Home / FOTO LAVHALAR / Hamkorlikni rivojlantirishga ehtiyoj bor

Hamkorlikni rivojlantirishga ehtiyoj bor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Malayziya milliy universiteti Islom sivilizatsiyasi instituti direktori, professor Fariza binti Sham boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Mehmonlarni Markaz rahbari Shovosil Ziyodov va Hadis ilmi maktabi rektori Barot Amonov kutib oldi va Muzey faoliyati bilan tanishtirdi.

Mazkur institut bilan Markaz oʻrtasida 2021-yilda oʻzaro hamkorlik boʻyicha Anglashuv memorandumi imzolangan. Uning asosida muntazam ravishda koʻplab qoʻshma loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

Markaz rahbariyati bilan muloqot chogʻida hamkorlik aloqalari qamrovini yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar memorandum doirasida qator yoʻnalishlar boʻyicha qalin hamjihatlik asosida hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini, buning samarasi oʻlaroq, qoʻshma loyihalar amalga oshirilib, ilmiy seminar va koʻrgazmalar tashkil etilayotganini mamnuniyat bilan qayd qildi. Izchil muloqotlar natijasida xalqaro ilmiy-amaliy veb-forum, onlayn seminarlar, ilmiy anjumanlar oʻtkazilib, institut veb-saytida Markazning yangi nashrlari yoritildi. Malayziyalik uch ilmiy xodim Markaz tomonidan taʼsis etilgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindori boʻldi.

Oʻtgan yili esa Markaz toʻrt ilmiy xodimining monografiyalari Institut tomonidan nashr qilingan, xalqaro miqyosdagi nufuzli olimlarning 20 dan ziyod maqolasidan iborat boʻlgan “Islom sivilizatsiyasining musulmon olimlari” nomli toʻplamdan oʻrin oldi. Toʻplam xalqaro Scopus elektron platformasiga kiritilgan.

Suhbatda istiqbolda ilmiy yoʻnalishdagi faoliyatni yanada takomillashtirishda hamkorlik uzviyligini har jihatdan puxta taʼminlashga ehtiyoj mavjudligi taʼkidlandi. Qoʻshma loyihalar samaradorligini oshirish va hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirishga oid qator takliflar bildirilib, tashkiliy va amaliy masalalar yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi.

Mehmonlarga Markazning adabiyotlar toʻplami hadya qilindi.

Delegatsiya aʼzolari, shuningdek, Hadis ilmi maktabida ham boʻlib, taʼlim jarayonlari hamda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Tomonlar hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish tashabbusini bildirib, bu borada anglashuv memorandumi loyihasini tayyorlashga kelishib oldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Oʻzbekistondagi islohotlar samarasi Britaniya jamoatchiligiga tadqim etildi

Xabar qilinganidek, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari …