Home / FOTO LAVHALAR / Kitobat tarixi moziydan soʻzlaydi

Kitobat tarixi moziydan soʻzlaydi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) hamkorligida yaqinda start olgan «MARKAZIY OSIYO – ISLOM MADANIYATI VA SANʼATI OʻCHOGʻI» nomli ilmiy loyiha doirasida navbatdagi onlayn seminar oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tarix instituti, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston Davlat sanʼat va madaniyat instituti, Samarqand Davlat universiteti, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Buxoro Davlat universiteti olimlari, Markaz ilmiy xodimlari, IRCICA vakillari hamda Turkiya va Avstriyadan koʻplab tadqiqotchilar jami qirqqa yaqin nuqtadan turib qatnashgan seminarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori (DSc), katta ilmiy xodim Shovosil Ziyodov «Buxoro amirligi kutubxonalari tarixidan» mavzusida maʼruza qildi.

Olim dastlab Buxoro kutubxonalari tarixiga oid ilk maʼlumotlar uchraydigan IX asrning oxiri – Somoniylar hukmronligi davriga toʻxtaldi. Taʼkidlanganidek, X asrda Somoniylar sulolaviy kutubxonasi Buxorodagi eng yirik qoʻlyozma kitob majmuasi boʻlgan. Amir Nuh ibn Mansurni davolab, mazkur kutubxonadan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan Abu Ali ibn Sino uni bunday taʼriflagan: «…bir qancha xonadan iborat kitob xazinasiga kirdim. Har bir xonada ustma-ust sandiqlar qoʻyilgan, bittasida arabcha kitoblar, boshqasida – fiqhga oidlari сақланади… shunday kitoblarni koʻrdimki, ularning nomini ham hali hech kim eshitmagan. Shunga qadar oʻzim buncha kitob koʻrmaganman. Bu noyob kitoblarni oʻqib chiqdim, ulardagi foydali ilmlarni oʻzlashtirib, har bir muallif oʻz sohasida buyuk olim ekaniga tan berdim, ilmiy darajasini bilib oldim».

Arab istilosiga qadar toʻplana boshlagan yana bir sulolaviy kutubxona Gurganjda boʻlib, Xorazmshoh Maʼmun va Anushtegin avlodlari davrida gʻoyat gurkiragan va orasida Abu Rayhon Beruniy va Ibn Sino ham boʻlgan akademiya (Xorazm Maʼmun akademiyasi) olimlariga xizmat koʻrsatgan.

Maʼruzachi kutubxonalar tarmogʻi takomillashuviga xizmat qilgan omillar va kutubxona ishi tarixiga oid maʼlumotlar keltirilgan koʻplab asarlar xususida maʼlumot berdi. Shuningdek, Buxoro qozikalonlarining sulolaviy kutubxonalari va Xoja Muhammad Porso kutubxonasiga oid yangi maʼlumotlar, Joʻybor hojilarining Govkushon kutubxonasiga vaqf qilingan kitoblar, ularda uchraydigan qiziqarli maʼlumotlar va muhrlar tavsifini keltirdi.

Olimning taʼkidlashicha, bu kutubxonalarda saqlangan kitoblar hali yaxshi oʻrganilmagan. Yurtimizdagi qoʻlyozma fondlarida umuman tadqiq etilmagan topilmalar uchrab qolishi ham tabiiy. Mazkur fondlarda saqlanayotgan qoʻlyozmalarning kelib chiqishi borasida javobsiz qolib kelayotgan masalalar yechimi diyorimizning kitobat tarixi va kutubxonachilik madaniyati tadqiqida muhim oʻrin tutib, eng avvalo din tarixi, siyosiy tarix va kodikologiya, umuman, Oʻrta Osiyo va davlatchiligimiz tarixini yanada chuqurroq oʻrganish imkonini beradi.

Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Bayram munosib qarshilandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 11-noyabr – “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni”ga bagʻishlab, sogʻlom turmush tarzi …