Home / FOTO LAVHALAR / Yangi nashrlarda ulkan maʼnaviy xazina mujassam

Yangi nashrlarda ulkan maʼnaviy xazina mujassam

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Qozogʻiston geosiyosiy tadqiqotlar instituti hamkorligida “Наследник пророка” (Paygʻambar merosxoʻri) nomli kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi. Imom Buxoriy hayotiga oid rus va qozoq tillaridagi bu ilk asarning muallifi islomshunos tadqiqotchi Yernar Chalgimbayev haj va umra ibodatlari haqida koʻplab kitoblar yozgan.

Olim islom fanlari boʻyicha magistrlik darajasiga ega boʻlib, Saudiya Arabistoni, Malayziya, Misr va Qozogʻistonda taʼlim olgan. Instagram ijtimoiy sahifasida 55 000 dan ortiq obunachiga ega blog yuritadi. Unda islom ilmlari haqidagi bilimlari bilan oʻrtoqlashib, odamlarni dinni oʻrganish va arkonlariga amal qilishga undaydi.

Qozogʻiston geosiyosiy tadqiqotlar instituti direktori, professor Asilbek Izbairov, Markaz ilmiy xodimlari, Hadis ilmi maktabi ustoz-murabbiylari ishtirok etgan taqdimotda muallif kitobda Imom Buxoriyning ilmga mehri, sunnatlarning ishonchli homiysi sifatidagi xizmatlari, shuningdek, hadislarning sahihligini asrab-avaylash yoʻlidagi jasorati va fidoyiligi haqida hikoya qilganini taʼkidladi.

– Imom Buxoriy – islom olamining eng mashhur muhaddisi, sunnatlarning ishonchli homiysi va Paygʻambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallam hadislarini yodlab, asl holida saqlab, avlodlarga yetkazgan ulugʻ zot. Shuning uchun uning nomi ham, xazinaga mengzagulik asarlari ham yuksak qadr-qiymatga ega. Alloh uning ulkan mehnatiga barakot ato etib, nomini asrlar osha dunyodagi barcha musulmonlar yodida saylaydigan qildi, – dedi YE.Chalgimbayev.

Kitob Imom Buxoriyning hayratomuz va ibratli hayoti, ilmga soʻngsiz ixlos va ishtiyoqi hamda islom ilmlari rivoji yoʻlidagi beqiyos xizmatlarini batafsil bayon qiladi. Muallif ushbu asar orqali Imom Buxoriy hayotidan oʻrganish mumkin boʻlgan ibratli voqealarni har bir musulmon qalbiga yetkazishni maqsad qilgan.

Imom Buxoriyning serqirra faoliyati, ilm yoʻlida chekkan mashaqqatlari, bashariyatga qoldirgan shonli merosi tarixiy faktlarga asoslangan holda yoritilgan kitob nafaqat muhaddislar sultoni hayotini, balki islom taʼlimotining muhim jihatlarini ham aks ettirib, musulmonlarni sunnatlarga amal qilishga daʼvat etadi.

Taqdimotda soʻzga chiqqanlar Imom Buxoriy boy merosining musulmon dunyosidagi bebaho ahamiyati haqida soʻz yuritib, kitob kelajak avlod uchun ulkan manba boʻlib xizmat qilishi, Paygʻambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallam sunnatlarini oʻrganish va amal qilish istagini yanada oshirishini qayd etdi.

Tadbir davomida mehmonlarga Imom Buxoriyning Markaz tomonidan yaqinda oʻzbek tiliga tarjima qilinib nashrga tayyorlangan “Xalqu afʼolil ibod” va “Kitobuz zuafois sagʻir” asarlari tanishtirildi.

Qatnashchilar tomonidan islom olamining yetuk allomasi qoldirgan boy ilmiy meros “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasiga hamohang tarzda dunyo xalqlarini faqat ezgulik va maʼrifatga chorlashi, nashr etilayotgan kitoblar esa bu merosdan koʻproq bahramand qilishi taʼkidlandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Oʻzbekistondagi islohotlar samarasi Britaniya jamoatchiligiga tadqim etildi

Xabar qilinganidek, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari …