Home / MAQOLALAR / XIX ASR IKKINCHI YARMI – XX ASR BOSHLARIDA SAMARQANDNING “ESKI SHAHAR” HUDUDI VA IJTIMOIY HAYOTI TARIXIDAN

XIX ASR IKKINCHI YARMI – XX ASR BOSHLARIDA SAMARQANDNING “ESKI SHAHAR” HUDUDI VA IJTIMOIY HAYOTI TARIXIDAN

Samarqand shahri Buxoro amirligining asosiy siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazlaridan biri boʻlgan. Bu shahar ajoyib tabiati, hosildor yeri va goʻzal bogʻlari bilan ham amirlikning boshqa hududlaridan ajralib turgan. XIX asr ikkinchi yarmiga oid manbalarda shaharning goʻyoki ulkan bir bogʻdan iborat ekani alohida taʼkidlangan.

Shahar ming yillar davomida shakllangan boʻlib, unda tarixiy yodgorliklar atrofini bir-biriga zich qilib qurilgan oddiy va qurilishi nihoyatda sodda uylar mavjud edi. XIX asr boshiga kelib esa Samarqand yana yirik shaharga aylangan. 1812-yilda amirlikka kelgan ingliz aygʻoqchisi Mir Izzatullaning guvohlik berishicha, bu davrda Samarqand kundan-kunga rivojlanayotgan shahar edi. [12:196]. Shaharning ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishiga uning qulay geografik joylashuvining ahamiyati katta boʻlgan. Shahar Zarafshon daryosi janubida joylashgan boʻlib, shimol, sharq va janubdan baland togʻlar bilan oʻralgan hamda gʻarbdan unga keng ekin maydonlari tutashgan. Shahar joylashuvi shimoli-sharqdan Xitoy va Sharqiy Turkistondan, janubi-sharqdan Hindistondan, gʻarb tomondan Xorazm va Buxoro orqali keluvchi Eron, Kaspiyboʻyi yerlaridan, shimoldan esa Rossiyadan keluvchi savdo karvonlari uchun qulay joy boʻlgan. Mana shu jihatlar shaharda savdo ishlari rivojiga oʻz taʼsirini koʻrsatgan.

Namlikning kuchli ekani Samarqand havosini toza va bahavo qilgan. Shuning uchun samarqandliklar ancha sogʻlom, rangi toza boʻlgan [17:5].

Abu Tohirxojaning “Samariya” asarida shahar iqlimining ajoyib va moʻtadil ekani, shuning uchun “firdavsmonand” – jannat misoli, deb keltiriladi. Yozda Samarqand nisbatan salqin va iqlimi moʻtadil ekani, har tomondan esuvchi mayin shamol va toza havo kayfiyatni koʻtarishi, ruhiy sokinlikni taʼminlashi haqida maʼlumot bergan [2:14]. Iqlimi, tabiati va muhiti odamlarning “firdavsmonand” shaharda yashashga boʻlgan intilishini kuchaytirgan. Bu oʻz navbatida, urbanizatsiya jarayoniga va aholining demografik holatiga taʼsir koʻrsatgan.

Eʼtiborli jihati shundaki, Zarafshon vohasi va umuman Samarqand shahri yirik markaz hisoblansa-da, shahar aholisi katta qismining turmush-tarzi qishloq xoʻjaligi, yaʼni atrofdagi aholi bilan bogʻliq boʻlgan. Shahar aholisi soni koʻp boʻlmasa-da, atrofida yashovchilar miqdori katta boʻlgan va ular Samarqand iqtisodiy hayotida faol ishtirok etgan. Shu nuqtayi nazardan, shahar aholisi va uning turmush tarzi haqidagi maʼlumotni keltirganda, bu yerga yaqin hudud aholisi turmushi va xoʻjaligi bilan bogʻliq maʼlumotlarni inobatga olish muhimdir.

XIX asrda shahar aholisi soni va uning oʻsish dinamikasi haqida maʼlumotlar manbalarda turlicha keltiriladi. Meyendorf maʼlumotlariga koʻra, 1820-yilda Samarqandda 50 ming aholi istiqomat qilgan boʻlsa, N.Xanikov 1841-yilda 25 ming, 1863-yilda A.Vamberi 20 minggacha, 1868-yilda V.V.Radlov shahar aholisi sonini 10 mingdan oshiq deb keltiradi. P.P.Ivanov va boshqa tadqiqotchilar asarida esa 30 mingga yaqin kishi istiqomat qilgan, deb keltirilsa [5:27], xorijiy mualliflar asarida XIX asrning 70-yillarida Samarqandda 6000 xonadon boʻlib, unda 30 ming aholi yashagani qayd etiladi. 1889-yilda Samarqand shahri aholisi soni 40 ming atrofida boʻlib, shulardan 6 mingtasi Yevropadan koʻchib kelganlar va 1500 kishi esa yahudiy millatiga mansub boʻlgan. 1839-yilda Buxoro yahudiylari Samarqandga Mashhaddan koʻchirib keltirilgan, qolgan guruhi esa 1859-yilda Qobuldan koʻchirilgan [3:230]. Boshqa manbalarda Samarqand atroflarida 80.000 oʻzbek oilasi istiqomat qilgan, deb koʻrsatiladi [19:506]. Shahar aholisi soni haqida yagona fikr mavjud emasligi aholining milliy va etnik tarkibi, ijtimoiy guruhlar va umuman, xalq turmushining koʻpgina sohalari boʻyicha xulosa chiqarish imkonini qiyinlashtiradi. Biroq ishonch bilan taʼkidlash mumkinki, Samarqand shahri va uning atrofi vohadagi aholi eng zich istiqomat qilgan hudud boʻlgan.

Yangi tadqiqotlarda ham shaharda 30 ming aholi borligi koʻrsatilgan [4:111]. Mazkur fikr ancha ishonarli, chunki oʻrganilayotgan davrda Zarafshon vohasi, umuman, Buxoro amirligida aholining katta qismi  qishloqlarda istiqomat qilib, qishloq xoʻjaligi bilan mashgʻul boʻlgan. Shunday boʻlsa-da, Samarqand shahri viloyat markazi, madaniyat, hunarmandchilik va savdo markazi sifatida katta ahamiyatga ega boʻlgan.

XIX asrning 60-yillari oxirlarigacha Samarqand shahri hududi kengayib borgan. N.V.Xanikovning maʼlumot berishicha, “shahar aylanasi 13 verstga, uning kvadrat yuzasi 2280000 sajenga yoki 2533,31 tanobga teng boʻlib, Buxoro shahri hududidan 500 tanobga katta” boʻlgan [18:100]. N.V.Xanikovning ushbu maʼlumotlari bu davrda shaharning kengaygani va urbanizatsiya jarayoni jadallashgani haqidagi fikrimizni tasdiqlaydi.

XIX asr oʻrtalarigacha Oʻrta asrlar shaharlari kabi Camarqand mudofaa devorlari bilan oʻralgan boʻlib, xandaqlari va mudofaa burjlari boʻlgan. “Shahar devorlari Rossiya imperiyasi bosqini davrida buzib tashlangan. Soʻzangaron mahallasi qismida uning ayrim qoldiqlari kuzatiladi” [14:85-89].

Samarqand shahrining XIX asrdagi mavqeiga taʼrif berganda T.S.Saidqulovning “shahar xonlikning (amirlik) bosh shahri hisoblangan”, [11:8], F.Nazarovning: “birinchidan, tarixiy va diniy sabablar tufayli, ikkinchidan, mamlakatdagi aholisi eng zich, boy viloyat markaziy shahri sifatida” maʼlum ekani toʻgʻrisidagi fikrlarini keltirib oʻtish oʻrinlidir [7:44].

Samarqand va uning atrofi, umuman, Zarafshon vohasi hududi doimo aholi zich joylashgan hudud hisoblangan. Bu xususdagi maʼlumotlarga koʻra, Zarafshon okrugi aholisi Rossiya aholisiga nisbatan ham zich istiqomat qilgan. Aholi zichligi boʻyicha, hatto, Gʻarbiy Yevropadagi viloyatlardan ham qolishmasligi qayd etilgan [11:9].

Turkiston oʻlkasining birinchi general-gubernatori K.P.Kaufman ham oʻz hisobotlarida Zarafshon daryosi havzasida aholi zichligi toʻgʻrisida maʼlumot berib, uni Italiyadagi Lombardiya bilan taqqoslaydi [11:10].

Rossiya istilosi arafasida Samarqand shahri boshqaruvi turkiy urugʻ vakili Sherali inoq qoʻlida boʻlgan. Samarqand shahri aholisi haqida gap borganda uning tarkibiy qismlari boʻlgan mahallalar tavsifini berish oʻrinlidir. Shahar topografiyasi, oʻz oʻrnida, mahalla xususiyatidan kelib chiqib, aholi xoʻjalik hayoti, ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi va shahar boʻylab joylashuvini taʼminlaydi.

Zero, shahar  aholisi oʻz mashgʻuloti va turmush tarziga qarab alohida-alohida guzarlarda istiqomat qilgan. Samarqand shahri qiyofasi doimo yangi tashkil etilgan mahalla yoki mavzelar kengayishi hisobiga oʻzgarib borgan. Shahar guzarlari ijtimoiy ahamiyatdan tashqari maʼmuriy ahamiyatga ham ega boʻlgan.

Samarqand guzarlari toʻgʻrisida tadqiqot olib borgan M.M.Abramov shaharni maʼmuriy jihatdan toʻrt yirik dahaga boʻlgan [1:4].

1) Payqoboq; 2) Qalandarxona; 3) Xoja Ahror; 4) Soʻzanganron.

Oʻz navbatida, Payqoboq 22 ta, Qalandarxona 20 ta, Xoja Ahror 22 ta, Soʻzanganron 27 ta guzardan (kvartal) iborat boʻlgan [20:48].

Shahar mikrotoponimikasini guzarlar xususiyatidan kelib chiqib, yetti guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruhni shahar guzarlari aholisining kasb-koriga qarab nomlash mumkin. Zargaron mahallasida tillo buyumlar yasovchi ustalar, Soʻzangaronda igna yasovchi ustalar, Charmgaronda koʻnchilik va teri mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi ustalar, Xarrotonda yogʻoch ustalari, Kulolonda kulol ustalar, Zingaronda egar-jabdugʻ va ot abzali yasovchi ustalar, Sharbatdorda turli shirin ichimliklar tayyorlovchilar istiqomat qilgan.

Ikkinchi guruh guzarlar boshqa shaharlardan koʻchib kelishiga qarab nomlangan. Yaʼni aholi qaysi hududdan kelgan boʻlsa, oʻshanday nomlangan. Jumladan, Toshkandi, Xoʻjandi, Urguti, Zomini, Yomini, Shahrisabzi, Urmitani, Qashqari, Panjakenti kabi guzarlar boʻlgan.

Uchinchi guruh guzarlar nomi shahar meʼmoriy yodgorliklari nomlari bilan bogʻliq boʻlgan. Bunga Ruhobod, Goʻri Amir, Oq-saroy, Namozgoh, Koʻkmachit, Xonaqo, Madrasai Safed guzarlarini kiritish mumkin.

Toʻrtinchi guruhga Samarqand shahri topografiyasi bilan bogʻliq guzarlar kiritildi: Labi gʻor, Chaqar, Toli Regak, Baland koʻprik, Bogʻi baland, Kabolai yakum, Kabolai duyum, Puli mirzo, Gilburch va hokazo.

Beshinchi guruhga shahar tabiati bilan bogʻliq guzar nomlarini kiritish mumkin. Ular Kavarzor, Lolazor kabi mahallalar.

Oltinchi guruhga Navadon, Obimashad, Doniyorbek, Kulobod, Qoʻshhovuz kabi shahardagi suv inshootlari, sunʼiy ariqlar, suv manbalari nomlaridan kelib chiqqan guzarlar kiradi.

Yettinchi guruhga olimlar nomi berilgan guzarlarni, jumladan, Faqih Abu Lays, Maxdumi Xorazmiy, Dahbediy va hakozolar kiradi.

Guzarni aholining umumiy yigʻilishlarida saylanadigan oqsoqollar boshqargan. Har bir mahallaning markazi boʻlib, u yerda masjid va choyxona boʻlgan. Ushbu markazlarda savdo-ishlab chiqarish ustaxonalari, doʻkonlar va uncha katta boʻlmagan bozorlar ham boʻlgan [1:5]. Rossiya istilosidan keyin ham eski shahardagi guzarlar shaharning hududiy boʻlinishi doirasida oʻz mavqei va oʻrniga ega boʻlsa-da, huquqiy jihatdan davlat tuzilishi tizimiga kirmas edi. Shunday boʻlsa-da, guzarlarni ijtimoiy boshqarish, tartib-intizomni taʼminlash borasida yozilmagan qonun borligini eslatish joizdir. Rasmiy-huquqiy masalalar qozi va muftiylar muhokamasida qonun doirasida bajarilgan. Qozi va muftiylar bir necha guzarda shahar hokimi va keyinchalik imperiya hukumati farmoni bilan tayinlangan [8:81].

XIX asr oʻrtalarida Samarqand baland qalʼa devorlari bilan oʻralgan boʻlib, oltita darvozasi boʻlgan. 1. Shaharning janubi-sharqida ignachi kosiblar yashovchi mahalla nomi bilan ataluvchi Soʻzangaron darvozasi; 2. Shahar sharqidagi Qalandarxona darvozasi; 3. Shahar shimoli-sharqidagi Darvozai shoh yoki Shohizinda darvozasi; 4. Shaharning janubi-gʻarbiy tomonida Payqaboq darvozasi; 5.Shaharning gʻarbida joylashgan Darvozai Buxoro; 6. Shaharning janubidagi Xoja Ahror darvozasi [15:113].

Darvozalar dushman hujumidan shaharni muhofaza qilgan. Imperiya hukumatining kuchli qurol-aslahalari borligi uchun bu darvozalarga ehtiyoj qolmadi va rus harbiylari ularni olib tashlagan hamda shahar qalʼasini buzib yubordi. Bu davrda shahar mahallalarida chuqur ijtimoiy tabaqalanish jarayoni kechgan. Shaharda asilzodalar bilan birga oddiy xalq qatlamiga mansub kishilar yashagan.

Shahar aholisi etnik tarkibi nihoyatda xilma-xil boʻlgan. Oʻzbeklar, tojiklar bilan birga, eroniy, arab, afgʻon, hind, loʻli va yahudiylar kabi kam sonli millat vakillari istiqomat qilgan. Tarixiy maʼlumotlarda ularning XIX asr 60-yillarida son jihatdan aholi tarkibidagi ulushini turlicha uchratish mumkin. Shuningdek, ayrim etnik birliklarning bu shaharga qay tarzda kelgani, ularning kundalik yumushi toʻgʻrisidagi baʼzi maʼlumotlar ham uchraydi. Yahudiylar haqida V.V.Radlov “ular 100-150-yil oldin Erondan avval Buxoroga, keyin Samarqandga koʻchib kelgan”, deb maʼlumot beradi [10:38]. A.F.Fayziyevning keltirishicha, yahudiylar alohida mavzeda istiqomat qilgan. 1843-yili Amir Nasrullo Samarqand shahrida, sharqiy darvoza yaqinida, Chokardiza qabristoni yonida oʻn ming kumush tangaga alohida guzar tashkil qilishi uchun ularga 11 tanob yerni sotgan [17:8]. Ular asosan etikdoʻzlik, zardoʻzlik va hunarmandchilikning boshqa turlari bilan shugʻullangan.

XIX asr ikkinchi yarmida Samarqand shahri aholisining ijtimoiy-siyosiy hayotida jiddiy oʻzgarish sodir boʻldi. Imperiya boshqaruv tizimining oʻrnatilishi yangi etnik qatlamni yuzaga keltirdi. Siyosiy kuch sifatida Rossiya imperiyasi tarkibidagi turli millat vakillaridan iborat soha mutaxassislarining koʻchirib keltirilishi ham bu jarayonga taʼsir koʻrsatdi. D.L.Ivanovning keltirishicha, Samarqandda yashovchi yahudiylar amirlik davrida baʼzi huquqlardan mahrum boʻlib, shaharda oʻzlari uchun sinagoga (ibodatxona) qurish, otda yurish, musulmonlar kiyimini kiyish, etik kiyish va yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega emas edi. Yahudiylar uchun bozor orqasida alohida mavze ajratilib, ularning hammasi oʻsha mavzeda istiqomat qilgan. Shu tariqa “jugut guzar” shakllangan. Samarqand imperiya qoʻshinlari tomonidan egallangach, mahalliy aholi va yahudiylar imperiya uchun bir xil – qaram aholi maqomiga ega boʻldi. Yahudiylarga nisbatan amirlik davrida joriy etilgan taqiqlar bekor qilingan. Natijada ular imperiyaning oʻlkadagi hokimiyatiga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻla boshladi. Yahudiylar ruslar bilan yaqinlashib, tezda rus tilini oʻzlashtira boshladi [5:53].

Yahudiylarning siyosiy dunyoqarashi va ijtimoiy hayotdagi faolligi yangi tuzumga koʻnikishini tezlashtirdi. Yahudiylar savdogarlari boshqa savdogarlarga raqobatdosh boʻlgan. Ular birinchilardan boʻlib, yangilikka qoʻl urgan va rus taʼlim muassasalarida oʻqiy boshlagan. Bundan tashqari, yahudiylar qoʻshni xonliklarda boʻlayotgan barcha siyosiy jarayonlarni tezda anglab, u haqda ruslarni ogohlantirib turgan [5:54].

Samarqand atrofida oʻzbeklarning qangʻli, nayman, qoʻngʻirot, qipchoq xitoy, qiyot, chigʻatoy, doʻrmon, ming, qirq, yuz, qoraqalpoq, saroy, qirgʻiz, turk, mangʻit, bahrin kabi urugʻlari istiqomat qilgan [19:515]. Samarqandda etnik birlik sifatida hindlar ham istiqomat qilgan. Ular Samarqandga savdo maqsadida kelgan va shu yerda oʻrnashib qolgan. Ular asosan sudxoʻrlik, hind mahsulotlarini sotish va shu kabilar bilan shugʻullangan [1:8].

Shahar aholisining ijtimoiy guruhlarini ularning mashgʻulot turiga qarab ham tasniflash mumkin. Mahsulot turiga qarab, savdo qiluvchi mayda savdogarlar – bazzozlar, attorlar va baqqollar kabi nomlar bilan atalgan [8:47].

Eski shahar hududi esa 364 desyatina (396,76 gektar), 2100 kv sajenni (4473 kv,m) tashkil qilib, past balandliklardan iborat. Eski shaharda keng va tor koʻchalar soni 166 ta boʻlib, ulardan 11 tasi qayroqtosh bilan qoplangan hamda uzunligi 15,5 verstni tashkil etgan. Ushbu 11 ta koʻchadan tashqari, 12-koʻchaga toshli quvur va koʻprik qurilgan [16:7]. Ushbu koʻpriklar rus hukumati tomonidan toʻgʻri shaklda atrofiga daraxtlar ekilib, aholi yurishi uchun qulay etib qurilgan. Boshqa barcha koʻchalar: tor, egri-bugri eski uslubda, chang-toʻzonli, suv yurishi uchun ariqlarga ega boʻlmagan, ularning eng muhimlari 55 ta kerosin chiroq yordamida yoritilgan [16:6].

Eski shaharda 4 ta yirik markaziy maydon boʻlib, bular: 1. Registon maydoni, unda tosh yotqizilgan va u bozor hayoti markazi vazifasini oʻtagan; 2. Bibixonim maydonida tosh yotqizilmagan. U yerda bozor va 3 ta non rastasi boʻlgan [16:9]; 3. Bibixonim maydoni qarshisida mol bozori maydoni boʻlib, unga ham tosh yotqizilmagan. Unda yirik shoxli hayvonlar, tuya va qoʻylar sotilgan; 4. Shaharda somon bozor maydoni ham mavjud boʻlib, u mustamlaka maʼmuriyati qurdirgan qalʼaning janubiy qismida joylashgan.

Eski shaharda Amir Temur maqbarasi yonida xiyobon mavjud boʻlib, unga turli xil daraxtlar ekilgan [16:13]. Shohizinda masjidi roʻparasida ham rus hukumati tomonidan xiyobon tashkil qilingan. Ikkita xiyobon ham chiroyli manzarasi bilan ajralib turgan, koʻchalarida tosh yotqizilgan va yaxshi holatda saqlangan. Bu xiyobonlar mahalliy aholi sayr qilishi uchun eng qulay joy boʻlgan.

Eski shaharda 5 ta davlat, 172 ta jamoat, 5154 ta xususiy uy mavjud boʻlgan [13:16]. Xususiy uylardan, ayniqsa, savdogar Hoji Mirvafoning uyi eʼtiborni tortadi. Uy gʻishtdan qurilgan boʻlib, ikki qavatli ham rus, ham mahalliy meʼmorchilik uslublari asosida bunyod etilgan. Boshqa mahalliy aholi uylari bir yoki ikki qavatli boʻlib, koʻchaga qaratilgan derazalarsiz, sinchli guvaladan qurilgan. Qiya tuproq tom qismiga ega koʻrinishda pechkasiz qurilgan, koʻmir bilan isitilgan. Shuning uchun uylar sovuq, poli loy suvoq yoki pishiq gʻishtdan qurilgan. Uylarning hovlilari tor, betartib joylashgan. Shahardagi qurilishlarning zichligi tufayli daraxt va hovuzlar ayrim uylardagina uchraydi. Mahalliy aholi esa ehtiyoj uchun, xoʻjalik va bogʻlarni sugʻorish uchun Siyob, Siyobcha kanallaridan, Obimashhad, Abdidarun, Koʻnchilik kabi chashma buloqlar suvidan foydalangan.

 Shuni taʼkidlash joizki, rus meʼmorlari davlat va jamoat binolari hamda xususiy uylarni loyihalashtirishda mahalliy meʼmorchilik yutuqlariga tayangan. Shu masala boʻyicha G.N.Chabrov “Rus meʼmorlari va quruvchilari turar joy binolarini qurishda mahalliy usullarni jon-jon deb qoʻllagan. Yogʻoch uylar oʻrniga loy uy qurgan, shift va pollarni mahalliy namuna boʻyicha yasagan. Yogʻochni tejash maqsadida ichki osma eshiklar oʻrniga gilam va paloslardan foydalangan, uylarning zaruriy qismi – ayvonni rus quruvchilari uncha xush koʻrmagan, biroq keyinchalik keng qoʻllay boshlagan” deb keltiradi [6:37].

Bu davrda shahar ikki qismga: “eski” va “yangi” shahar qismlariga boʻlinib, maʼmuriy jihatdan “eski” shahar 4 ta dahaga va “yangi” shahar alohida qismlarga ajratildi. Shaharni maʼmuriy jihatdan boʻlinishida dahalarning (Payqaboq, Qalandarxona, Xoja Ahror, Soʻzangaron) tarixiy xususiyatlari va geografik holati hisobga olingan.

Xulosa qilib aytganda, XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Samarqand Rossiya imperiyasining Turkistondagi muhim iqtisodiy va siyosiy ahamiyatga ega shahri boʻlib, bu yerdagi umumiy siyosiy va ijtimoiy vaziyat umumturkiston darajasida edi. Bu davrda shahar meʼmorchiligida oʻziga xos aralash uslub namunalari hatto bugungi kunda ham shaharga koʻrk berib turibdi.

Iqtisodiy va siyosiy jarayonlar oʻz oʻrnida ijtimoiy hayotning murakkabligiga sabab boʻlishi bilan birga, madaniyatning xilma-xilligi va rang-barang boʻlishiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazgan. Samarqand shahrining oʻziga xos xususiyatlaridan biri – unda turli etnik guruhlar yashagani va ularning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi roli edi. Samarqandning “eski shahar” qismidagi hayot maʼmuriy jihatdan katta oʻzgarishlarga duch kelmagan. Avvalgidek, shahar dahalarga boʻlingan va ular guzarlarga boʻlingan holda anʼanaviy idora etish usuli bilan boshqarilgan.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Абрамов М.М. Гузары Самарканда. – Т.: Узбекистан, 1989. – С. 4.
  2. Абу Тохир Хожа. Самария. – Т.: Мерос, 1989. – Б.14.
  3. Curzon Georg N. Russia in Central Asia in 1889 and the Anglo-Russian question. Frank Cass&CoLTD, 1967. – P.230.
  4. Зияева Д. Ўзбекистон шаҳарлари XIX аср иккинчи ярми – XX аср бошларида. – Т., 2013. – Б.111.
  5. Иванов Д.Л. Самарканд. – М., 1872. – С.53.
  6. Исмаилова Ж. XIX аср иккинчи ярми – XX аср бошларида Тошкентнинг “янги шаҳар” қисми тарихи… – Б.37.
  7. Назаров Ф. Записки о некоторых народах и землях средней части Азии. – СПб, 1891. – С.44.
  8. Morrison A.S. Russian rule in Samarkand 1868-1910. A Comparision with British India. – Oxford University Press. 2008. – P.81.
  9. Нормуродова Г.Б. XIX аср охири ва XX аср бошларида Самарқанд вилояти аҳолисининг ижтимоий стратификацияси … – Б.47.
  10. Радлов В.В. Средняя Зерафшанская долина. – Записки русского географического общества по отделу этнографии. Т. IV. – СПб, 1880. – С. 38.
  11. Саидкулов Т.С. Самарканд во второй половине XIX – начале ХХ веков. Из социально-экономической и политической истории средней части Зеравшанской долины (учебное пособие для студентов) – Самарканд, 1970. – С.8.
  12. Соколов Ю.А. Бухара, Самарканд, Келиф в 1813 г. Публикация отрывка из “Путешествия мир-Иззатуллы в Среднюю Азию 1812-1813 гг.” Труды ТашГУ им. Новая серия. Вып. Х. Исторические науки. Кн. 14. – Ташкент, 1957. – С.196.
  13. Справочная книжка Самаркандской области на 1891 год. Самарканд, 1891. – С.16.
  14. Сухарева О.А. Оборонительные стены Самарканда. В Кн.: Культура и искусство народов Средней Азии в древности и средневековье. – М., 1979. – С. 85-89.
  15. Ўзбекистон Миллий энциклопедияси. – Т.: Ўзбекистон Миллий Энциклопедияси нашриёти, 2004. 7-том. – Б.113.
  16. ЎзР МА. И 5-Фонд, 1-рўйхат, 551-иш, в. 13.
  17. Файзиев А.Ф. История Самарканда в первой половине XIX века (учебное пособие).– Самарканд, 1992. – С.8.
  18. Ханыков Н.В. Описание Бухарского ханства. – СПб., 1843. – С.100.
  19. Хорошхин А.Л. Сборник статей, касающихся до Туркестанского края. – СПб, 1876. – С.515.
  20. Ҳодизода Р. Самарқанднома. – Т.: Тафаккур, 2011. – Б.48.
OLIMJON IRISQULOV,
SamDU dotsenti

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …