Home / YANGILIKLAR / MEHR-MURUVVAT VA SHUKRONALIK AYYOMI

MEHR-MURUVVAT VA SHUKRONALIK AYYOMI

Iyd al-Adho – Qurbon hayiti zulhijja oyining dastlabki oʻn kunligi yakuniga toʻgʻri keladi. Islom mehr-muruvvat, saxovat, insonparvarlik, bagʻrikenglik, maʼrifat va tinchlikparvarlik dini sifatida silai rahm, kattaga hurmat, kichikka izzat, yetimlarga gʻamxoʻrlik va muhtojlarga yordamni ham ulugʻ ibodatlar qatoriga qoʻshgan. Zulhijja oyining birinchi oʻn kunida bu fazilatlar yanada yorqin namoyon boʻladi. Odamlar bu gʻanimat kunlarda zikr va ehsonga, harom amallardan saqlanishga, qalb pokligi va husni xulqqa yana ham koʻproq eʼtibor beradi. Gina-kuduratlar boʻlsa, uzr-maʼzur qiladi. Imkon qadar oʻzgalarning ogʻirini yengil qilishga shoshiladi.

Haj ibodati ham ayni shu kunlarda ado etiladi. Shu bois, bu oy “zulhijja”, yaʼni “haj sohibi” deb ataladi.

Qurbon hayitining yana bir ulugʻ jihati bor. Bu kunlarda butun dunyo boʻylab millionlab yoʻqsillarning bahri dili ochiladi — ular anchadan buyon koʻrmay-totmay kelayotgan neʼmatlardan bahra oladi.

Sir emaski, jahonda hayotida “koʻrmoq” va “yemoq” soʻzlari uygʻunlashmay kelayotgan millionlab odamlar bor. Xususan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi boʻyicha tashkiloti — FAO maʼlumotlariga koʻra, bugun dunyoda 828 milliondan ziyod inson ochlikdan aziyat va azob chekmoqda. Shuni inobatga oladigan boʻlsak, Qurbon hayitining naqadar muazzam ayyom ekani yanada yaqqol namoyon boʻladi.

Bugun mamlakatimizda ana shu ulugʻ bayram shukuhi kezib yuribdi. Yurtdoshlarimiz bu kunlarda muttasil ravishda saxovat amallarini ado etmoqda. Koʻpchilik bularni bajarish barobarida dinimizdagi insonparvarlik gʻoyalarini tarannum etuvchi buyuk ibodat — qurbonlik amalini bajarishga hozirlik koʻryapti.

Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “Ular oʻz (diniy va dunyoviy) manfaatlariga shohid boʻlish uchun va maʼlum kunlarda (Alloh) ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlariga (ularni qurbonlik uchun soʻyishda) Alloh nomini zikr qilish uchun kelurlar. Bas, undan oʻzingiz ham yeyaveringiz, bechora-kambagʻallarga ham yediringiz!” (Haj surasi, 27-28-oyatlar).

Mashhur tafsir ulamolari “maʼlum kunlar” jumlasini zulhijja oyining birinchi oʻn kunligi, deb eʼtirof etgan. Oyat va hadislarda kelgan dalillarga binoan, zulhijja oyining dastlabki oʻn kuni dinimizda hayoti dunyodagi eng afzal kunlar, deb taʼriflanadi.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Bu kunlarda qilingan yaxshi amallar Alloh taologa boshqa kunlardagidan koʻra suyukliroqdir”, deganlar.

Shu bois, zulhijjaning birinchi oʻn kunligida yurtimiz musulmonlari hamjihatlik bilan joylarda nogironlar, yolgʻiz keksalar, boquvchisiz qolganlar, kam taʼminlangan oilalar, mehnat faxriylarini yoʻqlab, holidan xabar olib, koʻtarinki kayfiyat ulashadi. “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga ziyoratlar uyushtiriladi, xayriya tadbirlari oʻtkaziladi.

Shu kunlarda butun dunyo musulmonlari qatori minglab yurtdoshlarimiz ham haj ziyoratini ado etmoqda. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, hojilar sonining kvotasi avvallari 5200 ni tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda 7200 ga, 2022-yilda 12000 ga, 2023-yildan esa 15000 ga yetkazildi. Albatta, bu doim amal qiladigan qatʼiy raqam emas. Kelgusida hajga boruvchilar sonini bosqichma-bosqich oshirib borish rejalashtirilgan.

Bevosita bu yilgi ziyorat haqida soʻzlaydigan boʻlsak, “Haj — 2024” mavsumiga tayyorgarlik doirasida maxsus ishchi guruh Saudiya Arabistoniga avvaldan yetib borib, Makka va Madina shaharlaridagi mehmonxonalarda, shuningdek, Mino, Arafot va Muzdalifada boʻlajak hojilarimiz uchun barcha sharoitlarni hozirlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirdi.

Yurtimiz ziyoratchilari 23-maydan 7-iyungacha mamlakatimizning 10 xalqaro aeroporti — Toshkent, Namangan, Fargʻona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch, Nukus shaharlaridagi havo darvozalari orqali Madina shahriga yuborildi. Endi 22-iyundan 12-iyulga qadar barchasi Jidda shahridan Oʻzbekistonga olib kelinadi.

Quyidagi jihatga ham eʼtibor bering: ziyoratchilarimiz Madina shahrida “Masjidi Nabaviy”dan 100 metr masofada joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasida, Makkai mukarramada esa “Abraj al-Dana”, “Al-Ayam Elite”, “Dali Hotel”, “Najma Al-Saad”, “Open Hotel”, “Shueae Nozha Hotel”, “Ayed AlSaha” mehmonxonalarida istiqomat qilmoqda. Mavsum davomida oʻzbekistonlik hojilarga xizmat koʻrsatish, yordam berish, yoʻl-yoʻriqni bildirib borish uchun yuqori malakali shifokorlar, oshpazlar va guruh rahbarlari (ellikboshilar) jalb etilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, boʻlajak hojilarimiz ibodatlarini emin-erkin va toʻlatoʻkis amalga oshirishi uchun barcha sharoit muhayyo qilingan. Bu yogʻiga ularga sabr-toqat, bardosh, mustahkam sogʻliq, egilmas iroda, kuchli taqvo tilaymiz.

Fursatdan foydalanib, bayram arafasida yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, aniqrogʻi, ulkan oʻzgarishlar haqida toʻxtalsak. Bu yangilanishlarning, ayniqsa, ilm-maʼrifat sohasidagi koʻlamini bir-ikki soʻz bilan taʼriflash mushkul. Qisqa vaqtda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hadis ilmi maktabi tashkil qilindi. Buxorodagi Mir Arab madrasasiga yangi hayot baxsh etildi. Bu muassasalarning barchasi xalqimizning koʻp asrlik ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, diniy va dunyoviy jihatdan tadqiq etish, milliy va xalqaro miqyosda targʻib qilish bilan birga jaholatga qarshi maʼ rifat bilan kurashishga ham xizmat qiladi, albatta.

Bir jihatni faxr bilan aytib oʻtish kerakki, Oʻzbekiston xalqi nafaqat Xorazmiy, Zamaxshariy, Ibn Sino, Beruniy, Ulugʻbek singari butun insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga hissa qoʻshgan, balki ayni paytda Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Burhoniddin Margʻinoniy kabi islom ilmlari taraqqiyotida gʻoyat salmoqli oʻrin tutgan ajdodlari bilan haqli ravishda faxrlanadi. “Sahihul Buxoriy” islom olamida Qurʼoni karimdan keyingi eng moʻtabar manba sanaladi. Dunyo musulmonlarining katta qismi Imom Moturidiy aqidasini asosiy tayanch deb biladi.

Yangi ochilayotgan ilm maskanlari odamlarni, ayniqsa, yosh avlodni toʻgʻri yoʻlga solishda muhim oʻrin tutadi. Ulugʻ allomalarimizning boy ilmiy merosi esa buning uchun mustahkam poydevor vazifasini oʻtaydi.

Mamlakatimiz bu yoʻnalishda yangi ilmiy markazlar ochish bilan cheklanib qolmayapti, albatta. Yurtimizda hukumat va mana shunday muassasalar tashabbusi bilan xalqimiz orziqib kutgan asarlar oʻzbek tilida nashrdan chiqmoqda. “Taʼvilotul Qurʼon”da Imom Moturidiy barcha botil oqimlarga ilmiy asoslangan raddiya berish bilan birga keyingi davrlarda kimlardir tomonidan tugʻilishi mumkin boʻlgan savollarga javob ham berib ketgan. Kitobning dastlabki oʻzbekcha juzlari bilan tanishgan kishi “Agar falon narsani soʻrasalar, biz mana bunday javob beramiz” jumlalarini koʻp kuzatishi mumkin. “Sahihul Buxoriy”ning ham bir necha tarjimasi bosmadan chiqdi. Hadislarning muhimligi shundaki, ular orqali islomning mohiyati, arkonlari va boshqa jihatlari toʻliq anglanadi.

Shuningdek, xayrli tashabbuslar natijasida turli ilmiy anjumanlar tashkil etilmoqda. Ular orqali ham koʻhna Movarounnahr allomalarining boy merosi xalqaro miqyosda targʻib etilmoqda, ham xorijlik ulamo va mutaxassislar bilan jaholatga qarshi maʼrifat vositasida kurashish gʻoyasi yoʻlidagi saʼy-harakatlar birlashtirilmoqda.

Ularning soʻnggisi 4-iyun kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Turkiyaning Islom tadqiqotlari markazi bilan hamkorlikda tashkil qilingan Hanafiy mazhabi boʻyicha IV yillik xalqaro konferensiya boʻldi. Unda Turkiya, AQSH, Avstriya, Germaniya va mamlakatimizning yetakchi islomshunos olimlari ishtirok etdi.

Yangi ochilayotgan markazlarga nufuzli xalqaro tashkilotlar xayrixohlik bildirishi, ularning ahamiyati haqida toʻlib-toshib soʻzlashi ham Oʻzbekiston tanlagan yoʻlning toʻgʻri ekanidan dalolatdir.

Sami Ayyub, Texas universiteti professori:

— Ayni paytda Oʻzbekiston ilm-fan sohasini yanada taraqqiy toptirish orqali dun yoga boshqa jihatdan ham yuz ochyapti. Tashkil etilayotgan koʻplab ilmiy markazlarning oʻzi buning yorqin bir tasdigʻidir. Maqsad bitta — Movarounnahrdan yetishib chiqqan allomalar ilmiy merosini oʻrganish yoʻlida olib borilayotgan tadqiqotlarni muvofiqlashtirish. Shu maqsadda qilinayotgan har bir ish muhim va xayrlidir. Bu borada biz bir yoʻlda ekanimizdan mamnunmiz va oʻzaro izchil hamkorlik uchun asoslar yetarli, deb hisoblaymiz.

Devin Deviz, Indiana universiteti professori:

 — Oʻzbekistonga ilk bor 40-yil avval kelganman. Shu bois, bugun yurtingizda ilm-fanga qaratilayotgan eʼtiborning koʻlami boshqa xorijlik olimlardan koʻra menga koʻproq bilinadi. Hukumatingiz gʻamxoʻrligi natijasida vujudga kelgan akademik doiralardagi fikrlar xilma-xilligi va tadqiqotchilar topayotgan ragʻbat meni boshqalardan koʻra koʻproq quvontiradi. Markazingiz esa tadqiqotlar boʻyicha koʻplab xorijiy olimlar ishlarini muvofiqlashtirish borasida ham oʻzini namoyon etishga ulgurdi. Buni soʻnggi vaqtda oʻtkazilayotgan qator nufuzli anjumanlardan ham bilsa boʻladi. Mazkur xalqaro tadbirlar uchun tanlanayotgan mavzular hamda koʻtarilayotgan masalalar dolzarbligi jihatidan koʻplab davlatlar olimlari eʼtiborini tortyapti.

Bruno de Nikola, Avstriya Fanlar akademiyasi professori:

— Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi misolida yurtingizda yetuk olim va istiqboli porloq tadqiqotchilarning yangi avlodi shakllanayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Ularning manbalar bilan ishlash hamda qiyosiy tahlil borasidagi koʻnikmalari jahon andazalariga mos keladi. Bunga davlatingiz tomonidan ilm-fan taraqqiyotiga berilayotgan yuksak eʼtibor sifatida baho berish oʻrinli. Movarounnahr islom sivilizatsiyasi beshigi deb tan olingan. Ayni paytda bizning olimlarimiz bu hududda yaratilgan qoʻlyozmalarning Yevropa mamlakatlari va Eronga tarqalishini, ushbu davlatlarda saqlanayotgan manbalarning Markaziy Osiyoga bogʻliq jihatlarini oʻrganmoqda.

* * *

Albatta, bularning barchasi Prezidentimizning diniy-maʼrifiy sohaga qaratayotgan yuksak eʼtiborlarining amaliy natijasidir. Ushbu fayzli kunlarda butun xalqimizni muborak Qurbon hayiti bilan qizgʻin muborakbod etib, Yaratgandan yurtimizda tinchlik va farovonlik barqaror boʻlishini, oilalarimizdan qut-baraka arimasligini tilab qolamiz. Alloh taolo barcha ibodatlarimizni qabul aylab, duolarimizni ijobat etib, xayrli ishlarimizda madadkor boʻlaversin! Qurbon hayitining qut-barakasi va barcha fazilatlari dillarimiz va goʻshalarimizni charogʻon qilaversin!

Shovosil ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2024-yil 16-iyun, 119(1180) son

Check Also

“Maʼrifat karvoni” — maʼnaviyatning nurli yoʻlida

“Maʼrifat karvoni” ilmiy-maʼrifiy va madaniy targʻibot loyihasi doirasida 5-dekabr kuni Qashqadaryo, Navoiy, Andijon va Toshkent …