Home / MAQOLALAR / ISLOMDA IRIM QILISH VA SHUMLANISH YOʻQ (2-qism)

ISLOMDA IRIM QILISH VA SHUMLANISH YOʻQ (2-qism)

Hozirda safar oyidan, “ikki hayit orasidan” shumlanish ham odamlar orasida uchramoqda. “Safar oyida fotiha qilib boʻlmaydi”, “safar oyida toʻy qilish, safarga chiqish mumkin emas”, “safar oyida tijoriy shartnoma qilib boʻlmaydi”, “safar oyida uyga koʻchib boʻlmaydi”, “ikki hayit orasida toʻy qilish mumkin emas” kabi asossiz soʻzlar tarqalib ketayotgani kishini tashvishga soladi. Safar oyidan ham irim qilish, yomon gumonda boʻlish notoʻgʻri aqidadir. Chunki bu kabi botil soʻzlarning asosini na shariatdan, na insoniy mezondan topib boʻladi. Bunday asossiz soʻzlar bilan safar oyida va ikki hayit orasidagi vaqtda ezgu ishlarni toʻxtatib qoʻyish, ortga surish moʻmin-musulmonning sifatidan emas. Holbuki, safar oyi ham boshqa oylar kabidir.

Oylarning barchasini Alloh taolo Yeru osmonlarni yaratgan vaqtdayoq oʻn ikki oy qilib tatbiq etgan. Yuqoridagi soʻzlar muqaddas dinimiz aqidasiga zid ekanini quyidagi oyat ham isbotlaydi.

﴿إِنَّ عِدَّةَ ٱلشُّهُورِ عِندَ ٱللَّهِ ٱثْنَا عَشَرَ شَهْرًۭا فِى كِتَـٰبِ ٱللَّهِ يَوْمَ خَلَقَ ٱلسَّمَـٰوَ‌ٰتِ وَٱلْأَرْضَ مِنْهَآ أَرْبَعَةٌ حُرُمٌۭ ۚ ذَ‌ٰلِكَ ٱلدِّينُ ٱلْقَيِّمُ ۚ ﴾

Yaʼni: “Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq – oʻn ikki oydir. Ulardan toʻrttasi (urush) taqiqlangan oylardir. Ana shu toʻgʻri dindir.”[1]

Shariati islomda irim qilish, shumlanishlarning hammasi ham taqiqlanmagan, aksincha, ularning ruxsat etilganlari va joiz sanalganlari ham bor. Har bir narsaning ikkinchi tomoni boʻlganidek, baʼzi irimlarning foydali tomoni ham bor. Xalqimiz orasida yaxshilikka xizmat qiluvchi irim va odatlar ham mavjud. Ularni eʼtiqodga bogʻlab, xurofot deb boʻlmaydi. Kelin-kuyov farzandli boʻlsin, degan niyatda ular qoʻliga yosh bolani tutqazish yoki yoshi ulugʻ bobolarimiz va momolarimiz qoʻllaridan, ilm ahli va solih kishilarning qoʻllaridan biror narsani tabarrukkan qabul qilish, ularni koʻrganda duolarini olish, olimlarni qadami qutlugʻ insonlar, deb eʼtiqod qilish,  yangi tugʻilgan chaqaloqqa chilla saqlatish, bemorni koʻrish uchun borganda unga “ahvolingiz ancha yaxshi boʻlib qolibdi, davolanish (muolajalar) sizga yoqibdi, dard degani bir keladi, bir ketadi” kabi yaxshi soʻzlarni aytib, koʻnglini koʻtarish, boshiga tashvish tushgan kishiga “Xudo xohlasa hammasi oʻz oʻriga tushib ketadi”, deb tasalli berish – bular yaxshi niyatda qilingan irimlar hisoblanadi. U shariatimizda yuqorida aytib oʻtganimizdek “tafaʼul” deyiladi. Bu kabi amallar Islom dinida joiz sanaladi. 

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, shumlanish faqat uch narsada mumkin boʻladi:

عن ابن عمر قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: «لا عدوى ولا طيرة وإنما الشؤم في ثلاث في الفرس والمرأة والدار».

“Kasalning yuqishi yoʻq, shumlanish ham yoʻq. Shumlanish uch narsada; otda, ayolda va hovli-joyda boʻladi.”[2]

Yaʼni shumlanish yomon, badxulq ot-ulovda va johil, xulqi yomon, badfeʼl xotinda hamda oʻzgalarga ozor beradigan, fosiq qoʻshnilar orasida yoki noqulay joyda joylashgan hovlida boʻlishi mumkin ekan.

Oy-kunlar va barcha jonzotlarni Allohning Oʻzi yaratgan boʻlib, barcha yaxshilik va yomonliklar faqat Uning irodasi bilan boʻlishiga barchamiz imon keltirganmiz. Ulardan irim qilish, badgumonlik islom shariati taʼlimotlaridan bexabarlikka dalolatdir. Demak, yillar, oylar va hafta kunlaridan hamda boshqa turli hayvonlar va qushlardan shumlanish ham imonimizga putur yetkazadigan botil eʼtiqodlardan biri ekan. Bu kabi amallar shirk boʻlib, katta gunohlardan sanaladi. Bunday ogʻir gunohdan saqlanish yoʻlini Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi muboraklarida bizga koʻrsatib berdilar:

عن عبد الله هو بن مسعود قال: قال النبي صلى الله عليه وسلم: «الطيرة شرك وما منا ولكن الله يذهبه بالتوكل».

“Irim qilish, shumlanish shirk amallaridan boʻlib, irim qiluvchilar bizlardan (moʻmin-musulmonlardan) emas. Ammo, Alloh taolo irimni tavakkal qilish amali bilan daf qiladi (ketkazadi).”[3]

Musulmon kishi oʻz Parvardigoriga eʼtiqod qilgan holda imonini mustahkamlashi hamda uni turli fitnalardan, jumladan, shumlanish va har xil irim-sirimlar fitnasidan saqlamogʻi lozim. Har vaqt va har bir amalda Allohning oʻziga tavakkal etmoq zarur. Zero, Alloh taolo Qurʼoni karimda:

﴿… وَمَن يَتَوَكَّلْ عَلَى ٱللَّهِ فَهُوَ حَسْبُهُۥٓ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ بَـٰلِغُ أَمْرِهِۦ ۚ قَدْ جَعَلَ ٱللَّهُ لِكُلِّ شَىْءٍۢ قَدْرًۭا﴾

Yaʼni: “…Kimki Allohga tavakkal qilsa, bas, (Allohning) oʻzi unga kifoya qilar. Albatta, Alloh oʻzi (xohlagan) ishiga yetuvchidir. Alloh barcha narsa uchun miqdor (meʼyor va muddatni tayin) qilib qoʻygandir” deb marhamat qiladi.[4]

Shuningdek, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida “La havla va la quvvata illa billah” kalimasi fazilatlarining bayonida kishi muammoga duch kelsa, Alloh taologa tavakkal qilib, ushbu kalimani koʻp takrorlashni buyurganlar.

عن مكحول رضى الله عنه قال : قَالَ رسول الله صلى الله عليه وسلم: «فمن قال: «لا حول ولا قوة إلا بلله» كشف الله عنه سبعين بابا من الضر أدناهن الفقر». (رواه الترمذى)

“Kimki “La havla vala quvvata illa billah”[5]ni aytsa, Alloh taolo undan yetmish zararni bartaraf etadi. Ularning eng pasti kambagʻallikdir.”[6]

Parvardigori olam barchamizni turli xurofotga moyil irim va shumlanishlardan yiroq qilib, Oʻziga tavakkal qiluvchi, sof islomda toat-ibodatlarda davomli bandalar qatoridan qilsin.

 

[1] Tavba surasi, 36-oyat.
[2] Muhammad ibn Futuh al-Humaydiy. Al-Jamʼu bayna as-sohihayni al-Buxoriy va Muslim. Doru an-nashr. – Bayrut – Lubnon, 2002. 2-juz. – B.106.
[3] Muhammad ibn Ismoil al-Buxorriy. Al-Adab al-mufrad. Al-Kutub as-Siqofiya. – Bayrut–Lubnon, 1986. 1-juz. – B. 206. 909-hadis.
[4] Taloq surasi, 3-oyat.
[5] Ushbu kalimaning toʻliq matni: La havla vala quvvata illa billahil aliyyu aʼzim, masha Allohu kana vamalam yashaʼ lam yakun.
[6] Imom Muhammad ibn Iso Termiziy. Sunanu Termiziy. “Vazoratu shuʼunil islomiya” nashr etgan. Ar-Riyod, 2000. 2-jild. – B.820. 3601-hadis.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

IMON VA ISLOM BITTADIR (“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

Imon va islom bittadir. Lekin zohiriylar bunga xilof qilgan. Ular Alloh taoloning  ﴿قَالَتِ الْأَعْرَابُ آَمَنَّا …