Home / FOTO LAVHALAR / Qoʻlyozmalar – ilm manbai va bilim bulogʻi

Qoʻlyozmalar – ilm manbai va bilim bulogʻi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Movarounnahr muhaddislari asarlarining Jazoirda saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalari” mavzusida xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, Jazoir, Fransiya, Qirgʻiziston va Turkiyadan olimlar ishtirok etdi.

Jazoirda tadqiq etish dolzarb boʻlgan koʻp ming nusxali qoʻlyozma namunalari mavjud boʻlib, ular orasida Movarounnahr muhaddislari qalamiga mansub boʻlganlari ham talaygina. Bu haqda Jazoirdagi Adror universiteti professori Muhammad Jirodiy oʻzining “Jazoir universitetlari va tadqiqot markazlarida islomiy qoʻlyozmalarni tadqiq etish borasida olib borilayotgan izlanishlar” mavzusidagi maʼruzasida batafsil toʻxtaldi.

Ushbu mamlakatda qoʻlyozmalar sohasiga oʻtgan asrning 60-yillarida, davlat mustaqilligiga erishilganidan soʻng eʼtibor qaratilib, bugungi kunda manbalarni davrlar kesimida oʻrganish yoʻlga qoʻyilgan. Olim ayni paytda qoʻlyozmalarning saqlanishi, sohaga oid qonunchilik meʼyorlari haqida ham maʼlumotlar keltirdi. Professorning taʼkidlashicha, Jazoirdagi qoʻlyozmalar mutaxassislar, shuningdek, magistrantlar tomonidan tadqiq etilmoqda. Bunda ustoz-shogird anʼanalariga keng oʻrin ajratilgan, yaʼni har bir yosh tadqiqotchini amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Qoʻlyozmalarni oʻrganish sohasida chet davlatlar bilan hamkorlik aloqalari xalqaro tadbirlarda faol ishtirok etish va xorijda malaka oshirish kabi omillar juda qoʻl kelyapti.

Maʼruzachi Jazoirda mavjud qoʻlyozmalar adadini aniqlash borasida qoʻshma loyihalar, grantlar asosidagi hamkorlikka ehtiyoj borligini qayd etdi. Xususan, oʻzbekistonlik tadqiqotchilar bilan hamkorlikda movarounnahrlik allomalar qalamiga mansub koʻp sonli asarlarni saralab, ularning katalogini yaratish singari ishlarning istiqboli porloq ekanini taʼkidladi.

Davra suhbati davomida Parijdagi “Kollej de Frans” (Collège de France) oʻquv-tadqiqot muassasasi vakili, filologiya  va tarix fanlari doktori, Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasi sovrindori Mari Eftimiyu xonim “Tibbiyotga oid qoʻlyozma sahifalari dizayni” mavzusida maʼruza qildi. Olima kodikologiya sohasi haqida soʻz yuritar ekan, tibbiyot boʻyicha yaqinda topilgan XI asrga oid qoʻlyozmada odamning ichki organlari tuzilishi haqida maʼlumotlar berilgani hayratlanarli hol ekanini taʼkidladi. Tadqiqotchining aytishicha, Movarounnahrda tib ilmi boʻyicha manbalar boshqa joylardagiga nisbatan ertaroq vujudga kelgan. Ular oʻziga xos stilistikasi bilan farqlanib, sxemalar, tana aʼzolarining tasvirlari, shuningdek, dori vositalarining xususiyatlari, turli kasalliklarning alomatlari va davo yoʻllari aks ettirilgani bilan qimmatlidir.

Davra suhbatida, shuningdek, Qirgʻiziston-Turkiya Manas universiteti tadqiqotchisi Derya Idikurtning “Markaziy Osiyo hojilarining haj safari yoʻnalishlari” hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Barot Amonovning “Oʻzbekistonda hadis ilmi yoʻnalishida olib borilayotgan tadqiqotlar” mavzusidagi maʼruzalari tinglandi.

Tadbir qizgʻin savol-javoblar va muhokama-munozaralar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz ilmiy xodimlari – “Rossiya musulmonlarining VI xalqaro forumi”da

Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasining Qozon shahrida joylashgan Bulgʻor islom akademiyasida “Rossiya musulmonlarining VI …