Home / YANGILIKLAR / EʼTIBOR, EHTIROM VA EʼZOZ

EʼTIBOR, EHTIROM VA EʼZOZ

Alloh taologa beadad shukrlar boʻlsinki, yurtimiz mustaqilligining 33-yilligini katta xursandchilik bilan kutib oldik. Bugun har bir goʻshada bayram shukuhi hukmron. Bu ayyom oʻzini shu Vatan farzandi deb bilgan har bir inson uchun qadrli, aziz va moʻtabar. Chunki u bizga oʻzligimiz, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatimizni baxsh etdi.

Eng ulugʻ, eng aziz bayram arafasida Prezidentimiz farmonlariga muvofiq turli soha vakillari faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi. Shunday fidoyi yurtdoshlarimiz qatorida uch nafar imom-xatib “Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangani barcha diniy soha vakillarini benihoya xursand qildi. Aytish joizki, yaqin oʻtmishda imom-xatiblarga bu darajada ehtirom koʻrsatilmagan. Ushbu quvonchli voqea yangi Oʻzbekistonda islom dini va soha xodimlariga qaratilayotgan eʼtiborning yana bir yorqin ifodasi boʻldi.

Imom-xatiblar yuksak mukofotlarni 30-avgust kuni Koʻksaroy qarorgohida davlatimiz rahbaridan qabul qilib oldi. Quyida ularning dil soʻzlari bilan tanishasiz.

MAʼRIFIY SOHADA ILMIY ASOS YARATILADI

— Bugun men juda ham shodman. Mana shunday ulugʻ mukofotni shaxsan davlatimiz rahbarining oʻzidan qabul qilib olish menga yuksak sharaf boʻlish bilan birga, katta masʼuliyat ham yukladi. Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalarda inson qadri va uning shaʼnini yuksaltirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlarning samaralarini birma-bir sanab adogʻiga yetish mushkul.

Oʻzbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Xalqimizning boy tarixiy, ilmiy, maʼnaviy merosini har tomonlama oʻrganish, jahon hamjamiyatiga keng tanitish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Nasafiy kabi buyuk allomalarimizning bebaho ilmiy maktabini oʻrganish va tadqiq etish uchun ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati keng yoʻlga qoʻyildi.

Dinimizni ilmiy jihatdan oʻrganishni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti hamda shu nomdagi madrasaga asos solindi. Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi. Ularda talabalar va yosh tadqiqotchilar buyuk ajdodlarimizning boy merosini oʻrganish va tadqiq etish barobarida zamonaviy ilmlarni ham oʻzlashtirib, yetuk olim boʻlib kamol topadi. Shular qatorida turli hududlarda hadis, kalom, tasavvuf, fiqhni oʻrganishga ixtisoslashgan ilmiy maktablar, xususan, bizning viloyatimizda ham tasavvuf ilmi maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani diniy-maʼrifiy sohada yangi davr boshlanganidan darak beradi.

Quvonarlisi, mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan Buxoro Ark qoʻrgʻoni yaqinida Mir Arab oliy madrasasining yangi binosi barpo etildi va foydalanishga topshirildi. 200 oʻringa moʻljallangan oliy madrasada Qurʼoni karim, hadis, fiqh va tasavvuf ilmlari, xorijiy tillar puxta oʻrgatiladi. Bugungi kunda 100 nafardan ortiq talaba zamonaviy jihozlangan oʻquv xonalari, kutubxona, faollar zali, talabalar yotoqxonasi va sport zalida malakali ustozlardan taʼlim olmoqda.

2021-2024-yillarda viloyatimizdagi 15 ta masjidning yangitdan qurib foydalanishga topshirilgani, 42 ta masjidda esa yirik taʼmirlash ishlari olib borilgani mamlakatimizda muborak dinimizga qaratilayotgan alohida eʼtiborning isbotidir.

Mustaqillik bayrami arafasida shunday ulugʻ eʼtirofga sazovor boʻlish, menga cheksiz gʻurur bagʻishladi. Kelajak avlodni yangi Oʻzbekistonning chinakam bunyodkori qilib tarbiyalash, xalqimizning madaniy-maʼrifiy, diniy-axloqiy dunyoqarashini boyitish yoʻlidagi faoliyatimda bu mukofot menga qanot bagʻishlaydi, deya ishonch bilan ayta olaman.

Jobir domla ELOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili,
Buxoro viloyati bosh imom-xatibi, Mir Arab oliy madrasasi rektori

 

AJDODLARIMIZNING OʻLMAS MEROSI CHUQUR OʻRGANILMOQDA

— Bugun juda baxtiyorman. Eng ulugʻ, eng aziz bayram — mustaqilligimizning 33-yilligi arafasida davlatimizning yuksak mukofotlaridan biri “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlanganimdan quvonchim cheksiz, soʻz bilan taʼriflashga ojizman. Prezidentimiz tashabbusi bilan taʼsis etilgan ordenga birinchilardan boʻlib loyiq koʻrilganimdan, yuksak mukofotni davlat rahbarining qoʻlidan olganimdan boshim koʻkka yetdi.

Turli sohalarda erishilayotgan barcha yutuqlar vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, odilona siyosat natijasidir. Islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk vatandoshlarimizning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur oʻrganish, tabarruk ziyoratgoh va qadamjolar, koʻhna masjid va madrasalarni obod qilish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatimizda oʻnlab yangi masjidlar qurildi, mavjudlarida qayta qurish va taʼmirlash ishlari olib borilyapti. Misol uchun, bir vaqtlar yoʻq boʻlib ketish arafasida turgan Abul Muin Nasafiy ziyoratgohini butun butun dunyo sayyohlari katta zavq va hayrat bilan tomosha qilmoqda.

Mazkur majmuada Abul Muin Nasafiy ilmiy merosiga bagʻishlab oʻtkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda Turkiya, Misr, Fransiya, Rossiya, Bangladesh, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston kabi davlatlardan yuzlab olim va kalomshunos mutaxassislar ishtirok etib, yurtimizda eʼtiqod erkinligini taʼminlashga qaratilayotgan eʼtiborni yuksak baholadi. Shuningdek, Kasbi tumanidagi Sulton Mir Haydar, Kitob tumanidagi Xoʻja Ilm Koni va Mavlono Darvesh Muhammad Vaxshuvoriy, Qamashi tumanidagi Langar ota majmualarini rekonstruksiya va restavratsiya qilish ishlari amalga oshirildi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida muborak haj amalini ado etishga muyassar boʻlgan vatandoshlarimiz soni barmoq bilan sanoqli boʻlgan. Bugungi kunda vijdon erkinligi va diniy-maʼrifiy muhit barqarorligini taʼminlashga qaratilayotgan alohida eʼtibor tufayli ularning soni 15 mingdan oshdi. Joriy yilda faqat Qashqadaryo viloyatining oʻzidan 801 nafar fuqaro haj amallarini bajarib keldi.

Haj mavsumida Prezidentimiz hojilar holidan xabar olib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilgani nafaqat haj ziyoratiga borganlarni, ularning oila aʼzolarini, barcha moʻmin-musulmonlarimizni behad quvontirdi.

Bunday gʻamxoʻrlikdan ruhlangan hojilarimiz, viloyatimizdagi barcha jome masjidlar imom-xatiblari va ularning noiblari “Yangi Oʻzbekiston fidoyisi boʻlib, maʼnaviyat targʻibotchisiga aylanamiz” shiori ostida xayrli amallarni bajarmoqda.

Rahmatullo USMONOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Qashhadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi

 

YUKSAK MAʼNAVIY-AXLOQIY JAMIYAT BARPO ETISH YOʻLIDA

— Koʻksaroy qarorgohida mamlakatimizda koʻzga koʻringan ilm-fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, adabiyot, madaniyat vakillari qatorida davlat mukofoti bilan taqdirlanganim menga cheksiz faxru iftixor bagʻishladi.

Yaratganga behad shukrlar boʻlsinki, yurtimizda istiqlol bayrogʻi ostida xalqimizning yurt ravnaqi yoʻlidagi azaliy istaklarini roʻyobga chiqa boshladi. Bu, albatga, oʻz-oʻzidan boʻlib qolmaydi. Davlatimiz rahbari boshchiligida jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati, eng avvalo, inson manfaatiga qaratilgan boʻlib, ularning negizida farovon turmush, ilm-fan ravnaqi, yuksak maʼnaviy-axloqiy, ilmiy-ijodiy salohiyatni yanada yuksaltirish va rivojlantirish yotadi.

Bugun shu maqsadda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, erishilayotgan yutuqlar maqtovga loyiq. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy meʼmoriy majmuasi yuksak darajada va mahobatli shaklda bunyod etilmoqdaki, u bir necha asrlar davomida yurtimiz va dunyo moʻmin-musulmonlari uchun ruhiy-maʼnaviy ozuqa oladigan muhtasham dargohga aylanadi. Shuningdek, kelajak avlod uchun bir necha yuz yillar ziyo sochadigan, yoshlarga ilm-maʼrifat nurini taratadigan osori atiqa boʻladi.

Davlatimiz yetakchisi rahbarligida bunyod etilayotgan va Uchinchi Renessans poydevori, deya taʼriflanayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham buyuk allomalarimizning jahon tamadduniga qoʻshgan hissalarini dunyo hamjamiyatiga namoyon etadigan, islom maʼrifatini keng tarqatadigan va yoshlarni ulugʻ allomalarga munosib avlod qilib tarbiyalaydigan maʼrifat koshonasi boʻlib asrlar osha xizmat qiladi, inshaalloh.

Mana shu oʻzgarishlar koʻz oʻngimda roʻy berayotgani va oʻzim ham unda ishtirok etib, ulkan savobli ishlarga sababchi boʻlayotganimdan faxrga toʻlaman. Bundan oʻttiz yil oldin Fargʻona viloyatining Quvasoy shahrida yangi qurilgan jome masjidining imom-xatibi sifatida oʻz faoliyatimni boshlaganman.

Istiqlolning ilk davrlarida viloyatimizda bor yoʻgʻi 4 masjid bor edi. Ulardagi shart-sharoitlar haqida soʻz yuritishning hojati ham yoʻq. Bugun viloyatimizda 200 dan ortiq masjid faoliyat yurityapti. Ularning barchasi zamon talabiga mos tarzda taʼmirlangan, binolari yangidan bunyod etilib, namozxonlar uchun barcha sharoitlar hozirlangan.

Yana bir taʼkidlash joiz boʻlgan voqea imom-xatib va diniy soha xodimlarining jamiyatdagi oʻrni mustahkamlandi. Oldinlari faqat toʻy-maʼrakalardagina koʻrinish beradigan imomlarimiz bugun yurtimizda olib borilayotgan islohotlarda, uni xalqqa yetkazishda astoydil fidoyilik koʻrsatmoqda. Ayniqsa, yoshlarimizni yot gʻoyalar taʼsiridan asrab-avaylash, hanafiy mazhabiga xos diniy tushunchalarni targʻib qilish, dindoshlarimiz toʻgʻri yoʻlda yurishi uchun olib borilgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarda bevosita ishtirok etayotganimdan behad xursandman.

Kamtarona mehnatim yuksak qadrlanishidan, “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlanganimdan behad minnatdorman. Aslida, bu mukofot nafaqat mening, balki butun Fargʻona viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan barcha imom-xatib va noiblarning ulkan mehnati natijasi deb hisoblayman.

Biz, din peshvolari bunday eʼtibor va ehtirom oldida qarzdorlikni mudom his etamiz. Bunga javoban yurtimiz tinchligi va aholi farovonligi yoʻlida yanada kuch-gʻayrat va fidokorlik bilan xizmat qilamiz. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar bardavom boʻlishini doimo Rabbimizdan soʻraymiz. Zero, Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Menga duo qiling va sizga ijobat qilurman…”, deb marhamat qilgan.

Alisher NAIMOV,
Fargona viloyati bosh imom-xatibi oʻrinbosari,
Quvasoy shahar bosh imom-xatibi

 

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2024-yil 6 sentyabr, №180(1241)

Check Also

Markaz ilmiy xodimlari – “Rossiya musulmonlarining VI xalqaro forumi”da

Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasining Qozon shahrida joylashgan Bulgʻor islom akademiyasida “Rossiya musulmonlarining VI …