslab, mazkur tilaklarga mos kelmaydigan ishlardan saqlanishga undaydi. 

 Buyuk ota-bobolarimizdan meros boʻlib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak maʼnaviyatiga davlatimiz rahbari Muhtaram Prezidentimiz ham: «Duo qilgan, duo olgan hech qachon kam boʻlmaydi. Bunday joydan hech qachon baraka arimaydi», deb yana qoʻshimcha sifatida bizlarga  yengilmas kuch qilib berdilar.

Xalqimizning milliy maʼnaviyati, oilalarimizda amal qilinadigan tartib-qoidalar yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga egadir! Ular oila mustahkamligini taʼminlashda ulkan poydevor vazifasini oʻtaydi. Diyorimizda milliy qadriyatlar va muborak dinimizning ezgu taʼlimotlari asosida oilaga doir qonun-qoidalar yanada mukammal qayta ishlandi. 

 

Janobi hazrat Paygʻambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻz hadisi-shariflarida marhamat qiladilar: «Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar!» 

Bu xususda shoirlarimizning ibratli soʻzlari bor: 

«Birinchi gʻishtni qiyshiq qoʻyarkan meʼmor,

 Osmonga yetsa ham qiyshiqdir devor».

Oilada erning mavqei balandligi, xotin ham oʻz haq-huquqlariga egaligi, farzandlarning ota-onani hurmat qilishlarini olaylik. Koʻp yillar davomida ota-bobolarimiz qalbiga singib ketgan ushbu milliy va diniy qadriyatlarni bugun yanada sayqallash kerakligini zamon talab etmoqda. Shiddat bilan oʻzgarib borayotgan hozirgi zamonda bemaʼni xurujlar koʻpayib, ularning inson va jamiyat hayotiga salbiy taʼsirlari misli koʻrilmagan darajada kuchayib bormoqda. 

Shuning uchun barchamiz koʻzimizni kattaroq ochib, ziyraklik va ogohlik bilan bunday hamlalarga qarshi kurashmogʻimiz lozim. 

Ayniqsa hozirda yurtimizdagi mavjud behisob hamda turli fursat va imkoniyatlardan sermaʼno, sermahsul, mazmunli va unumli foydalanib, 

 

HAR BIR OTA,  HAR BIR ONA  OʻZ farzandiga:
odob-axloq namunalarini, 
kindik qoni toʻkilgan mislsiz Vataniga – vatanparvarlik his-tuygʻularini,
bobo-buviga – ehtirom-hurmatni, 
ota-onaga – mehr va itoatkorlikni, 
oila aʼzolariga – rahmdillik va mehribonlikni, 
oʻz juft haloliga – haqiqiy muhabbat va sodiqlikni, 
qoʻni-qoʻshnilarga – oqibat va chiroyli munosabatni, 
qavm-qarindoshlarga – saxovat-muruvvatni, 
sinfdosh-kasbdoshlarga – chin doʻstlik va yordam berishni, 
atrofdagi barcha odamlarga – insonparvarlik va samimiylikni, 
hayvon-parranda-hasharotlarga – rahm-shafqatni uqtirib, yuqtirib, tushuntirib, singdirishimiz – 

HAM  BURCHIMIZ,  HAM  QARZIMIZ,  HAM  FARZIMIZDIR!!! 

XUDONI OLDIDA ham, BANDASINI OLDIDA ham, YURT-XALQIMIZ OLDIDA ham

 Bularni hammasini bolalarimizga oʻrgatish uchun bizlarga hech qanday maxsus oliy maʼlumot ham, tegishli sertifikat ham, hech kanday qizil diplom ham kerak emas! Yoshlarimizda bu jihatlarini biz uygʻotishimiz (!) kerak xolos. Zero shu sifatlarning hammasi farzandlarimizning qonida bor, ularning xamirturushlarida bor! Zero shu fazilatlarning hammasi bolalarimizning DNK larida mavjud! Chunki bu xususiyatlarning barchasi bizlarning ota-onalarimizdan avloddan-avlodga, qon orqali oʻtib kelayapdi! “Buning qonida bor-da oʻzi!” deb yoki “olma pishsa, tagiga tushadi” deb bejizdan-bejiz aytmaydi dono xalqimiz!

Kimning ona-Vatanni sevish tuygʻusi kuchli va imon-eʼtiqodi mustahkam boʻlsa, oʻzining oʻtmishini hurmatlab, yaxshi bilsa, “ommaviy madaniyat” tuzogʻiga tushib qolmaydi, dinu davlatimizning “xaqiqiy doʻstlari”ning qarmogʻiga ilinmaydi. Buning uchun oilada ota-onalar farzandlari bilan milliy musiqa, xalq qoʻshiq-ashulalarimizni eshitishsa, birgalikda kitob oʻqishsa, oʻqigan asarlarini birgalikda muhokama qilishsa, ularni turli sport seksiyalariga va musiqa toʻgaraklariga jalb etishsa, erishilgan yutuqlari va egallayotgan tajribalariga qiziqishsa, ilm-hunar oʻrganishlarida hamnafas boʻlishsa, yoshlarning yot gʻoyalar uchun vaqti ham, qiziqishi ham boʻlmaydi.

Iloho oʻzlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz Oʻzi buyurgan, Janobi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, oʻtmishda oʻtganlarimizning ruhlari shod boʻladigan, xalqimiz xursand boʻladigan, ota-onalarimiz rozi boʻladigan yoʻllardan yurishimizni nasib etsin!       

Ibrohimjon domla Inomov
Manba:muslim.uz

Check Also

IMONDA ISTISNO QILISH (“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

Kim imonning olti ruknini qalbi bilan tasdiqlab, tili bilan iqror boʻlsa, u haqiqiy moʻmindir. Alloh …