Home / FOTO LAVHALAR / Turkiyada malaka oshirgan tadqiqotchi koʻnikmalari bilan oʻrtoqlashdi

Turkiyada malaka oshirgan tadqiqotchi koʻnikmalari bilan oʻrtoqlashdi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Turkiyada malaka oshirish dasturini oʻtab kelgan Ravshan Elmurodov “Islom tafakkuri institutida malaka oshirish: koʻnikma va natijalar” mavzusida seminar oʻtkazdi.

Markaz ilmiy xodimlari uchun tashkil etilgan seminarda ilmiy-tadqiqotlar boʻlimi xodimi, Islom tafakkuri instituti kurs tadqiqotchisi R.Elmurodov mavzu boʻyicha maʼruza qildi.

Maʼruzachi dastavval yigʻilganlarga institut haqida toʻliq maʼlumot berib, tadqiqot ishlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida soʻzladi.

Taʼkidlanganidek, institut rahbariyati Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan oʻrnatilgan hamkorlik aloqalarini yuksak qadrlaydi. Mazkur aloqalarga 2021-yil noyabr oyida Markaz direktori Shovosil Ziyodovning institutga tashrifi davomida asos solinib, oʻzaro hamkorlikka oid anglashuv memorandumi bilan mustahkamlandi. Ilmiy yoʻnalishda hamkorlikning keng istiqbollari toʻgʻrisida institut direktori, professor Mehmet Goʻrmez ham Markaz rasmiy veb-sayti uchun bergan intervyusida iliq fikrlar bildirgan.

“Movarounnahr yozgi seminarlari” turkumida har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan oʻquv-amaliy mashgʻulotlarning 2022-yilda oʻtgan ilk davrasida faqat oʻzbekistonlik olimlar qatnashgan boʻlsa, navbatdagisida ular qatoriga qirgʻiz tadqiqotchilari ham qoʻshilgan.

Joriy yilgi “Movarounnahr uchinchi yozgi seminarlari” esa Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Tatariston ilmiy muassasalarining 30 ga yaqin tadqiqotchisi ishtirokida oʻtdi.

Seminarda maʼruzachi malaka oshirish kursi davomida mustahkamlagan bilim va orttirgan koʻnikmalari bilan oʻrtoqlashdi. Tadqiqotchi 2024-yil avgust oyi davomida usulul fiqh, usulul hadis, mantiq, islom falsafasi, Movarounnahr olimlarining ilm-fan sohasidagi yutuqlari kabi yoʻnalishlar boʻyicha arab va turk tillarida tashkil etilgan kurslarda olgan saboqlarining asosiy jihatlariga toʻxtaldi.

Markaz direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov malaka oshirish dasturi hamkorlikdagi faoliyatning muhim boʻgʻini ekanini taʼkidladi va bu kabi oʻzaro tajriba almashuv jarayoni bardavom boʻlishiga ishonch bildirdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Rossiya musulmonlariga yangi nashrlar taqdimot qilindi

Avval xabar berilganidek, Qozon shahridagi Bulgʻor islom akademiyasida “Rossiya musulmonlarining VI xalqaro forumi” boʻlib oʻtmoqda. …