Home / MAQOLALAR / JAMIYATNING MA’NAVIY YANGILANISHIDA AN’ANAVIYLIK VA ZAMONAVIYLIK UYG‘UNLIGI

JAMIYATNING MA’NAVIY YANGILANISHIDA AN’ANAVIYLIK VA ZAMONAVIYLIK UYG‘UNLIGI

Jamiyat ma’naviy hayoti murakkab, rang-barang omillar ta’sirida shakllanadi va bu jarayon uzluksiz rivojlanib boradi. Taraqqiyotning dinamik xususiyati aslida ma’naviy hayotning  o‘zgarish va yangilanishlari ta’sirida aks etadi. Shuning uchun jamiyat ma’naviy hayoti, undagi o‘zgarish va yangilanishlarni ma’lum me’yor, o‘lchov va ko‘rsatgichlarga solish har doim muayyan qiyinchilik tug‘dirgan. Ayniqsa, diniy merosning jamiyat ma’naviy hayotiga ta’siri va undagi o‘zgarishlarni aniqlash oson bo‘lmagan. Jamiyatning ma’naviy yangilanishi jarayonida diniy meros hamda milliy o‘zlikni anglashda an’anaviylik va zamonaviylik uyg‘unligini e’tiborga olish muhim ahamiyatga egadir.

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda dunyoviy davlat tamoyiliga amal qilish boshlandi. Dunyoviy davlatda dinga va diniy merosga munosabat ham o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘ladi. Jumladan, bunda quyidagilar e’tiborga olinadi: 1) Dinning davlatdan ajratilishi uning faoliyat sohalari cheklanishini bildirmaydi; 2) Dunyoviy davlat dindorlarning huquq va manfaatlari, erkinligi, ishonch va e’tiqodiga xalal bermaydi; 3) O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat bo‘lib, hech qaysi dinga majburlanmaydi; 4) Diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan va qonun oldida teng hisoblanadi [6:492]. Bunday qoida din va diniy merosga nisbatan yangicha yondashuv sifatida an’anaviylik va zamonaviylik uyg‘unligini ta’minlashga sharoit yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi” [4:8] – deb belgilab qo‘yilgan.

Mustaqillik diniy meros va qadriyatlarni qayta tiklash, an’anaviylik va zamonaviylik uyg‘unligini ta’minlash, ulardan jamiyatni ma’naviy yangilash jarayonlarida foydalanish imkonini berdi. Ayniqsa, islomiy meros va qadriyatlardan keng foydalanish  muhim ahamiyat kasb etmoqda. Islomiy merosni anglash va qayta tiklashda Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy”, Imom Termiziyning “Sahihi Termiziy”, “Shamoili Muhammadiya”, Abu Lays Samarqandiyning “Bo‘stonul orifin”, Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”, Abul Muhsin Muhammad Boqir ibn Muhammad Alining “Bahouddin Balogardan”, Abu Homid G‘azzoliyning “Qalblar kashfiyoti”, “Tafakkur”, “Kimyoi saodat”, Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya”, Amir Temurning “Temur tuzuklari”, Burhoniddin Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy”, Ahmad Yassaviyning “Hikmatlar”, Muhammad ibn Abubakrning “Hadisi Usfuriy”, Sayfur Zafar Navbahoriyning “Durrul majolis”, Muhammad Zakariyoning “Fazoilul a’mol”, Xo‘janazar Huvaydoning “Rohati dil”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Farididdin Attorning “Ilohiynoma”, Nizomulmulkning “Siyosatnoma”, Xoja Samandar Termiziyning “Dasturul muluk”, Roziiddin ibn Faruddinning “Nasiyhat” kabi asarlarining o‘rni beqiyosdir. Shuningdek, mustaqillik yillarida ulug‘ ajdodlarimiz haqida chop etilgan Najmiddin Komilovning “Kubro”, Hamidxon Islomiyning “Ipor hid ila tug‘ilgan orif”, Sadriddin Salim Buxoriyning “Tabarruk ziyoratgohlar”, Botir Valixo‘jayevning “Xoja Ahror tarixi”, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Islom tarixi”, Ubaydulla Uvatovning “Buyuk yurt allomalari” kabi asarlari diniy meros va qadriyatlar asosida milliy o‘zligimizni anglashda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib beradigan, odamlarni ezgulik, mehr-oqibat va hamjihatlik yo‘lida birlashishga da’vat etadigan g‘oyalar bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas.

Mustaqillikning ilk yillaridan boshlab diniy meros va milliy o‘zlikni anglashda an’anaviy negizni zamon bilan bog‘lagan holda yangilashga katta e’tibor berildi. Ajdodlarimiz diniy merosi va qadriyatlariga ham, milliy o‘zlikni anglash negizi rivojiga ham sharoit yaratildi. Dinni buzib talqin qilishga qarshi ishlar amalga oshirildi. Ma’rifiy islom, milliy o‘zlikni anglash va diniy bag‘rikenglik rivoji uchun keng imkoniyat yaratildi. Jumladan, Islom konferensiyasining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro islom tashkiloti (ISESCO) tomonidan Toshkent shahri 2007-yilda “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilindi. 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.

Mustaqillik tufayli Ramazon va Qurbon hayiti Respublika Prezidenti Farmoniga binoan bayram deb e’lon qilindi va bu kunlar dam olish kuni deb belgilandi. Bu esa, jamiyat ma’naviy yangilanishi, an’anaviy diniy merosimizga hurmat, an’anaviylik va zamonaviylik uyg‘unligini ta’minlashning amaldagi natijasidir.

Jamiyatning ma’naviy yangilanishi sharoitida dinning tarbiyaviy ahamiyatini to‘g‘ri tushunib yetishga ahamiyat berilmoqda. Din ahlining mustaqillik sharoitida odamlarni hamjihatlik, birodarlik, samimiyat va poklikka undashi jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu haqda Prezidentimiz qayd etganidek, “imom-xatiblar keng jamoatchilik orasida mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va xotirjamlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, bunday barqaror va osoyishta muhit osmondan tushmayotganini targ‘ib etish, ota-bobolarimiz ming yillardan buyon pok saqlab kelayotgan islom dini har qanday zo‘ravonlikka, buzg‘unchilikka, begunoh insonlarning qonini to‘kishga mutlaqo qarshi ekanini oyat va hadislar asosida, jonli misollar yordamida ta’sirchan yetkazib berishlari zarur” [1:485]. Shuni ham e’tiborga olish lozimki, dinning ijtimoiy hodisa sifatida odamlar totuvligi, tinchligi va odobi uchun olib borayotgan ilg‘or faoliyatini qo‘llab-quvvatlagan holda odamlarning dunyoviy tasavvurlari haqqoniyatini ham unutib qo‘ymasligimiz lozim.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, “Mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridan boshlab vijdon erkinligini ta’minlash masalasiga ustuvor ahamiyat berildi. Jumladan, muqaddas dinimiz, milliy qadriyatlarimiz, buyuk aziz-avliyolarimizning xotirasi, merosini tiklash, qadamjolarini obod qilish bo‘yicha juda ko‘p ish qilindi va qilinmoqda” [1:466]. Jumladan, 2021-yilda yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi, Alpomishning 1000 yilligi, Avestoning 2700 yilligi, Imom Buxoriyning 1225 yilligi, Imom Termiziyning 1200 yilligi, Imom Motrudiyning 1130 yilligi, Burhoniddin Marg‘inoniyning 910 yilligi nishonlandi, qadamjolari obod qilindi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, viloyatlarda hadis, kalom ilmi, fiqh, aqoid, tasavvuf maktablarining tashkil etilishi ham boy ilmiy-tarixiy-diniy merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, yuzlab masjidlar, madrasalar qaytadan ta’mirlanib, yangilari an’anaviy va zamonaviy me’morchilik an’analari asosida qurilmoqda. Ular xalqimiz o‘rtasida diniy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini amalga oshirish va islom ma’rifatini keng yoyishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Bunda an’anaviylik va zamonaviylik uyg‘unligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qur’oni karimning “Al-Isro” surasi 23-oyatida musulmonlarga yolg‘iz Allohga itoat qilishdan keyin ota-onaga yaxshilik qilish, ular huzurida ta’zimda turish, aytganlarini chin dildan bajarish buyuriladi. “Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishlaringizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey, inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf”!  dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt!” [5:284]. Inson kamoloti, ezgu ishlariga da’vat etuvchi g‘oyalar hadislarda ham o‘z ifodasini topgan. Imom Termiziy asarida: “Odamlarga ezgulik qiluvchilar – Allohning eng yaqin do‘stlaridir. Qo‘shnilariga yaxshilik qiluvchilar – Allohning nazarida eng yaxshi qo‘shnilardir” [2:79], deb keltirilgan. Unda ezgulik va yaxshilik musulmon axloqi sifatida umuminsoniy qadriyatlar asosini tashkil etishiga e’tibor qaratiladi. Ushbu hadislarda islom dinining ezgulikka da’vat etuvchi an’anaviy g‘oyalari o‘z ifodasini topgan bo‘lib, u bugungi kunda jamiyatda barqarorlikni ta’minlashda an’anaviylik va zamonaviylikning uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Xalqimiz ma’naviy hayotida dinning o‘rni, milliylik va diniylik munosabati masalasida bahsli fikrlar mavjud edi. Jamiyatning ma’naviy yangilanishi sharoitida diniylik va dunyoviylikni uyg‘un holda o‘rganish kerak. Ma’naviyat asosiy tushunchalar izohli lug‘atida “Dunyoviylik – insonning ma’naviy mezonlarni dunyoga nisbatan o‘lchab yashashini anglatadigan tushuncha” [3:145], deb ta’rif berilgan. Hadisdagi “Sizlarning yaxshilaringiz dunyoni deb oxiratni, oxiratni deb dunyoni unutmaganlaringiz” degan hikmatning mohiyatini anglash, uni hayotga tatbiq etish, dunyo va oxirat ishini uyg‘unlashtirish, dunyo oxirat ekinzori, oxirat uchun amaliyot manbai ekanini tushunish – bu mo‘tadil yo‘ldir. Dahriylik – “xudosizlik” xudoni inkor etish ma’nosini anglatib, dahriylikni (ateizm) mutlaqlashtirilishi (sho‘rolar hukmronligi davrida) davlat va jamiyat taraqqiyotida ma’naviy yo‘qotish, din va diniy merosni inkor qilishga olib kelgan. Zamonaviy demokratik jamiyatlarda, jumladan, O‘zbekistonda mustaqillik tufayli fuqarolar uchun haqiqiy vijdon erkinligi huquqi, ya’ni har qanday dinni erkin tanlab olish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik konstitutsiyaviy asosda kafolatlangan. “Dunyoviylik – dahriylik emas” degan tamoyilga amal qilinmoqda. Ulug‘ ajdodlarimiz azaldan dunyo va oxiratni o‘zaro mushtarak holda tasavvur etgan. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, hazrat Bahouddin Naqshbandning “Dil ba Yoru dast ba kor” (Diling Allohda, qo’ling mehnatda bo’lsin) shiorida ham dunyo va oxirat ishini birga olib borish lozim ekani ta’kidlanadi. Dahriylik – bu Xudoning borligiga shak keltirish, ishonmaslikdir. Dunyoviylik esa Allohga imon keltirgan holda, uni qalbda saqlab, yaratgan in’om etgan aql-zakovat, bilim va tajribani ishga solish, el-yurtni obod qilishga munosib hissa qo‘shish va boshqa jihatlarni o‘z ichiga oladi. Bunda an’anaviylik va zamonaviylik uyg‘unligi muhim rol o‘ynaydi.

Yuqoridagi fikrlar shundan dalolat beradiki, birinchidan, o‘zbek xalqi tarixida, uning o‘zligini anglashda islom omili, urf-odat va marosimlari muhim bo‘lib, sekin-asta xalq turmush tarzidan mustahkam o‘rin egallab, urf-odat va marosimlari an’analariga singib borgan. Ikkinchidan, O‘zbekiston mustaqilligi va jamiyat ma’naviy yangilanishi tufayli bugungi kunda islom bilan bog‘liq madaniy merosimizning tiklanishi va buyuk siymolarga mansub qadriyatlarimizning ro‘yobga chiqishi o‘zbek xalqi milliy o‘zligini yanada teranroq anglashiga ko‘maklashadi. Bunda an’anaviylik va zamonaviylik uyg‘unligining namoyon bo‘layotganini ko‘ramiz.

Yuqoridagi barcha fikrlarni tahlil qilish asosida quyidagi xulosalarni berish mumkin:

  1. Mustaqillik tufayli jamiyatning ma’naviy yangilanishida diniy meros va milliy o‘zlikni anglashda an’anaviylik va zamonaviylik uyg‘unligining ijobiy yechimga ega bo‘lishi, muayyan me’yor tamoyillarini taqozo etadi;
  2. Demokratik tamoyillarga tayangan holda diniy meros va milliy o‘zlikni anglash negizlarini uyg‘un holda olib borish mumkinligini O‘zbekiston tajribasi tasdiqlagan. Ijtimoiy-madaniy hayotda diniy meros va milliy o‘zlikni anglashda an’anaviylik va zamonaviylikdan ajralib qolishi, vaqt va makon o‘zgarishlarini e’tiborga olmaslikka sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa dinda ham, milliy o‘zlikni anglashda ham “haddan oshishga” olib kelishi mumkin. Dinda haddan oshish mutaassiblik va ekstremizmga olib kelsa, milliy o‘zlikni anglashda an’anaviylikka asoslanishi o‘zga xalqlar madaniyatini inkor etish, bepisandlik bilan qarash, “milliy biqiqlikka” olib kelishi mumkin;
  3. Milliy va diniy qadriyatlar rivojida o‘zga millat vakillari va qadriyatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘linsa, turli millatlarning diniy merosi va o‘zligini ifodalovchi umumbashariy qadriyatlar rivojlanib boraveradi;
  4. Dunyoviy davlatda an’anaviylik va zamonaviylikning uyg‘un holda rivojlanishiga shart-sharoit yaratish diniy meros va milliy o‘zlikni anglashning rivojlanishiga imkoniyat yaratadi;
  5. Jamiyatni ma’naviy yangilash, ijtimoiy hayotda diniy meros va qadriyatlarni e’tirof etish, shuningdek, milliy-ma’naviy qadriyatlarni hisobga olishda “O‘zbek modeli” o‘ziga xos asos bo‘la oladi. Ko‘p konfessiyalik sharoitida ijtimoiy hayotda turli dinga e’tiqod qiluvchilarning vijdon erkinligini ta’minlanishi muhim ahamiyatga ega;
  6. O‘zbek xalqining ma’naviy madaniyati, marosim va urf-odatlarining shakllanishi va rivojlanishida islom omilining roli nihoyatda kattadir. Lekin bu jarayonni faqat islom diniga, uning aqidalariga bog‘lab qo‘yish bir yoqlamalik bo‘lib qoladi. Bunda islomgacha bo‘lgan umumbashariy madaniy meros va boshqa dinlar ta’sirini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim;
  7. O‘zbekistonda diniy meros va milliy o‘zlikni anglashda an’anaviylik va zamonaviylik munosabatida bir tomonlama “inkor etish” yo‘lidan borilmadi. An’anaviy diniy merosning ijobiy jihatlaridan amaliyotda foydalanildi;
  8. Jamiyatning ma’naviy yangilanishi sharoitida O‘zbekistonda diniy meros va qadriyatlarni qayta tiklash, diniy-ma’naviy merosga yangicha munosabatni shakllantirish, shuningdek, ma’naviy-axloqiy tarbiyada ma’rifiy islomdan keng foydalanish imkoniyati yaratildi;
  9. Jamiyatning yangilanishi jarayonida diniy meros va milliy o‘zlikni anglash negizlari milliy-madaniy meros bilan bog‘liq ekani hisobga olindi va unga tayanildi. Bu jarayonda an’anaviylik va zamonaviylik uyg‘unligiga e’tibor qaratildi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Юридический словарь. Сост., предис, прилож. А.Ф.Никитина. – Москва: ОЛМА-ПРЕСС. Оброзование. 2004.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. – T.: O‘zbekiston, 2023.
  3. Mirziyoyev Sh. Milliy taraqqiyot yo‘limizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko‘taramiz. Asarlar. I-jild. – T.: O‘zbekiston, 2017.
  4. Qur’oni karim ma’nolarining tarjimasi va tafsiri // tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. – T.: Sharq, 2004.
  5. Бабахонов Ш.З. Великие мухаддисы о мире и дружбе между народами. – Т.: Издательство народного наследия им.А.Кадири, 1988.
  6. Ma’naviyat asosiy tushunchalar izohli lug‘ati. Qayta ishlangan yangi nashr. – T.: G‘afur G‘ulom, 2016.
Shaxnoza KIMSANBAYEVA,
Perfect University dotsenti, PhD

Check Also

MAʼRIFATLI AYOLNING TAʼSIRI ASRLARGA TATIYDI!

Hayotda insonning begʻaraz yordamchilari juda koʻp boʻladi. Masalan, jazirama issiqda daraxtning soyasi yo zilol chashmaning …