Islomda tasavvuf ilmi Muhammad (a.s.) dan qabul qilib olingani, tariqatda u kishining “ravishlari hujjat” [5:29] ekani aytilgan. Bunga bugungi kunda ham mavjud tariqat silsilalari asos bo‘la oladi. Jumladan, Naqshbandiya tariqati silsilasi Abu Bakr Siddiq va Ali ibn Abu Tolib(r.a.)ga bog‘lanishini misol keltirish mumkin. Biroq Payg‘ambar (a.s.) zamonlarida “tasavvuf”, “so‘fiy”, “tariqat” tushunchalari bo‘lmagan. O‘zini ruhiy tarbiyat etishga, Haq yo‘lida unga vosil bo‘lishga intilib, umrini taqvo bilan o‘tkazgan, qalbini poklagan, nafsini tarbiyalab, Haq muhabbatiga erishishni maqsad qilib yashagan kishilarni shu toifaga mansub deb bilganlar. Bu davrda uning nazariy yoki amaliy jihatlari ajratilmagan. Tasavvuf va so‘fiylik xususida Qur’on yoki hadislarda ham biror ma’lumot uchramaydi. U davrlarda Pirga yoki valiy zotlarga ehtiyoj bo‘lmagan. Bunga Payg‘ambar (a.s) Haq yo‘lini ko‘rsatuvchi, har qanday masala javobini u kishidan to‘g‘ridan to‘g‘ri olish mumkin bo‘lgan rasul ekanliklari kifoya qilgan. Sahobalar va tobeinlar davrida ruhiy tarbiya, taqvo va solih amallar qilish muhim vazifalaridan hisoblangan. Tafsir, hadis, fiqh va nahv ilmlari rivojlana borgan. Payg‘ambar (a.s.) vafotidan keyin vujudga kelgan turli ixtiloflar natijasida, islom ilmlariga zarurat yuzaga keldi. Ular Islom ilmlari qatorida o‘ziga xos xususiyatlari bilan dastlab zohidlik ko‘rinishida vujudga kelgani tadqiqotlarda [9:29] qayd qilinadi. Bu davr tasavvufshunos olimlar qarashlariga ko‘ra “zuhd”[1] davri, deb ataladi. Aziziddin Nasafiy [8:20] o‘zining “Bayon at-Tanzil” asarida tasavvuf ilk davrlarda “zuhd” va “parhezkorlik” shaklida vujudga kelganini ta’kidlaydi. Uning fikriga ko‘ra, Hasan Basriy va Fuzayl Iyoz “Huzn” “mahzunlik”likni zuhdga qo‘shdi. Robiya Adaviya va Zunnun Misriy “muhabbat” ni omuxta qildi. Shaqiqi Balxiy va uning shogirdlari “tavakkul” ni ilgari surdi. Mazkur qarash, g‘oyalarning har biri o‘ziga xos tarzda turli tortishuv va bahslarga sabab bo‘lgan edi. Robiya al-Adaviyya haqida Olmon olimasi Annemarie Shimmel: “Robiya so‘fiylikka yagona Allohni sevish tushunchasini olib kirgan. Shuning uchun islomdagi so‘fiyona muhabbat tarixi shu ayol nomi bilan boshlanadi” [8:14], deb ta’kidlaydi.
VII-VIII asrlar “Zuhd” davri hisoblangan va zohidlarda namoyon bo‘lgan xislatlar – ularning toat-ibodati, dunyo molidan yuz o‘girishi va zohidona turmush tarzida Alloh roziligini topib, ikki olam saodatiga erishish, azoblardan qutulish g‘oyasiga ega bo‘lishi muhim sanalgan. Allohni tanish, bilish va uning diydoriga erishish tushunchalari bo‘lmagani bilan tasavvufning boshqa bosqichlaridan ajralib turgan. Zohidlar hayotida ustuvor bo‘lgan tuyg‘u va tushunchalar asosan qo‘rquv va umid edi. Bu davrdagi zohidlarda avval “qo‘rquv”ga tayangan zuhd tushunchasi hukmron bo‘lgan. Umuman, tasavvuf to‘g‘risidagi qarashlar xilma-xilligini ifodalovchi ushbu ma’lumotlar tasavvufni davrlar kesimida alohida mutasavvif olimlar qarashlari tahlili asosida o‘rganishni taqozo etadi. Ushbu maqolada Abu Muhammad Sahl ibn Abdulloh ibn Yunus ibn Iso ibn Abdulloh ibn Rafe’ at-Tustariy (200-283/810-896) tasavvufiy merosi, uning “riyozat”[2], ixlos[3], odob, shuningdek, kalom va tasavvuf ilmi xususidagi qarashlari ilmiy-ma’rifiy tahlil qilindi.
Sahl ibn Abdulloh at-Tustariy “رقاىق المحبين” (“Raqoiq al-muhibbin”), “مواعظ العارفين” (“Mavoiz al-orifin”), “جوابات اهل اليقين” (“Javobot ahl al-yaqin”), “الغاية لاهل العناية” (“Al-G‘oya li-ahli an-nihoya”), “قصص الانبياء” (“Qisas al-Anbiyo”), “تفسير القرآن العظيم” (“Tafsir al-Qur’on al-azim”) [12:73-74], “المعارضة و الرد على اهل الفرق و اهل الدعاوى في الاحوال” (“Al-mu’orazatu var-raddu ala ahli al-firoqi va ahli ad-da’ava fi al-ahvali”) [18] kabi islom ilmlari, xususan, tasavvufga bag‘ishlangan asarlar muallifidir. Sahl ibn Abdulloh at-Tustariyning Qur’on ilmlari, ayniqsa, “Tafsir” ilmida o‘z uslubi bo‘lgan. Uning tafsiri (“تفسير القرآن العظيم” “Tafsir al-Qur’an al-azim”) 2004-yili Misrda (Toho Abdurauf Sa’d va Sa’d Hasan Muhammad Ali) tomonidan nashr qilingan. Sahl Tustariy quddisa sirruhuning aqidasi ahli sunna val jamoa ta’limotini o‘zida jamlagan Abulqosim Hibbatulloh al-Lalkoiyning “شرح أصول اعتقاد اهل السنة و الجماعة” (“Sharh usuli e’tiqod ahl as-sunnat val jamoat”) [2.170-171] nomli asarda rivoyat qilingan.
Sahl ibn Abdulloh Tustariy Eronning Xuziston viloyatiga qarashli Shushtar shahrida tug‘ilgan. U tasavvufning yirik namoyondalaridan biridir. Uning tasavvufga oid merosi keyingi davr tasavvuf olimlari dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatgan.
Sahl ibn Abdulloh Tustariy “تفسير القران العظيم” (“Tafsir al-Qur’an al-azim”) kitobi muqaddimasida o‘zi haqida yozib qoldirgan. Uning tasavvuf olimi bo‘lib yetishishida tog‘asining xizmati katta bo‘lgan. Tustariy “تفسير القران العظيم” asarida keltirilishicha, Tustariy uch yoshida tog‘asi Muhammad ibn Savvor ta’sirida zikr qilish bilan shug‘ullana boshlagan. Maktabni tugatgach, Tustar olimlaridan bir muddat ilm olgan va u yerdan Basraga safar qilgan. Basradan Abodonga borib, Abu Habib Hamza ibn Abdulloh Abodoniydan ilm olgan. So‘ng Tustarga qaytgan. Ochlik bilan nafsini tarbiyalagan Tustariy bir dirham pulga olingan unni non qildirib, bir yilga yetkazadi. Keyinchalik Tustariy ba‘zi qarashlari sababli o‘sha hudud olimlari tomonidan Basraga chiqarib yuboriladi [12:67-68].
Demak, Sahl ibn Abdulloh Tustariy yoshligidan “zikr” amaliyotiga mashg‘ul bo‘lishni o‘rgangan. Uning tog‘asi ham islom ilmlari, ayniqsa, irfon ilmida o‘z davri bilimdonlaridan bo‘lgan. Tustariy o‘z nafsini ko‘proq ochlik bilan tarbiyalashga harakat qilgan va ko‘zlagan maqsadiga intilgan. Uning ilm olishga qiziqishi uni ma’lum muddatga ilm izlab, o‘sha davrning ilm ahllari to‘plangan shaharlarga safar qilishiga sabab bo‘ldi.
Abu Abdurahmon as-Sulamiyning “طبقات الصوفية” (“Tabaqot as-sufiya”) asarida Tustariy rivoyat qilgan bir hadis keltirilgan. Unda: Anas (r.a.) dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (a.s.) jangga chiqar edi va u kishi bilan ansor[4] ayollari chiqib yaradorlarga suv berar va ularni davolar edi” [14:66]. Shuningdek, ushbu risolada Tustariy haqidagi ko‘plab ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan. Abu Abdurahmon as-Sulamiy Tustariyning islom ilmlari, xususan, tasavvuf, tafsir va hadis ilmida ham kuchli olim bo‘lganini e’tirof etgan.
Abul Qosim Qushayriy ham o‘zining “الرسالة القشيرية” (“Risolat al-Qushayriya”) asarida “Tustariy – katta imomlardan biri va o‘z vaqtida parhezkorlik va taqvoda uning tengi yo‘q edi. Ko‘p karomatlar zohir bo‘lgan. Haj safari asnosida Makkada Zunnuni Misriy bilan uchrashgani hamda uning “Uch yoshligimda Tog‘am Muhammad ibn Savvorning tungi ibodatlariga qiziqib qarar edim. Tog‘am menga borib uxlashni buyursa ham uyqum kelmas edi. Bir safar tog‘am menga: “Ey Sahl seni yaratgan Allohni zikr qilasanmi?” deb so‘radi va menga tilni qimirlatmasdan qalbim bilan zikr qilishimni o‘rgatdi. Men zikrni avval uch marta, so‘ng yetti marta va undan keyin o‘n bir marta takrorladim va qalbimda halovat sezdim. So‘ng tog‘am menga shunday dedi: “Men senga o‘rgatganimni eslab qol va qabrga kirganingcha bardavom bo‘l [10:65-66]. Ushbu asarda Qushayriy Tustariyni hijriy 273 yoki 283 yilda vafot etgani xususidagi ma’lumotni keltirgan [10:65-66].
Darhaqiqat, “Risolat al-qushayriya” asari tasavvufga oid eng mo‘tabar manbalardan biri bo‘lgani sababli keyingi davrlarda yaratilgan tasavvufga oid kitoblar uchun zamin yaratgan. Ushbu manbalar tahlili Tustariyning hayoti, unga ta’sir ko‘rsatgan muhit va ustozlari Abu Hamza Abodoniy va Zunnuni Misriydan ta’lim olib, o‘z davrining mutasavvif olimi sifatida shakllanganini ko‘rsatadi.
O‘rta asr tasavvuf nazariyotchilaridan biri Ali ibn Usmon al-Hujviriy o‘zining “كشف المحجوب” (“Kashf al-mahjub”) asarida Tustariy nomini tilga olib, quyidagi ma’lumotni keltirgan: “Abu Muhammad Sahl ibn Abdulloh Tustariy o‘z davrining peshvosi edi. Barcha tillar unga madh aytar edi. Uning ko‘p riyozati va go‘zal muomalasi bor edi. Nojo‘ya ishlardan qaytish va ixlos qilish haqida uning ajoyib gaplari bor. Zohiriy ilm ulamolari u zot xususida “shariat va haqiqatni birlashtirdi”, deb aytgan. Bu xato gapdir. Chunki hech kim shariat va haqiqat o‘rtasini ajratmagan. Alloh bu ikkisi o‘rtasini jamlagan ekan, uning avliyolari ularni ajratishi amri maholdir. Bu xuddi “La ilaha illalloh” bilan “Muhammadun Rasululloh” kalimalarini ajratsa, imon to‘g‘ri bo‘lmaganiga o‘xshaydi” [13:32]. Demak, Al-Hujviriy fikridan shuni anglash mumkinki, Tustariy qarashlarini hamma ham to‘g‘ri tushunmagan va uning aytganlari xilma-xil talqin qilingan. Al-Hujviriy tasavvuf nazariyotchisi sifatida Tustariy qarashlarini himoya qilgan hamda shariat va haqiqat aslan ajratilmaganiga ishora qilgan.
Shamsiddin Zahabiy o‘zining “سير اعلام النبلاء“ (“Siyari a’lom an-nubala”) asarida Tustariyni o‘n oltinchi tabaqada 2389-raqamda keltirgan. U o‘z asarida Tustariy haqida shunday yozadi: “Uning go‘zal nasihatlari va foydali gaplari bor. Tariqat ilmida mustahkam ilmga egadir. Tustariydan Umar ibn Vosil, Abu Muhammad al-Jaririy, Abbos ibn Isom, Muhammad ibn al-Munzir va boshqalar rivoyat qilgan. Zahabiy Tustariyning hadis olimi Abu Dovudning oldiga borib, “Rosululloh (a.s.)ning hadislarini aytgan tilingni chiqar, men bir o‘pay”, degan fikrini iqtibos qilib keltirgan. Shu bilan birga, Zahabiy Tustariyning hijriy 283 yilda vafot etgani va uning sakson yil yashagani haqida ma’lumot bergan. [11:1949-1950].
Fariduddin Attorning “تذكرة الاولياء” (“Tazkirat al-avliyo”) asarida Tustariy haqida shunday ma’lumot keltiriladi: “U tariqat daryosining sayyohi, haqiqat daryosi durlarining g‘avvosi, ulug‘lar sharafi, xotiralar mashrabi, dohiy rahbar, tasavvuf ahlining muhtashami, zamonasining mo‘tabari, tariqat sultoni, haqiqat burhoni, ilmda va amalda mashhur, davrining butun aholisi unga murojaat qilar, riyozatu karomat ichra komil, muomalatu ishorat ichra benazir, haqiqat va daqiq hollar ichra misli yo‘q edi. Zamona olimlari Sahl Tustariy to‘g‘risida u shariat bilan haqiqat orasini jam qilgan edi, der edi. Unga e’tiqod qiladiganlardan bir Zunnuni Misriy edi. Sahl ibn Abdulloh Tustariy aytadi: – Alloh ruhimga: “Ayo, men Rabbingiz emasmanmi?” degani hanuz mening esimda bor. Men: “Rabbimizsan!” deb javob berdim”[5] [4:32]. Fariduddin Attor ma’lumotlarida uning miysoq kunini, ya’ni “ruhim Allohga va’da bergan kunni eslayman”, degan gapi boshqa manbalarda uchramadi. Attorning Tustariy haqida keltirgan maqtovlari uning tasavvuf ahli orasida katta o‘rin va hurmat egasi bo‘lganini tasdiqlaydi. Bundan tashqari, Abdulvahhob ash-Sha’roniyning “طبقات الكبرى” (“Tabaqot al-kubro”) [15:89], Abdurahmon Jomiy o‘zining “نفحات الانس من حضرات القدس” (“Nafahot al-uns min hazarot al-quds”) va Navoiyning “Nasoyimul muhabbat” asarida turkiy tildagi ma’lumotlar keltirilgan [15:89]. Alisher Navoiy Tustariyni o‘z davrining yirik ulamolaridan va tasavvuf bilimdonlaridan bo‘lganini e’tirof etgan [3:32].
Faxriddin Ali Safiyning “رشحات عين الحياة” (“Rashahot ayn al-hayot”) asaridagi Tustariy haqida berilgan ma’lumotda: Aytur erdilar: “Sahl ibn Abdulloh Tustariy quddisa sirruhu muddati madid riyozat shoqqa tortdi va davomi zikrga ishtig‘ol ko‘rguzdi, bamartabaekim, bir kun dimog‘idin qon ravon bo‘ldi, har qatraekim yerga tomdi, lafzi muboragi “Alloh”ning naqshida bo‘ldi. Bu tariqa mushkulliklar yetkondin so‘ng oni piri yoddoshtliqg‘a amr etdi” [5:341]. Demak, Tustariy ko‘p riyozat va mashaqqatlar tortib pir, ya’ni murshidlik darajasiga chiqqani haqida ma’lumot berilgan. Bu ma’lumot shuni ko‘rsatadiki, Tustariydan keyin kelgan barcha tasavvuf olimlari merosiga Tustariy qarashlari singib ketgan.
Zakariyo ibn Muhammad Ansoriy o‘zining “Risolat al-qushayriya” asariga yozgan sharhida “نتاىج الافكار” (“Nataij al-afkar”) ham Tustariy haqida shunday yozadi: “Abu Muhammad Sahl ibn Abdulloh Tustariy nasihatgo‘y, ishonchli shayx, mashhur shayxlarning eng ulug‘laridan, so‘fiylik tariqatini foyda marjonlari bilan bezadi, zamonining yagonasi, bir necha tabaqa ulug‘lari undan ilm oldi, yer yuzida haqiqat ilmlarini ko‘paytirdi. Bu ishlaridan unga hasad qilgan shaharning fuqaholari uni katta gunoh qilganlikda aybladi. Bunga sabab esa Tustariyning: “Bandaga tavba har nafasda farzdir” degan gapi edi. Natijada Tustariy va uning jamoasini Tustardan chiqarib yubordilar. Tustariy qolgan umrini Basrada o‘tkazdi va o‘sha yerda vafot etdi. U o‘n yoshligida zuhd, ibodat, taqvo kabi irfoniy savollarga mukammal javob berar edi. Uning bir yillik taomiga bir dirham kumush tanga yetar edi. Tustariy o‘ttiz va qirq kunlab hech narsa yemas edi. Agar och qolsa quvvatga to‘lar edi va to‘yib ovqatlansa zaiflashib qolar edi. “Bu ochlik yoki parhezkorlikka Tustariydan tashqari Muhammad ibn Amr al-Mag‘ribiy, Ibrohim at-Taymiy, Hajjoj ibn Qurofasa, Sulaymon al-Xoss, Ibrohim al-Xoss kabi olimlar ham erishgan. Ba’zilarning aytishicha, kim qirq kun ochlik qilsa, unga g‘aybiy[6] sirlar kashf[7] bo‘ladi” [16:167]. Zamonaviy tibbiyot ham ochlikning mo‘jizalarini kashf qilishda davom etmoqda.
Ushbu asarda Ibn Arabiyning Tustariy haqida fikri keltirilgan: “Tustariy tasavvuf yo‘liga kirgan dastlabki davrida uning qalbi sajda qildi. Qancha katta shayxlar bu dunyodan o‘tib ketdi, lekin qalbi sajda qilmadi. Agar qalb sajda qilsa, hech qachon sajdadan ko‘tarilmaydi. Tustariy mustahkam bir qadam sohibidir va boshqa qadamlar undan tarqaladi. Qalb so‘zi arabcha (تقلب القلب) (“taqollub al-qalb”) “o‘zgarish” o‘zagidan olingan, shu sabab bir holdan ikkinchi holga o‘zgarib turadi. Ammo kimning qalbi sajda qilgan bo‘lsa, unda bu o‘zgarish bo‘lmaydi. Tustariy dastlabki tasavvufga kirgan vaqtida qalbi sajda qildi. U esa qalbi sajdadan ko‘tarilishini kutdi, lekin qalbi sajdadan bosh ko‘tarmadi, so‘ng u hayrat dengizida g‘arq bo‘ldi. Shayxlardan o‘z holi haqida so‘radi, ular javob berolmadilar. Qalb shifosini Abodonga borib bir shayx huzuridan topdi va uning xizmatini lozim tutdi” [16:167]. Demak, tasavvuf falsafasida o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan Shayxul Akbar Ibn Arabiyning Tustariy xususidagi fikri uning yirik shayxlar tomonidan ham tan olinganini anglatadi.
Umar Rizo Kahola o‘zining “معجم المؤلفين” (“Mo‘‘jam al-muallifin”) asarida Tustariy haqida 5950-tazkirada ma’lumot keltirib, uni tasavvuf olimi ekani va yozgan asarlari haqida bayon qilgan [17:32].
Islom ensiklopediyasida Tustariy haqida ma’lumot berilgan va uning tajalliy masalasidagi qarashlari yoritilgan. Unga ko‘ra, tajalliy uch qismga bo‘linadi; a) tajalliy az-zot, b) tajalliy sifat az-zot, c) tajalliy hukm az-zotdan iboratdir. [6:276]. Demak, Tustariy panteizmdan farqli ravishda borliqda Allohning nuri mujassamligini ifodalovichi falsafiy g‘oyalarni ilgari surgan. Shuningdek, Tustariy ta’limoti malomatiya ta’limotining shakllanishida muhim rol o‘ynagani ta’kidlanadi [6:180].
Ahmad Abdullayev o‘zining “Tasavvuf va uning namoyandalari” asarida tasavvuf ilmida o‘z ta’limoti va qarashlarini ishlab chiqqan o‘n ikki halqa va ularning asoschilarini keltiradi. Tustariy ta’limotiga to‘xtalib, “As-sahliya – oltinchi halqaning nomi va uning asoschisi Sahl bin Abdulloh Tustariy – mashhur so‘fiy va Jullobiyning yozishicha, “tasavvuf ahlining muhtasham va kiborlaridan” bo‘lmish Sahl Tustariydir. Bu shayxning tasavvuf tarixidagi maqom va manzilati, obro‘-e’tibori Boyazid Bistomiy va Junayd Bag‘dodiyga teng. Haqiqatan Sahl mazkur shayxlar kabi so‘fiyona o‘z mazhabiga ega bo‘lgan zot va uning haqshunoslik yo‘lida yaratgan maxsus ta’limoti mavjud” ekanini bayon qilgan. [1:180]. Tustariyning tasavvuf ilmida mohir bo‘lishi bilan birga, yangi ta’limot va konsepsiya ishlab chiqib, o‘z maktabiga ega bo‘lganini bildiradi. U ishlab chiqqan g‘oyalar bugungi kunda mavjud yo‘nalishlarda ham o‘z aksini topgan. Masalan, nafsga qarshi kurash g‘oyasini birinchi bo‘lib oshkora va umumiy targ‘ib qilgan.
Najmiddin Komilov o‘zining “Tasavvuf” asarida Boyazid Bastomiy “sukr” ya’ni ishq bilan mastlik ta’limotini olg‘a surgan bo‘lsa, Junayd Bag‘dodiy “sahv” ya’ni, hushyorlik g‘oyasini olg‘a suradi. Tustariy esa bunga boshqacha yondashib, hayrat tushunchasini olg‘a suradi [7:180]. “Shayx Tustariy hayrat tushunchasini quyidagicha bayon etgan: “Qurb-martabalari oshgan sari Alloh ulug‘vorligining asarlari ziyodroq bo‘ladi va nodonlikka qarama-qarshi o‘laroq ilm ko‘payaveradi va tasavvufiy ma’rifat orta boradi va hayrat ustiga hayrat qo‘shilaveradi va: “Ey Rabbiy, hayrat og‘ushidaman”, – degan nido ko‘tariladi”. Darhaqiqat, ma’rifat hayrat natijasidir. Ma’rifat buyuk Iloh olamlari bepoyonligi, istig‘nosi – muhtojsizligini, Zoti javharini qalb bilan his etish va ko‘ngil bilan tanish demak. Shunday qilib, ma’rifat – ruh hodisasidir, faqru fano ruhning kamolidan nishonadir” [7:180].
Tustariy ilohiy ishq yo‘nalishida sukr va sahvga muqobil bo‘lgan hayrat tushunchasini olg‘a surgan. Bu holat sukr kabi aqlini yo‘qotish ham emas va sahv kabi ta’sirsiz turish ham emas, balki aqli joyida bo‘lib, ilohiy tajalliydan hayratga tushishdir. Qaysidir ma’noda ikkisining o‘rtasidagi eng maqbul holatdir. Xulosa qilish mumkinki, Tustariy o‘ziga xos Sahliya ta’limoti asoschisi, tasavvuf nazariyotchilaridan biri bo‘lgan. Uning o‘z davri va keyingi zamonlarda yashagan allomalar tomonidan e’tirofga sazovor bo‘lishi buni isbotlaydi.
Sahl ibn Abdulloh Tustariy hijriy III asrda va milodiy IX asrda yashab ijod etgan tasavvuf shayxlaridan biridir. U o‘z hayotini ko‘p riyozat va ibodat bilan o‘tkazgan. Ayniqsa, har o‘n besh kunda bir iftorlik qilishi nafs mujohadasini mukammal darajada ado etganini bildiradi. Uch yoshida tasavvuf vazifalariga kirishishi va olti yoshida Qur’onni yod olishi va o‘n yoshida savollarga javob beradigan salohiyatga ega bo‘lishi hayratlanarlidir. U ruhiy kamolotga etib, kelajak avlodlarga o‘nlab asar qoldirdi. Uning asarlari to‘liq yetib kelmagan.
Tustariyning tasavvufda o‘z maktabiga asos solgani va yangi konsepsiya ishlab chiqqani e’tiborga loyiq. Uning pandu nasihatlari hozirgi avlod uchun ham manfaatli va u olg‘a surgan axloqiy-insoniy g‘oyalar o‘z dolzarbligini saqlab qolgan. E’tiborga molik jihati shundaki, Tustariy tasavvufga oid boshqa asarlari qatori “Tafsirul Qur’onil azim” nomli asar ham yozgan. Bu turdagi tafsirlar ishoriy (lafzlari bilan emas, balki ma’no ishoralari bilan qilingan tafsir bo‘lib, bu turdagi tafsirlar tasavvufiy tafsir deb ham nomlanadi) tafsirlar deb nomlanadi. Ba’zi ishoriy tafsirlar mualliflariga olimlar tomonidan e’tiroz ham bildirilgan, ammo Tustariy nomi biz ko‘rgan manbalarning barchasida eng e’tiborli olimlar safida keltirilgan. Tustariy hayoti bilan yaqindan tanishganda, uning tafsir, hadis, aqoid, fiqh, tasavvuf va boshqa ilmlarda ham katta nufuzga ega bo‘lganini ko‘rish mumkin. Tustariydan naql qilingan hikmatlar har bir insonni tafakkurga chorlaydi va ma’naviy quvvat beradi. Bu hikmatlarni xalqimiz e’tiboriga havola qilish va ularni ibrat sifatida ko‘rsatish o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy yetuk qilib tarbiyalashda o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.
- Abdullayev A. Tasavvuf va uning namoyandalari. – T.: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi nashriyoti, 2009.
- Abulqosim Hibbatulloh al-Lalkoiy. Sharh usuli e’tiqod ahl as-sunnat val jamoat. 1-jild. – Iskandariya (Misr): Dor al-Basirat, 2001. – B. 170-171.; Беруний Ҳ. Саҳл Тустарий ақидаси. https://ahlisunna.uz/sahl-tustariy-aqidasi.
- Alisher Navoiy. Nasoyimul muhabbat. (Ilmiy-tanqidiy matn) nashrga tayyorlovchi, so‘zboshi va ko‘rsatkichlar muallifi H.Islomiy. – T.: Movarounnahr, 2011.
- Fariduddin Attor. Tazkiratul avliyo. Abdumajid Madraimov nashr qilgan. –T.: G‘afur G‘ulom, 2012.
- Fahriddin Ali Safiy. Rashahot ayn al-hayot. Mahmud Hasaniy nashrga tayyorlagan. – Toshkent: Abu Ali Ibn Sino tibbiyot nashriyoti, 2003.
- Islom ensiklopediyasi. Z.Husniddinov tahriri ostida nashr qilingan. – T.: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2004.
- Komilov N. Tasavvuf. – T.: Movarounnahr – O‘zbekiston, 2009.
- Nasafiy A. Bayon al-tanzil. –Tehron, 1391.h.
- Usmonov I. Navodirul-usul hikmatlari. – Toshkent, 2009.
- ابو القاسم عبد الكريم القشيري. الرسالة القشيرية. بتحقيف الامام عبد الحليم محمود و الدكتور محمود ابن الشريف. القاهرة – مطابع مؤسسة دار الشعب. م1989- ه1409. ص. 65-66.
- الامام ابي عبدالله شمس الدين محمد ابن احمد الذهبي. سير اعلام النبلاء. بيت الافكار الدولية. لبنان, 2004م. ص. 1949-1950
- سهل ابن عبد الله التستري. تفسير القران العظيم. بتحقيق طه عبد الرؤوف سعد و سعد حسن محمد علي .
- علي ابن عثمان الهجويري. كشف المحجوب. بتحقيق دكتورة اسعاد عبد الهادي قنديل. القاهرة. م1974-ه1394. ص. 32
- ابو عبد الرحمن السلمي. طبقات الصوفية. بتحقيق الدكتور احمد الشرباص. كتاب الشعب. م1998-ه1419.ص. 66
- الشيخ عبد الوهاب الشعراني. طبقات الكبرى. بتحقيق عثمان احمد الحسيني و حسن محمد الحمد. ص. 89
- زكريا ابن محمد الانصاري. نتاىج الافكارفي بيان معاني شرح الرسالة القشيرية. لبنان- بيرت. دار الكتب العلمية. م2007.ص. 167
- عمر رضا كحالة. معجم المؤلفين. دمشق. دار االكتب الظاهرية. م1957-ه1376.ص 32
- سهل بن عبد الله التستري. المعارضة والرد علي اهل الفرق و اهل الدعاوى في الاحوال. بتحقيق الدكتورمحمد كمال جعفر.قاهرة – كلية دار العلوم. م1980- ه1400