Home / FOTO LAVHALAR / Mashgʻulotlar amaliyot bilan bogʻlandi

Mashgʻulotlar amaliyot bilan bogʻlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan oʻtgan davr mobaynida qator xalqaro nufuzli tashkilot va ilmiy muassasalar bilan oʻzaro hamkorlikka oid anglashuv memorandumlari imzolanib, muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xalqaro faoliyat yoʻnalishidagi mazkur ishlarning mantiqiy davomi sifatida imzolangan anglashuv memorandumi ijrosi asnosida Samarqand shahrida AQSH Tinchlik instituti (USIP) tomonidan Markaz ilmiy jamoasi uchun “S5+1” formati doirasida Markaz xodimlari oʻrtasida oʻtkazilayotgan trening mashgʻulotlarining  navbatdagi bosqichi tashkil etildi.

Treninglarni uyushqoqlik bilan tashkil etish va samarali tarzda oʻtkazishga bagʻishlangan koʻp kunlik mashgʻulotlarda Markazning 14 nafar xodimi ishtirok etdi.

Oʻquvlar ishtirokchilarda treninglar oʻtkazish tajribasini yanada oshirish, fasilitatsiya koʻnikmalarini shakllantirish, amaliy mashgʻulotlar orqali bilimlarni mustahkamlash hamda mustaqil tarzda talaba-yoshlar ishtirokida trening mashgʻulotlarini oʻtkazish maqsadlariga yoʻnaltirildi.

Mashgʻulotlar davomida oʻzlikni anglashning uslub va vositalari, maʼrifatli inson siyratining oʻziga xos xususiyatlari va ularni shakllantirishning noanʼanaviy yoʻllari koʻrib chiqildi. Ziddiyatli holatlarda muloqot koʻnikmalari, muloqotning verbal va noverbal turlariga oid tushunchalar berilib, dialogda ohang kuchi, suhbat jarayonida faol tinglash texnikasining ahamiyatiga ham eʼtibor qaratildi.

Treningda insonning liderlik salohiyatini aniqlash, tashviqot ishida modellashtirish, targʻibot tadbirlarini hamkorlikda tashkil etish va oʻtkazishga oid bilimlar mustahkamlandi. Shuningdek, suhbatdoshni tinglash nazariyasi va auditoriyaga taʼsir koʻrsatish omillari koʻrsatib oʻtildi.

Mashgʻulotlarda fasilitatsiya, yaʼni trenerlik ishini amaliyotda qoʻllash mashqlari ham bajarildi. Unda treninglarni boshlash, boshqarish va yakunlash bilan bogʻliq amaliy koʻnikmalar shakllantirildi.

Oʻquvlarning soʻnggi kunlarida ishtirokchilar tomonidan mustaqil ravishda Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti talabalari ishtirokida maʼrifatli inson xususiyatlari va liderlik salohiyatini roʻyobga chiqarishga qaratilgan ikki kunlik trening mashgʻulotlari oʻtkazildi.

Universitetning 20 nafar talabasi qatnashgan mashgʻulotlarda Markaz xodimlari tomonidan olingan bilim va orttirilgan koʻnikmalar namoyon etilib, fasilitatsiya va modellashtirish jarayonlarini qoʻllagan holda ishtirokchilarga maʼrifatli inson siyrati va shaxsning liderlik salohiyatini namoyon etishga oid zaruriy tushuncha va kontentlar yetkazib berildi.

 Mashgʻulotlar erkin tarzda, savol-javob koʻrinishida tashkil etildi.

Treninglarda faol qatnashgan talabalar AQSH Tinchlik institutining esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Mashgʻulotlar yakunida talabalar bilan oʻtkazilgan trening yakunlari, samaradorligi, yutuq va kamchiliklari oʻzaro muhokama qilindi. Bunda asosiy eʼtibor erishilgan natijalar hamda kelgusidagi tadbirlarda ularni sifat jihatdan yangi pogʻonaga olib chiqishga qaratilib, yangi metodologik usullarni qoʻllash orqali mazmundorlikni oshirish maqsadida oʻzgartirilishi zarur boʻlgan jihatlar ochiqlandi.

Shundan soʻng, mashgʻulotlarning yakuni munosabati bilan treningga oid qisqa muloqot oʻtkazildi. Unda AQSH Tinchlik instituti loyiha rahbari Barmak Pajvak oʻtkazilgan trening mashgʻulotlari barcha ishtirokchilarga birdek manfaatli boʻlishiga umid bildirib, institut nomidan onlayn tarzdagi muloqotlarga ham doim tayyorligini taʼkidladi. Barmak Pajvak mashgʻulotlar tashkilotchilarga zavq bagʻishlagani, shuningdek, qatnashchilarning faol ishtirokini alohida qayd etdi. Shu bilan birga, trening rahbari mana shunday mashgʻulotlar oʻtkazilishiga imkoniyat yaratib bergan mamlakatimiz hukumatiga alohida minnatdorlik izhor etib, buni bevosita davlatimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlarga qaratilayotgan eʼtibor sifatida baholadi.

Muloqotdan soʻng, trening ishtirokchilarining barchasiga tashkilotchilar tomonidan tegishli sertifikatlari topshirildi.

Oʻz navbatida trenerlar hamda loyiha rahbariyatiga Markaz jamoasi nomidan esdalik sovgʻalari hadya qilindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …