Home / HADIS / OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi)

Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir chaqiriqqa ergashib ketavermay mulohaza bilan ish koʻrishni muhim omillardan deb biladi.

 عَنْ حُذَيْفَةَ، قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم ‏ «‏ لاَ تَكُونُوا إِمَّعَةً تَقُولُونَ إِنْ أَحْسَنَ النَّاسُ أَحْسَنَّا وَإِنْ ظَلَمُوا ظَلَمْنَا وَلَكِنْ وَطِّنُوا أَنْفُسَكُمْ إِنْ أَحْسَنَ النَّاسُ أَنْ تُحْسِنُوا وَإِنْ أَسَاءُوا فَلاَ تَظْلِمُوا ‏»‏.‏

Huzayfadan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasalllam: “Odamlar yaxshilik qilsa, yaxshilik qilamiz va zulm qilsa, zulm qilamiz, deydigan fikru qarori yoʻqlardan boʻlmanglar! Odamlar yaxshilik qilsa, yaxshilik qilishga va yomonlik qilsa, zulm qilmaslikka oʻzingizni tayyorlang!” dedilar” (Termiziy rivoyat qilgan).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu hadisi shariflarida odamlarga nasihat qilib: لاَ تَكُونُوا إِمَّعَةً  Fikru qarori yoʻqlardan boʻlmanglar”, dedilar. إِمَّعَة [immaʼatun] soʻzi fikr, kim qanday gap aytsa ham, “men siz bilan birgaman” deydigan, qatʼiy qarori yoʻq, odamlarga koʻr-koʻrona ergashib ketaveradigan kishini bildiradi. Unday odam barcha ishida ergashgani bilan birga boʻladi. Toʻgʻrimi, notoʻgʻrimi, ergashtiruvchi nima qilsa, shuni qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ana shundaylar toifasidan boʻlmang demoqdalar. Odamlar yaxshilik qilsa, yaxshilik qilamiz, zulm qilsa, zulm qilamiz”, yaʼni sizlar “odamlar bizga va boshqalarga yaxshilik qilsa, ularga mukofot oʻlaroq yoki qilgan yaxshiliklarining oqibati sifatida yaxshilik qilamiz. Odamlar bizga yoki boshqalarga zulm qilsa, biz ham ularga taqlid qilib, zulm qilamiz”, deydiganlardan boʻlmanglar. Buning maʼnosi shuki, ular yaxshilikda ham, adolatsizlikda ham boshqalarga koʻr-koʻrona ergashib, izidan boradi. Boshqalarga koʻr-koʻrona ergashuvchi bemulohaza va fikrsiz boʻlgani bois xatti-harakatlari oʻziga ham, jamiyat uchun ham xavf tugʻdiradi. Chunki bu barcha ishlarda fikrlash va aql yuritish degan omilni yoʻqotishga olib keladi. Shu sababdan Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Oʻzingizni tayyorlang!” dedilar. Yaʼni oʻzingizni yaxshi ish qilishga va vaziyat qanday boʻlishidan qatʼi nazar ezgulikni davom ettirishga qatʼiy qaror bilan tayyorlang. Odamlar yaxshilik qilsa, yaxshilik qilishga va yomonlik qilsa, zulm qilmaslikka (oʻzingizni tayyorlang)!” yaʼni yaxshilikni oʻzingizga vazifa deb biling, odamlar sizlarga yoki boshqaga zulm qilsa, ularga ergashib ketmanglar. Ularga oʻxshab adolatsiz boʻlmanglar. Zulm qilmaslikning oʻzi yaxshilikdir. Mana shu chiroyli xulq boʻlib, nafsni tayyorlash manzilidadir. Shunda nafs koʻnikish hosil qilib, yaxshilikka oʻrganadi.

Hadisi sharifda yomon xulqlarga koʻr-koʻrona ergashish chiroyli xulqni taqiqlashning bir belgisi ekani eslatilgan. Alloh taolo ezgulikni yaxshi koʻradi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham yaxshi koʻradilar. Shuning uchun u zot har qanday holatda ham yaxshilikni vasiyat qilganlarini unutmaylik.

Iymonli kishi sobitqadamlik va qaror qabul qilishda zaif boʻlmas ekan. Toʻgʻri va notoʻgʻrini ajratib, shunga yarasha ish tutishi lozim ekan. Shuningdek, odamlarning qilganiga qarab emas, din koʻrsatmasiga amal qilishi kerak ekan.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

IMONDA ISTISNO QILISH (“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

Kim imonning olti ruknini qalbi bilan tasdiqlab, tili bilan iqror boʻlsa, u haqiqiy moʻmindir. Alloh …