Home / MAQOLA / “ALLOH OSMONDA” DEYDIGANLARGA RADDIYA

“ALLOH OSMONDA” DEYDIGANLARGA RADDIYA

Islom tarixiga nazar solinsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrida ham, sahobai kiromlar davrida ham “Alloh taolo osmondami, yerdami?” degan savolga oʻrin yoʻq edi. Chunki musulmonlar Alloh taoloni Qurʼon va hadis asosida tanir edi. Keyingi salaf ulamolar ham eʼtiqoddan chalgʻituvchi aqidaviy masalalarni ommaga koʻtarib chiqishdan oʻzlarini saqlagan. Tavhidga oid masalalarda ilmsiz va tavhid ilmiga salohiyatsiz kishilarni suhbatdan chetlatishgan.

Imom Molikdan naql qilingan rivoyatda: “Rasululloh ummatga istinjoni oʻrgatib, tavhiddan taʼlim bermasliklari mumkin emas. U zot hadisda: “La ilaha illalloh” deyish bilan kishi musulmon boʻladi”, deb aytganlar. Lekin biror hadisda Alloh taologa yuqori tomonni, yaʼni osmonni nisbat berish tavhidga aloqador, deb aytilmagan” deyilgan.

Imom Shofeʼiy: “Aqlli kishiga Alloh taoloni biror narsaga oʻxshatish ham, bu mavzuda chuqur ketish ham harom”, degan.

Imom Ahmad aytadi: “Alloh taolo Oʻzi aytgan yoki Rasululloh vasf etgan narsa bilan sifatlanadi. Bunda Qurʼon yoki hadisga qoʻshimcha qilmaymiz…

 ﴿لَيْسَ كَمِثْلِهِ شَيءٌ﴾

“Unga oʻxshash biror narsa yoʻq”[1] deb eʼtiqod qilamiz. Uning sifatlari va feʼllarining oʻxshashi yoʻq. Nuqson va yaratilganlikni anglatuvchi barcha narsadan Alloh azza va jalla pokdir….”.

 “Alloh taolo qadim va azaliydir. U biror narsaga oʻxshamaydi va biror narsa Unga ham oʻxshamaydi. Unga tomon va makon nisbati berilmaydi. Vaqt va zamon Unga taʼsir qilmaydi. Alloh taologa nisbatan “Qayerda? Qaysi tomonda?” degan savollarni ishlatish nojoiz. Jannatda musulmonlar Uni tomonsiz, shaklsiz va tasavvursiz koʻradilar. U zot makonni va zamonni yaratdi. U oldin qanday boʻlsa, hozir ham shundaydir”.[2]

 Kalom ilmi olimi, muhaddis Abu Jaʼfar Tahoviy “Aqiydatut Tahoviy”  asarida Alloh taoloni yuqorida, osmonda deyish mumkin emasligi haqida bunday degan: “Alloh taolo chegara, aʼzo, asboblar bilan sifatlanmaydi va Uni olti tomon maxluqotlardek qurshab olmaydi”. Bu matnda Alloh taologa olti tomonni, yaʼni yuqori, past, oʻng, chap, old va orqa tomonlar nisbatini berib: “Alloh osmonda, pastda, oʻngda yoki chapda” deyish mumkin emasligi aytilmoqda.

Aslida, musulmon kishi oʻz aql doirasidan tashqari boʻlgan, eʼtiqodiga putur yetkazadigan “Alloh taolo osmonda” degan fitnali masala bilan oʻralashib yurishi notoʻgʻridir. 

Zamonaviy “salafiy”larning ijtimoiy tarmoqlardagi “Alloh taolo osmonda” degan fitnasi musulmonlar orasida ixtilof va tafriqalanish kelib chiqishiga sabab boʻlgan mavzulardan biridir. Ular “Alloh taolo osmonda” degan soʻziga “Mulk” surasidagi 16-oyatni dalil qiladi:

 ﴿أَأَمِنْتُمْ مَنْ فِي السَّمَاءِ أَنْ يَخْسِفَ بِكُمُ الْأَرْضَ فَإِذَا هِيَ تَمُورُ﴾

 “(Ey, Makka kofirlari,) yo sizlar osmondagi zot sizlarni yerga yuttirib yuborishidan, bas, birdaniga (yer) larzaga kelishidan (sizlarni halok qilishidan) xotirjammisizlar (qoʻrqmaysizmi)?!

Soxta salafiylar bu oyatdagi “مَنْ فِي السَّمَاءِ” “man fis samai – osmondagi zot” soʻzi Alloh taoloni anglatadi, deb soʻzlariga mazkur oyatni dalil qiladi. Ammo Imom Bagʻaviy, Imom Qurtubiy kabi aksar mufassirlar Jabroil alayhissalom Sadum ahlini yerga yuttirganini dalil qilib, oyatdagi “man” soʻzidan Jabroil alayhissalom tushuniladi, degan. Hofiz Abdulbar kabi mufassirlar oyatdagi “osmondagi zot” soʻzidan “Arshdagi Zot” tushuniladi, degan. Ayrim mufassirlar esa “osmondagi zot” soʻzini “osmonlardan ham oliy boʻlgan Zot”, ayrimlari “osmonlarni yaratgan Zot” deb tafsir qilgan.[3]

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu ushbu oyatdagi “osmondagi zot” soʻzini “Allohning qudrati, sultonligidagi osmon, Arsh nazarda tutilgan”, deb tafsir qilgan. Bu oʻrinda Ahli sunna ulamolari “osmondagi zot” soʻzini “Allohning sultonligi, azob farishtalari, Jabroil alayhissalomdir” deb taʼvil qilgan.[4]

Soxta salafiylar “Alloh taolo osmonda” degan eʼtiqodlariga asos sifatida  “Fussilat” surasi,[5] “Anʼom” surasidagi[6] mutashobeh oyatlarni ham keltirishadi. Ularga quyidagi “Oyat al-Kursiy” nomi bilan mashhur oyatdan keltirish bilan javob beramiz:

 ﴿وَسِعَ كُرْسِيُّهُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ﴾ 

“Uning Kursiysi[7] osmonlar va Yerni (ham) oʻz ichiga sigʻdira olur”.[8]

Shuningdek, Abu Zarr Gʻiforiydan rivoyat qilingan quyidagi hadis ham ularning bunday aqidasi botil ekanini koʻrsatadi:

قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: والَّذي نفسي بيدِهِ ، ما السَّماواتُ السَّبعُ والأرَضينُ السَّبعُ عندَ الكُرسِيِّ  إلا كحَلقَةٍ مُلقاةٍ في أرضِ فلاةٍ ، وإنَّ فضلَ العرشِ على الكُرسِيِّ كفَضلِ الفلاةِ على تِلكَ الحَلقَةِ

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Jonim Uning qoʻlida boʻlgan zot (Alloh)ga qasamki, yetti osmon va yetti yer[9] (hajm jihatidan) Kursiyning oldida sahroga tashlangan uzukdan boshqa hech narsa emas, Arshning Kursidan (hajmdagi) ustunligi sahroning uzukdan ustunligi kabidir”.[10]

Mazkur hadis salafiylarga boshqa savolga oʻrin qoldirmaydigan darajada naqliy va aqliy jihatdan ochiq raddiyadir.  Aqli raso, aqidasi sof musulmon bu hadis orqali mutashobeh oyatlarni notoʻgʻri talqin qilayotgan, oʻzlarining “Alloh osmonda” degan botil eʼtiqodini xaspoʻshlayotgan soxta salafiylarning qanchalar adashganini bilib oladi. 

Oyat va hadisdan maʼlum boʻladiki, Alloh taoloning Arshi va Kursisi inson tasavvuridan yiroq darajada ulkandir! Osmonlar va Yer esa Kursiyning qarshisida  sahroga tashlangan halqa kabidir.  Bas, shunday ekan, Alloh taoloni osmonda deyish umuman notoʻgʻri eʼtiqoddir!

[1] Shuro surasi, 11-oyat.
[2] Qarang: Noʻmon ibn Sobit – Imom Abu Hanifa. Fiqhul akbar. Musannif: Muhammad Abu Bakr Abdulloh Bazib. – Toshkent 2020. – B. 22.; Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud – Imom Abu Mansur Moturidiy. Risolatut tavhid. Musannif: Abdulaziz Haqqiy Botumiy. “Dorun nuril mubin” nashriyoti. – Ummon  2023.  – B.38-40.
[3] Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad Ansoriy Qurtubiy. Tafsiru Qurtubiy. “Muassasatur risola” nashriyoti. – Bayrut, 2006. 18-jild. – B 200.
[4] Qarang: Mulk surasi, “Bahrul muhit”, “at-Tahriru vat tanvir”, “Tafsiru Fathul Qadiyr – Shavkoniy”, “Tafsiru Jalolayn”, “Tafsiru Qushayriy”, “Tafsiru Nasafiy” va boshqa koʻplab tafsirlar.
[5] Oyatning matni va tarjimasi:
 ﴿ تَنْزِيلٌ مِنَ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ﴾
(Ushbu Qurʼon) Mehribon va Rahmli Alloh tomonidan nozil qilingandir”. Fussilat surasi, 2-oyat.
[6] Oyatning matni va tarjimasi:
﴿ قُلْ أَغَيْرَ اللَّهِ أَتَّخِذُ وَلِيًّا فَاطِرِ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَهُوَ يُطْعِمُ وَلَا يُطْعَمُ قُلْ إِنِّي أُمِرْتُ أَنْ أَكُونَ أَوَّلَ مَنْ أَسْلَمَ وَلَا تَكُونَنَّ مِنَ الْمُشْرِكِينَ ﴾
 “(Ularga ayting): “Allohdan boshqa hakam izlayinmi, holbuki, U sizlarga Kitob (Qurʼon)ni batafsil nozil qilgan zotdir”. Anʼom surasi, 14-oyat.
[7]Izoh: Bu oyatdagi “Kursiy” soʻzining lugʻaviy maʼnosi oʻrindiq, taxt, tayanch, kursi. Bu yerda undan murod nima ekani haqida turli tafsirlar bor:
  1. Arshning ikkinchi nomi. 2. Arshdan kichikroq alohida narsa. 3. Allohning ilmi. 4. Uning qudrati. 5. Hukmronligi va hokazo. (A.Mansur).
[8] Baqara surasi, 255-oyat.
[9] Yetti sayyora nazarda tutilgan boʻlishi mumkin.
[10] Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy. Tuhfatun nubalo min qisasil anbiyo. “Maktabatut tobeʼin” nashriyoti. Qohira 1998. – B 54.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MAʼRIFATLI AYOLNING TAʼSIRI ASRLARGA TATIYDI!

Hayotda insonning begʻaraz yordamchilari juda koʻp boʻladi. Masalan, jazirama issiqda daraxtning soyasi yo zilol chashmaning …