Home / MAQOLALAR / ISLOMDА ERKАK VА АYOL TENGLIGI G‘OYАSINING GNOSEOLOGIK TАLQINI

ISLOMDА ERKАK VА АYOL TENGLIGI G‘OYАSINING GNOSEOLOGIK TАLQINI

Har qanday davlat va jamiyat taraqqiyoti bir qator omillar asosida yuz beradi. Bu jarayonda ayollar, ularning ijtimoiy-siyosiy munosabatlardagi ishtiroki, huquq va erkinliklari amalda ta’minlangani masalasi – davlat rivoji va demokratiyaning muhim indeksi sanaladi. Zotan, ayol va uning jamiyat hayotidagi o‘rni hamisha muhim mezon bo‘lib kelgan.

Har qanday ijtimoiy tuzilma asosida ayollarning reproduktiv imkoniyati bilan birga, yangi avlodning shakllanishi va rivojlanishida ham ularning o‘rni beqiyos. Jamiyatda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyat kafolatini ta’minlashning asosiy prinsiplari mavjud bo‘lib, ular qonuniylik, demokratizm, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi, jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi, ochiqlik va shaffoflikdir. Fanda “Feminizm” tushunchasi ham aynan shu ma’noda ishlatiladi. Ya’ni “Feminizm bu jinslar oʻrtasida siyosiy, iqtisodiy, shaxsiy va ijtimoiy tenglikni tashkil etishga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy harakat va mafkuralar tizimidir. Feminizm jamiyatda erkaklar nuqtayi nazarining ustun koʻrilishi, ayollarga esa adolatsiz munosabatda boʻlishi gʻoyasini oʻz ichiga oladi. Ushbu holatni oʻzgartirish uchun feminizm gender stereotiplariga qarshi kurashish, ayollarga xuddi erkaklar uchun mavjud boʻlgan taʼlim va mehnat imkoniyatlarini yaratishga harakat qiladi. Feministik harakatlar xotin-qizlar huquqlari, shu jumladan ovoz berish, davlat lavozimlarini egallash, mehnat qilish, adolatli ish haqi olish va maoshdagi gender tafovutini bartaraf etish, mulkka egalik qilish, taʼlim olish, nikohda teng huquqqa ega boʻlish va onalik taʼtiliga ega boʻlish uchun harakat qiladi” [10].

Bugungi globallashuv jarayonida yangi avlodning har qanday sharoitga nisbatan faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish masalasida xotin-qizlarning o‘rni va roli har qachongidan-da muhim. Shu bois islohotlarning asosiy mazmuni ham xotin-qizlarning yangi g‘oya va tashabbuslar bilan chiqishini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sa’y-harakat, o‘zgarish va ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda ularning faol ishtirok etishini ta’minlashdan iborat. Zero, inson qadrini ulug‘lash, avvalo, ayolga hurmat va ehtirom, mo‘tabar onalarimizni e’zozlash, munis opa-singillarimizni qadrlash orqali ro‘yobga chiqadi.

Muqaddas dinimiz Islomda erkak va ayollarga tenglik bilan muomala qilingan. Haq-huquq borasida biri boshqasidan ustun qo‘yilmagan. Shuningdek, islom shariati umumiy shaklda aniq maqsadga erishishni ko‘zlagan bo‘lib, u “himoya” deb ataladi. Himoya esa turli jabha va shakllarda namoyon bo‘ladi. Xususan, ayollarning sha’ni, ularga taalluqli barcha narsa islom dini asosida himoya qilinadi. Shu sababdan ham Qur’oni karim va sunnati nabaviyada ayollarga oid haq-huquqlar, nozik va daqiq ta’riflar alohida e’tibor bilan keltiriladi, adolat, latofat va mehr bilan bayon qilinadi.

Islomdan oldin ayol kishi nafaqat huquqlari poymol qilinishiga, balki insonlik darajasidan mahrum qilinishiga mahkum qilingan edi. “Islom dinining ayollarning jamiyatdagi oʻrniga taʼsirini baholash uchun undan oldingi Arabistondagi xotin-qizlar oʻrnini koʻrib chiqish kerak. Oʻsha paytdagi ayollarning holati koʻp narsalarni orzu qilishdan iborat edi” [4]. Masalan, islom dastlab paydo bo’lgan yurt va zamonda qiz bola tug‘ilgan oila motam tutar va keyinchalik or-nomus va iqtisodiy qiyinchilikka sabab bo‘lmasin deb qiz tiriklayin ko‘mib yuborilar edi. Qur’oni karim bu odatlarni qattiq qoraladi va man qildi. Musulmon oilalarda qiz tug‘ilsa o‘g‘il tug‘ilgandan ko‘ra ko‘proq xursand bo‘lish lozim ekani ta’kidlandi. Qizni yaxshi tarbiya qilganga o‘g‘il bolani voyaga yetkazganiga qaraganda ko‘p va’dalar berildi. Dinimizda ko‘rsatilishicha, go‘zal xulq egasi qilib tarbiyalangan qiz uchun otaga ikki dunyo saodati beriladi. Islomda qizlarning tarbiyasi, ta’limi, madaniyati va o‘sib voyaga yetishi uchun zarur bo‘lgan har bir narsa otaning zimmasidagi farzdir. Ota bu farzdan faqat qiz turmushga chiqqandan keyingina ozod bo‘ladi. Chunki endi bu farz erning zimmasiga o‘tadi. Otasi yoki eri yo‘q bo‘lgan ayolning nafaqasi akasi yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa shaxslarga majburiyat sifatida o‘tadi. Umuman, islom dinida ayol kishi nafaqasiz qolishi mumkin emas. Qizning nafaqasi otaga, xotinniki erga, singilniki aka-ukaga, onaniki o‘g‘ilga qilishi kerak bo‘lgan burch sanaladi. Islom ayol kishiga ta’lim olish va madaniy saviyasini oshirish huquqini berdi va erkaklarni bu ishga mas’ul qildi. Ilm talabi er-ayolga barobar farzligi, qizlari va singillariga barobar ta’lim bergan kishi ikki dunyo saodatiga erishishga haqli ekanini yaxshi bilamiz.

Ayol kishi faqat ta’lim olish, dars eshitishga haqli emas, balki ta’lim berish, ilm qilish va dars o‘tish huquqiga ham egadir. Muslima ayollarning ilm-fan va madaniyat sohasida ulkan yutuqlarga erishgani hammaga ma’lum. Musulmon ayolining jamiyat, siyosat va shariat maydonida ham keragicha ulushi bo‘lgan. Baʼzi tadqiqotchilar Islomda ayollar XX asrgacha boʻlgan baʼzi Gʻarb mamlakatlariga qaraganda koʻproq huquqlarga ega ekanini taʼkidlaydi. Masalan, fransuz qonunchiligiga muvofiq ayollarning huquq layoqatini cheklash faqat 1965-yilda bekor qilingan [2:167-169].

Islom ayollarni hurmat-ehtiromini o‘rniga qo‘yib, ayollik latofatini saqlab qolishi, shuningdek, o‘z vazifasini to‘liq ado etish orqali jamiyati, vatani va diniga kerak bo‘lgan xizmatni ado etishi uchun barcha sharoitni yaratib bergan. Islom erkaklarga mos bo‘lgan og‘ir ishlarni ayollarga farz qilmagan. Lekin ayollarga xos ba’zi ishlarni erkaklarga xos ishlar bilan tenglashtirib, ularning erkaklar bilan bir xil ajr olishini joriy qilgan. Masalan, ayollarning farzand dunyoga keltirishda ko‘rgan qiynog‘i erkaklarning dushmanga qarshi kurashdagi jasoratiga tenglashtirilgan. Bu qoida o‘z haq-huquqini talab qilib chiqqan musulmon ayollar sharofati bilan Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) tomonlaridan bayon qilingan. Ya’ni ayol erning roziligi bilan ish tutishi yuqori darajada ajr olishiga teng keladi. Islomiy nuqtayi nazarga ko‘ra, farzand tarbiyasi va oila mustahkamligi ayollarning ko‘chaga chiqib, o‘ziga mos bo‘lmagan ishlarni bajargan holda pul topishidan afzaldir.

Uilyam Montgomeri fikriga ko‘ra, Muhammad (s.a.v.) oʻz davrining tarixiy kontekstida ayollar huquqlarini himoya qilgan va asosiy huquqiy kafolatlarni taʼminlash orqali ularning mavqeini sezilarli darajada yaxshilagan shaxsdir [3]. Jon Espositoning qayd etishicha esa, Muhammad (s.a.v.) ayollarga ularning jamiyatdagi mavqeini oshirishga yordam beradigan huquqlar: oilaviy hayot, nikoh, taʼlim va iqtisodiy aloqalar sohasida huquq va imtiyozlar bergan [3]. Ammo shunga qaramay, ayollarning Islomdagi oʻrni umuman Qur’on gʻoyalariga emas, balki hukmron patriarxal madaniyat meʼyorlariga toʻgʻri kelardi.

Shariatga ko‘ra, muslima ayol o‘zining mustaqil daromad manbaiga ega bo‘lishi va mablag‘ini o‘z ixtiyoricha sarflash huquqiga ega. O‘n to‘rt asr o‘tgachgina Yevropa ayoli o‘zi uchun bunday huquqqa erisha oldi. Angliyada XIX asr oxirigacha ham er o‘z xotinining shaxsiy mulki va mol-dunyosidan keladigan barcha daromadlarini istaganicha tasarruf qilgan.

Muslima ayol barcha ijtimoiy, siyosiy sohalarda va davlat siyosatining barcha darajalarida to‘liq ovoz berish huquqiga ega. AQSHda ayollar o‘zining saylov huquqiga faqatgina 1920-yilda erishganini eslash kifoya. Ular bu huquqni olmagan, balki bunga manifestatsiya va ish tashlashlar yo‘li bilan erishgan. Islomda ayol kishi ajrashish huquqiga ega va erining zulmiga bardosh berishga majbur emas. Har qanday moddiy yoki ma’naviy zarar ayol kishiga mahkama orqali beriladigan ajrashish uchun yetarli asos hisoblanadi.

Shuni qayd etish lozimki, ajrashish musulmon kishi uchun katta moddiy xarajatlarni keltirib chiqaradi. Er farzandlarini to‘liq ta’minlashi, sobiq xotiniga ularning tarbiyasi uchun va ma’lum muddatgacha boqishi uchun pul to‘lashi, uy ijarasi haqqini to‘lashi shart. Er nikohning saqlanib qolishidan moddiy va ma’naviy jihatdan manfaatdor. Islom dunyosi mustahkam oila zanjiri bilan dong taratgani bejiz emas.

Islom dinida qizni o‘zining roziligisiz erga berish man qilingan. Qizning roziligisiz tuzilgan nikoh shariatga ko‘ra, noqonuniy hisoblanadi va u bekor qilinadi. Qiyoslash uchun aytishimiz mumkinki, Rossiyada 1861-yilgacha krepostnoy dehqonlarning qizlari pomeshchiklar buyrug‘i bilan erga berilgan. Shuningdek, ularga inson bilan emas, mol bilan qilinadigan muomalada bo‘lishgan.

Muslima ayol mehnat qilish huquqiga ega. Shuni ta’kidlash lozimki, ayol mehnat qilish huquqiga ega, biroq ishlashga majbur emas. Chunki Islomga muvofiq, faqat er xotinini va farzandlarini barcha zarur narsalar: uy-joy, oziq-ovqat, kiyim-bosh bilan ta’minlashi shart.

Eng qiziqarli jihati shundaki, musulmon olimlar fikriga ko‘ra, ayol kishi hatto kir yuvish, tozalash, ovqat pishirish bo‘ladimi – umuman uy ishlarini qilishga ham majbur emas. Bu agar o‘zi rozi bo‘lsa, xotinning ixtiyoriy xizmati bo‘ladi. Rozi bo‘lmasa, er xizmatchi ayol yollashi lozim bo‘ladi. Aytgancha, bu Dog‘iston aholisi tutgan mazhab bo‘lmish Shofe’iy mazhabining ham fikridir.

Ayollarni yuksaklarga ko’targan va sharaf tojini kiydirgan Islom dinida oila masalasiga ham jiddiy e’tibor beriladi. Naslni saqlash, nafsni tiyish, jamiyatni turli axloqiy buzuqlik va fahshdan asrash, tinch va farovon hayotni ta’minlash uchun kurashadi. Islomiy tarbiya er-xotin va farzandlar o’rtasida chinakam muhabbat va mehr-oqibat rishtalarini bog’lash asosiga qurilgan. Payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v.): “Uylaninglar va ko’payinglar. Chunki haqiqatdan men boshqa payg’ambarlar oldida ummatimning ko’pligi bilan faxrlanaman” [5], deganlar. Boshqa bir hadisda Rasuli akram (s.a.v.) shunday buyuradilar: “Kimki uylanishi uchun sharoiti bo’laturib uylanmasa, u bizdan emasdir” [7].

Madaniyat haqida qoloq tushunchaga ega bo’lganlar dunyoning rohati-yu, nafs istaklarini ma’bud darajasiga ko‘targan. Bunday odamlar bir tarafdan huzur-halovatini buzmaslik, boshqa tomondan esa boylik orttirish xayolida oila qurishni ortiqcha ish deb biladi. Bunday kishilar koshonalarda yashaydi. Xalq oldida biologik ochlik haqida gapiradi, odamlar ko‘payishining oldini olish yo’llarini talqin qilib, oilaga qarshi chiqadi. Holbuki, bu Shaytoni lain tavsiyasidir. Dunyo nufuzi har qancha ortmasin, ozuqa javhari tuganmasdir. Yaratgan Alloh rizq berishga ham qodir. Quruqlikdagi butun ozuqa tugagan taqdirda ham, dengizlardagi ozuqa insoniyatni boqishga yetarli.

Bugungi kunda Yevropa mamlakatlari aholining ko’p qismi keksayib qolgani va yoshlar sonining ozligidan xavotirga tushmoqda. Hozirgi kunda AQSHda har soniyada bir jinoyat sodir etilmoqda. Har olti soniyada bir ayolga tajovuz qilinadi. Fransiyada ham odamlar eng ko’p xavfsiraydigan hodisa – bu tajovuzdir.

Islom oila masalasiga jiddiy e’tibor bilan qarar ekan, begona erkak va ayolning bir-biri bilan iloji boricha yuzlashmaslikni talab qiladi. Zero, musulmon kishi nasli va nafsini asrash bilan dunyo lazzati va huzur-halovatiga erishadi.

Yangi oila qurgan yoshlarimiz o’z oilasi mustahkamligi va barqarorligi uchun kurashmog‘i zarur. Solih yigitimizga bir soliha qizni izlar ekanmiz, uning go’zalligi, mol-mulki, martabasini emas, balki taqvosi, axloqi va tarbiya topgan oilasini hisobga olishimiz lozim. Kuyov tanlashda ham xuddi shu xususiyatlarga e’tibor berish zarur. Bir onlik go’zallik va martabaga uchish halovatni buzadi, oxir-oqibat oila inqirozga yuz tutadi.

Muhtaram Payg’ambarimiz (s.a.v.): “Hadrai dimandan uzoq turing”, deb buyurganlarida, sahobalar “hadrai diman” ma’nosini so’raydilar. U kishi: “Zalolatda o‘sgan go‘zal ayol”, deb javob beradilar. Yaxshi va islomiy tarbiya olmagan moddiy go‘zallikka zil ketadi. Bizdan biror yigit yoki qizning axloqi so’ralsa, u haqdagi haqiqatni aytish burchimizdir. Zero, to’g’ri so’zlamaslik, haqiqatni yashirish hollari ham uchrab turishi tabiiy. Go‘yo bu bilan biz yaxshilik qilmoqchi bo’lamiz. Holbuki, bu yolg‘onchilik hayot bilan o‘ynashishdir. To‘g‘ri, kishi bilganni yashirmaydi. Payg’ambarimiz (s.a.v.) “Soliha bir ayolga uylangan kishi diniy vazifasining yarmini bajargan hisoblanadi, endi dinning yarmini ham bajarsin” [6], deb buyuradilar.

Erkakning ayoli oldidagi vazifalari yedirish, kiydirish, salomatligini saqlash, boshpana bilan ta’minlash, kelishib ziyorat va xorijga chiqish, nomusini himoya qilish va ayolini begona ko’zdan asrashdan iboratdir. Ayolning o’z eri (turmush o‘rtog‘i) oldidagi burchi esa Islomdan chiqmaslik sharti bilan itoatli bo’lish, hatto, ibodat qilishida ham ruxsat so‘rash, unga tashakkur bildirish, begonalar bilan gaplashmaslik, bolalarni tarbiya qilish va erining mol-mulkini qo’riqlashdan iboratdir.

Darhaqiqat, ayolning qiz, rafiqa va ona sifatida umr kechirishi va umri davomida ehtiromi va himoyasini ko‘zda tutgan oyat va hadislarni e’tiboringizga havola etamiz.

Islomda ayolning haqlari quyidagicha ado etilishi lozim:

  1. Ayollarga yaxshi muomalada bo’lish, ularga nisbatan xushmuomala, shirin so’z, muloyim munosabatda bo’lish, nohaqlik va qo’pollik qilmaslik lozim. Bu xususda Payg’ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar: “Mo’minlarning eng to’la ishonchlisi xushxulqlisidir. Sizlarning yaxshilaringiz ayollarga, zavjalariga yaxshi muomalada bo’lganlaringizdir” [9].
  2. Ayollarni urmaslik. Qur’oni karimning: “Xotinlaringizning itoatsizligidan qo’rqsangiz, avvalo, ularga pand-nasihat qilinglar, so‘ng (ya’ni nasihatlaring kor qilmasa,) ularni yotoqlarida tark qilinglar, so‘ngra (bu ham kor qilmasa,) ularni (majruh bo‘lmaydigan darajada) uringiz. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqa) yo‘l axtarmangizlar. Albatta, Alloh juda oliy va ulug’ zotdir” (“Niso” surasi, 34-oyat) [1:72] oyatida aytilganidek, itoatsiz ayolni tarbiya va so‘nggi chora sifatida qattiq og‘ritmasdan urishga izn berilgan. Lekin Muhammad (s.a.v.) o‘zlari ayollarini urmaganlar va xotin kishini urganlarga ham qarshi turganlar. “Ne bo’ldi erkaklarga, xotinlarini qul kabi uradilar, holbuki, ayni kun so’ngi(tun)da latiflashadilar”, degan hadis ham so’zimizning isbotidir.

Shuningdek, ayollarga ham erlariga ozor bermaslik amr etilgan. Muoz ibn Jabal (r.a.) dan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (s.a.v.) shunday marhamat qiladilar: “Qaysi bir ayol (mo’min) eriga ozor berganda, u kishining hur jufti (bu ayolga): “Alloh sening joningni olsin, u kishiga ozor, aziyat berma. Chunki shubhasiz, u sening yoningda mehmon – musofirdir, sendan ayrilib, tezda yonimizga keladi”, deydi”.

  1. Islomda ayol va bolalarni o’ldirish man etilgan. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: (Ey insonlar), bolalaringizni qashshoqlikdan qo‘rqib o‘ldirmangiz, ularga ham, sizlarga ham Biz rizq berurmiz. Ularni o‘ldirish, shubhasiz, katta xatodir” (“Al-Isro”, 31-oyat) [1:249]. “O‘z bolalarini ilmsizlik qilib, johilona o‘ldirgan va Allohga tuhmat qilib, ular uchun Alloh rizq qilib bergan (hayvonlar)ni haromga chiqarganlar, albatta, (o‘zlariga) ziyon qildilar. (Ular) haqiqatdan adashdilar va to‘g‘ri yo‘lga yuruvchi bo‘lmadilar” (“An’om”, 140-oyat) [1:120].

Islom huquqida, hatto, urush vaqtida ayol va bolalarni o’ldirish taqiqlangan. Hazrat Payg’ambar (s.a.v.): “Kimki ikkita qizni voyaga yetguncha boqsa, jannatga men bilan birga kiradi”, deb o‘rta va ishora barmoqlarini yonma-yon qilib ko’rsatdilar” [8].

  1. Ayollarning ilm olishi. Ayol va erkak musulmonlarga ilm o’rganish farzdir. Qur’oni karimda faqatgina ayollarning o‘ziga xos, fitratiga muvofiq kelgan va Alloh taoloning xitoblaridan tashqari (masalan, avratini to’sish, bola emizish, idda muddati, taloq to‘g‘risida va hokazo) qolgan barcha oyatlar Yaratuvchining bashariyatga, erkag-u ayolga qilgan buyruqlaridir. Ilm haqidagi chaqiriqlar ham shular jumlasidandir. Islomda imondan keyingi farzlardan biri ilm olishdir (“farz” bajarilishi shart degan ma’noni ham anglatadi). Zero, Jabroil (a.s.)ning Payg’ambarimiz (s.a.v.)ga yetkazgan birinchi kalomi ham “O‘qi!” bo’lgan. Alloh taolo bandasini tafakkur qilib, borliqqa qarab, tahlil bilan O‘zini tanishini xohlaydi. Ko‘r-ko‘rona, taqlidiy imon keltirishni xush ko‘rmaydi. Payg’ambarimiz (s.a.v.) “Ilmni Chinda bo‘lsa ham borib, o‘rganinglar”, deganlar. Vaholanki, o’sha paytda Chin (Xitoy) butlar va butparastlar o‘lkasi bo‘lgan. Lekin ular bunday deyishga qo‘rqmadilar. Chunki borliqda Allohning qudratini namoyon etib turuvchi son-sanoqsiz dalillarni tafakkur qilgan inson Uning vahdoniyatiga imon keltirgach, Rabbiga shirk keltirmaydi, aksincha, Haq talabida bo’ladi. Hozirda musulmonlar orasida ilm deganda, faqat diniy ilmlar tushuniladi. Bu xato tushunchadir. Islomda diniy, dunyoviy, degan gaplar bo‘lmagan. Ilm sohalarga bo’lingan, xolos: fiqh, hadis, faroiz, tib, handasa, tarix, falakiyot ilmlari va hokazo. Musulmonlar Qur’on va sunnatga amal qilgan vaqtlarida ularning orasida ilmning barcha sohalarida dunyoga tanilgan allomalar yetishib chiqqan. Bunga vatandoshlarimiz Al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Zamaxshariy va boshqa ko’plab olimlar nomini misol keltirish mumkin.
  2. Ayollarning haqlari. Hazrat Payg’ambar (s.a.v.) aytganlar: “Ayollarning erkaklar zimmasidagi haqqi yaxshi taom va kiyim berishlaridir”.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Rabbingiz Uning O‘zigagina ibodat qilishlaringizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey, inson) agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “Uf…” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt!” (Isro surasi, 23-oyat) [1:248]. Qur’on karimda marhamat qilingani kabi hazrati Payg’ambarimiz (s.a.v.): “Eng ko’p kimga yaxshilik ko’rsatish kerak?, deb so’ragan bir sahobiyga “Onangga”, deya uch bor takrorlaganlaridan so’ng, “Otangga”, dedilar.

Islomda ona yoki ayol haqqiga e’tibor shu qadarki, ona mushrik bo’lsa-da, bu haqqini yo’qotmagan bo’ladi. Faqat ota-ona farzandiga yo er xotiniga Islomdan tashqari, ya’ni Islomga zid amr va talqinda bo’lsa, u holda ularga itoat qilinmaydi. Allohga isyon qiluvchilarga itoat qilinmaydi. Bu hadisda ochiq aytilgan: “Allohga isyon etgan kimsaga itoat etish yo’qdir”.

Ushbu qisqa tahlil natijasida islomda ayollar huquqlarining himoya qilingani ayon bo‘ldi. Har bir inson bu huquqlar haqida ma’lumotga ega bo‘lishi lozim. O‘zini musulmon deb hisoblovchi, lekin ayol kishiga yomon munosabatda bo‘luvchi kishi Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning quyidagi so‘zlarini yodga olsin: “Ayol kishini faqat yaxshi xulq egasigina hurmat qiladi va faqat pastkash odamgina tahqirlaydi!”.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Alouddin Mansur. Qurʼoni karimning o‘zbekcha izohli tarjimasi. – T.: Choʻlpon, 1992.
  2. Badr, Gamal M. (Winter, 1984). Islamic Criminal Justice // The American Journal of Comparative Law 32 (1).
  3. Жeнщины и ислaм. Oксфoрд. Oxford Islamic Studies Online. Qaraldi: 22-may 2014-yil.
  4. Пaнoвa В. Ф., Вaхтин Б. Б. Прoрoк Мухaммeд. ISBN 5-222-00145-8.
  5. ahlisunna.uz https://ahlisunna.uz/nikoh-haqida-qirq-hadis/ (Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilgan)
  6. Ahlisunna.uz https://ahlisunna.uz/nikoh-haqida-qirq-hadis/ (Bayhaqiy rivoyat qilgan)
  7. Ahlisunna.uz https://ahlisunna.uz/nikoh-haqida-qirq-hadis/ (Tobaroniy rivoyat qilgan)
  8. https://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1874.270 (Anas (r.a.) rivoyati)
  9. https://sammuslim.uz/oz/ (Imom Termiziy rivoyat qilgan)
Pulotjon QАXOROV,
SamDU Urgut filiаli o‘qituvchisi, PhD

Check Also

MAʼRIFATLI AYOLNING TAʼSIRI ASRLARGA TATIYDI!

Hayotda insonning begʻaraz yordamchilari juda koʻp boʻladi. Masalan, jazirama issiqda daraxtning soyasi yo zilol chashmaning …