Home / ALLOMALAR / AHLI SUNNANING IKKI BUYUK IMOMI

AHLI SUNNANING IKKI BUYUK IMOMI

Soxta shayxlarning  Islom olamining buyuk namoyandalarini, ayniqsa, ahli sunna val jamoa imomlari boʻlmish Imom Moturidiy va Imom Ashʼariyni adashganlikda ayblashi kundan-kunga avj olmoqda. Ular musulmonlarning sof eʼtiqodiga rahna solish, oʻzaro ixtilof chiqarish orqali  oʻziga tobe qilishni maqsad qilgan. Ushbu maqolada soxta shayxlarning gaplari asossiz ekanini isbotlash koʻzda tutilgan. 

Vatandoshimiz Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Al-Moturidiy As-Samarqandiy yashagan davr, Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Odamlarning eng yaxshilari mening zamondoshlarimdir, soʻngra ulardan keyin kelganlar, soʻngra ulardan keyin kelganlar”[2], deb bashorat berganlaridek, sahoba, tobein va tabaa tobeinlar yashagan saodat asri tugab, turli xil adashgan firqalar yuzaga chiqqan paytlarga toʻgʻri keladi. Ayniqsa, moʻtazila firqasining tarafdorlari koʻpayib, ularning xato qarashlari odamlar orasida keng tarqalgan davrlar edi.

 Moʻtazila firqasi Qurʼon oyatlari va hadislarga zid boʻlgan qoidalarga asos solgan eng birinchi toifadir. Ularning xato qarashlaridan biri: “Katta gunoh qilgan kishi moʻmin ham, kofir ham emas”, deb imon va kufr orasida yana bir oʻrin paydo qilishdir. Ushbu qoidalaridan kelib chiqib: “Katta gunoh qilgan odam doʻzaxda abadiy qoladi”, degan gapni aytishgacha bordi. Bu Vosil ibn Atoning gʻoyasi edi. U aynan mana shu masala boʻyicha Hasan Basriyga xilof qilib, uning darslaridan oʻzini chetga oldi. Hasan Basriy: “U bizdan chetlandi”, dedi. Shundan beri ularga “chetlanganlar” maʼnosini anglatadigan “moʻtazila” soʻzi nisbat berila boshlandi. Ammo bu firqa: “Allohga bandalar uchun manfaatli ishni qilish vojibdir”, “Alloh taoloning faqat Zoti mavjud. Unga biror sifat mavjud emas. Sifatlarni mavjud deyish azaliy narsalarning koʻp boʻlishiga olib keladi”, degan soʻziga koʻra oʻzini “Adolat va tavhid egalari”, deb nomladi. Ularning barcha xato qoida va gʻoyalariga ahli sunna val jamoa olimlari tomonidan raddiyalar berildi. Ayniqsa, ikki buyuk olim – Imom Moturidiy va Imom Ashʼariy bu borada katta yutuqlarga erishdi.

Imom Abul Hasan Ashʼariy oʻgay otasi, moʻtazila firqasiga mansub Abu Ali Jiboiyning qoʻlida tahsil olgan boʻlsa-da, teran fikri va yuksak isteʼdodi sababli, uning xato yoʻlidan voz kechdi. Bir kuni u Abu Ali Jiboiyga: “Biri Allohga itoatli, ikkinchisi osiy, uchinchisi sabiy (yosh bola) holida vafot etgan uch aka-uka haqida nima deysiz?” dedi. U: “Birinchisi jannat bilan mukofotlanadi, ikkinchisi doʻzaxda azoblanadi, uchinchisi mukofotlanmaydi ham, azoblanmaydi ham”, dedi. Ashʼariy unga: “Uchinchisi: Ey Robbim, nima uchun meni yoshligimda oʻldirding. Katta boʻlgunimcha tirik qoldirganingda, Senga iymon keltirib, itoat qilib jannatga kirar edim, desa, Robb nima deb javob beradi?”, dedi. U: “Robb: Men sendan koʻra yaxshiroq bilar edim. Agar sen katta boʻlsang, osiylik qilib doʻzaxga kirar eding. Yoshligingda oʻlishing sen uchun manfaatli edi, deb javob beradi”, dedi. Ashʼariy unga: “Ikkinchisi: Ey Robbim, unda nima uchun meni ham yoshligimda oʻldirmading. Senga osiylik qilib, doʻzaxga kirmas edim, desa, Robb nima deb javob beradi?”, dedi. Jiboiy bu savolga javob bera olmagach, Ashʼariy uning yoʻlini tark etdi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga hamda sahobalar jamoasi yurgan yoʻlga ergashdi. Shundan boshlab Ashʼariy va uning izdoshlari Ahli sunna val jamoa deyiladigan boʻldi. Bu Imom Ashʼariyning moʻtazila firqasining “Bandalar uchun manfaatli ishni qilish Allohga vojibdir”, degan botil eʼtiqodiga bergan birinchi raddiyasi sifatida tarixga muhrlandi [3:57].

Islom olamining gʻarbiy qismida Imom Ashʼariy, sharqiy qismida Imom Moturidiy moʻtazila kabi firqalarga Qurʼon va sunnat asosida raddiyalar berishi natijasida adashgan toifalar sezilarli darajada kamaydi.

Imom Moturidiy moʻtazila firqasining boshliq­laridan boʻlgan Kaʼbiyning Alloh taoloning sifatlari borasida aytgan xato fikrlariga aqliy va naqliy dalillar asosida raddiya bergan. Alloma oʻzining “Kitobut-tavhid” nomli asarida buni quyidagicha bayon qiladi:

Kaʼbiyning Allohni tanish va bilish borasida yetgan mavqeini bilishingiz moʻtazila mazhabi yetgan mavqeini qamrovli darajada bilishga xizmat qilgani bois, u aytgan soʻzlardan baʼzilarini keltirib oʻtamiz. Zero u moʻtazilaning nazdida Yer yuzining imomi edi. Barcha quvvat Allohdandir. Kaʼbiy: “Falonchini rizqlantiradi, pistonchini rizqlantirmaydi yoki falon holatda rahm qiladi, piston holatda rahm qilmaydi”, deyilganidek, ixtilofli holat va shaxslarga ehtimoli boʻlgani Feʼl sifatidir. Shaxslarga aloqador boʻlgan Kalom sifati ham shu turkumga kiradi (falonchiga gapiradi, pistonchiga gapirmaydi, deyilgani uchun Feʼl sifati).  Ammo Qudrat, Ilm va Hayot bunga ehtimoli boʻlmagani uchun (falon kishiga qodir boʻlmaydi, falon kishini bilmaydi, falon holatda tirik boʻlmaydi, deyish joiz boʻlmagani uchun) Zot sifatidir”, dedi. Yana bir gapida: “Rahmat va Kalom kabi Qudrat unga taalluqli boʻlgani (gapirishga qodir, rahm qilishga qodir, deyiladiganlari) Feʼl sifati, ammo “Alloh bilishga qodir boʻladimi yoki yoʻqmi”, deyilmaganidek, (Ilm sifati kabi) Qudrat unga taalluqli boʻlmaydigani Zot sifatidir”, dedi. Soʻng oʻzi Zot sifati haqida: “Nima uchun Allohni bu sifatning teskarisi bilan vasflash joiz emas?” deb savol beradi va bu savolga yana oʻzi javob berib: “Chunki u Allohning Zotiga aloqador boʻladi, vaholanki, Uning zoti ixtilofli (oʻzgaruvchi) emas. Zot sifatining teskarisi bilan vasflash esa Allohning Zotida oʻzgarish boʻlishini keltirib chiqaradi. Basharti, Allohning Zoti aslida oʻzgaruvchi emas ekan, Zotining boqiyligi sababli, Unda oʻzgarish boʻlishi aslo joiz boʻlmaydi. Bu xuddi, biror illat (biror narsaning mavjud boʻlish sababi, masalan, olov tutun uchun illat) sababli mavjud boʻlgan narsa oʻsha illatning davomiyligi bilan davom etishiga oʻxshaydi”, deydi. Bundan tashqari u: “Aslida Alloh uchun biror sifat yoʻq. U (sifat) vasflovchining vasflashi va nomlovchining nomlashi, xolos”, dedi.

(Imom Moturidiy aytadi) Holbuki, ikkisi (Feʼl va Zot sifatlari) vasflovchilarning vasflashida bir xil kelgan. Zero ular U Zotni Ilm, Qudrat va Feʼl bilan vasflagan (vasflovchilar Feʼl va Zot sifatlarining orasini ajratmay, Alloh taoloni “Olim, Qodir, Xoliq”, deb vasflagan). Bundan tashqari U Zot haqiqiy maʼnoda “Olim, Xoliq, Qodir”, deb nomlangan. Shunday ekan, Kaʼbiyning ular orasida farq sobit qilishi uchun biror yoʻl yoʻq. Chunki u ikkisi aslida bir-biriga muvofiq keladi (Feʼliy va Zotiy sifatlar Alloh taoloning Zoti bilan qoimligi va azaliyligi borasida bir-biriga muvofiq keladi).

 Baʼzan “Falonchining duosini eshitdi, pistonchining duosini eshitmadi”, deyiladi. Yana birov: “Alloh buni mendan bilmadi” yoki “Mendan falon vaqtda bildi, piston vaqtda bilmadi”, deydi. Bu bilan Samʼ (eshitish sifati) va Ilm (bilish sifati) Zot sifatlaridan boʻlmasligi vojib boʻlmadi. Kalom va Rahmat sifatlari ham shunday boʻlishidan nima man qiladi. Agar Kaʼbiy: “U kishi oʻzining “eshitmadi” va “bilmadi” degan soʻzi bilan qilgan ishi va aytgan soʻzini rad qilinganini iroda qilayapti” desa, unga: “Avvalgi masalada ham shunday boʻladi. Alloh taolo “gapirmaydi” degan soʻzi bilan Firʼavndan Oʻz marhamati va ikromini rad qilishni iroda qilyapti. Chunki Kalom (gapirish) Alloh taolo u bilan bandalariga marhamat koʻrsatadigan narsadir. Alloh kalomdan marhamatini iroda qilishi “Qiyomat kunida Alloh ularga (kofirlarga) gapirmaydi”, deb moʻminlarni kalom bilan bashorat qilgani va kofirlarni umidsiz qilganiga koʻra mashhurdir. Bu bizning nazdimizda shu maʼnoda tushuniladi. Oʻtgan maʼlumotlardan bildikki, Alloh taolo hodis (yaratilgan narsa) bilan vasflanishi joiz emas ekan. Agar bu joiz boʻlganda, U Muslih (isloh qiluvchi), Mufsid (fasod qiluvchi), Xayyir (yaxshi), Sharir (yomon), deb vasflanishi ham joiz boʻlar edi. Holbuki bunday vasflash botildir. Demak, Alloh taolo Kaʼbiy gumon qilganidek vasflanmas ekan. Quvvat Allohdandir. 

Yana bir dalil: Ovozdan boshqa narsalarni “eshitadi”, deyilmaydi, ammo “biladi”, deyish joiz. Isbot tomonida ixtilof (har xillik) borligi sababli ular oʻrtasida farq sobit qilish vojib boʻlmadi va bu ixtilof Allohning Zotida oʻzgarish boʻlishini ham taqozo qilmadi. Inkor tomonida ham shunday boʻlishini nima man qiladi. (Inkoriy maʼnoda ishlatilmagan sifatlar orasida ham ixtilof mavjud. Masalan, ovozlarda “eshitadi” soʻzi qoʻllanadi, ovozdan boshqa narsalarda “biladi” soʻzi qoʻllanadi. Bu ixtilof ularning orasini ajratishga undamagani hamda Allohning Zotida oʻzgarish boʻlishini taqozo qilmaganidek, “falon holatda rahm qiladi, piston holatda rahm qilmaydi, falonchiga gapiradi, pistonchiga gapirmaydi” kabi inkoriy maʼnoda ham ishlatiladigan Kalom va Rahmat sifatini ixtilofli shaxslar va holatlarda qoʻllangani sababli ularni Zotiy sifatlardan ajratish vojib boʻlmaydi va bu Allohning Zotida oʻzgarish boʻlishini ham taqozo qilmaydi). Quvvat Allohdandir.

Yana bir dalil: Alloh taoloni adolatni inkori bilan (falonchiga adolat qilmaydi deb inkoriy maʼnoda) vasflash joiz boʻlmaydi. U (Kaʼbiy) esa buni Zot sifati, demadi. Bundan maʼlum boʻladiki, uning sifatlar borasidagi qiyosi fosid ekan.

Yana unga aytiladiki: “Feʼl sifati, degan soʻzingdan feʼlning oʻzini, yaʼni yaratilgan narsani nazarda tutayapsanmi? Yaratilgan narsa sening nazdingda feʼlmi yoki boshqa narsami?” Agar u: “Yaratilgan narsani nazarda tutayapman”, desa, unga aytamizki: “Nima uchun, yaratilgan narsani sifat deding va u kimning sifati? Zero har bir sifat biror sifatlanuvchiga tegishli boʻlishi lozim. Agar u: “Allohning sifati”, deydigan boʻlsa, yaratilgan narsani Alloh uchun sifat qilib, ogʻir gapni aytgan boʻladi. Chunki fasod (buzgʻunchilik), qubh (qabihliq), zarurat (muhtojlik), ajz (ojizlik), anjos (najosatlar) va xabois (nopokliklar) ham yaratilgan narsa hisoblanadi – “Har bir narsa oʻz sifati bilan vasflanuvchidir” – barcha aqlli zotlar bunday sifatlar bilan sifatlanishdan bosh tortadi-yu, qanday qilib Alloh taolo ular bilan sifatlansin?! Agar u: “Feʼl sifati deganda yaratilgan narsadan boshqani nazarda tutayapman”, deydigan boʻlsa, unda: “Alloh taoloning sifati – Feʼldir” degan gapni aytgan boʻladi. Biz ham Alloh taolo oʻzi yaratgan narsalar bilan sifatlanishdan oliy ekanini bayon qilib bergandik. Demak, Alloh taoloning sifati boʻlmish Feʼl Uning Zotining sifati ekani sobit boʻldi (Feʼl sifati maxluqotdan boshqa narsa ekani isbotlangach, Allohning Zoti bilan qoim boʻluvchi narsa ekani isbotlangan boʻladi).

Yana bir dalil: Alloh – Xoliq, Rahmon, Rahiym, deyiladi. Chunki U Zot oʻzini shu ismlar bilan nomlagan. Nomlanishi bilan bir qatorda Uning Zoti ushbu ismlar bilan vasflanadi ham. Feʼl sifati ham shunga oʻxshash. Bu xuddi, kalom (soʻz) – hikmat, rost, yolgʻon, degan nomlar bilan nomlanganiga oʻxshaydi. Chunki kalom aslida shunday. Shu bilan birga bu soʻzlar oʻz egasiga, yaʼni kalomga sifat hamdir (hikmatli soʻz,  rost soʻz, yolgʻon soʻz, deyiladi). Alloh taologa ham shunday nisbat beriladi (Allohning ismlari Uning uchun sifatlar hamdir, deyiladi).

Yana bir dalil: Unga aytiladiki, sen: “Rahmat va Magʻfirat Feʼl sifatidir”, deding. Laʼnat va shatm (haqorat qilish) ham sening nazdingda (Alloh taolo yaratilgan narsa bilan sifatlanadi, degan gaping boʻyicha) Feʼl sifati hisoblanadi. Aytchi, “Rahmat” yoki “Laʼnat”, deb nomlangan feʼllar oʻzi nima narsadirki, Alloh ular bilan vasflansa? Agar u: “Jannat-doʻzax, qabul-rad yoki shunga oʻxshash narsalar”, desa, uning “Bandalarga manfaatli ishni qilish Allohga vojibdir”, degan qoidasi boʻyicha “Alloh rahmlidir, bandalariga bunday ishni qilmaydi”, deb aytgan gapi botil boʻladi. Chunki, yuqoridagilarning barchasi (jannat-doʻzax, qabul-rad) Alloh bandalariga qilgan ishlardandir. Agar u bundan boshqa maʼnoni sobit qilsa, uning: “Shatm qabih soʻz. Alloh qabih narsalar bilan vasflanmaydi”, degan gapiga binoan ikkisi (rahmat va laʼnat) xalqdan boshqa boʻlgan hamda Alloh ular bilan vasflanadigan sifatlar boʻlib chiqadi. (Kaʼbiyning bu qoidasiga koʻra, falonchiga rahm qiladi, falonchini laʼnatlaydi, deyish joiz, ammo falonchini haqorat qiladi, deyish joiz emas. Uning qoidalari orasida tanoquz (ziddiyat) boʻlib, “Alloh yaratilgan narsalar bilan sifatlanadi”, degan qoidasi boʻyicha Alloh falonchini haqorat qiladi, deb vasflash joiz. Chunki haqorat qilish feʼli yaratilgan narsalar jumlasidan hisoblanadi. Ammo “Alloh qabih narsalar bilan sifatlanmaydi” degan qoidasiga koʻra, falonchini haqorat qiladi, deyish joiz emas).

Yana bir dalil: Unga aytiladiki, nima uchun sen Zot va feʼl sifati borasida oʻzing yuqorida aytgan narsalarga eʼtiboringni qaratding. Holbuki, sen Zot sifatlarini isteʼmolda isbot vajhidan (gʻayri inkoriy maʼno jihatidan) ixtilofli holda koʻrib turibsan. Masalan, Qudrat bilan vasflanmaydigan oʻrinlarda Ilm bilan (“qodir boʻladi” deyilmaydigan oʻrinlarda “biladi” deyiladi), Samʼ (eshitish) bilan vasflanmaydigan oʻrinlarda Qudrat bilan, Karam (saxiylik) bilan vasflanmaydigan oʻrinlarda Ruʼyat (koʻrish) bilan, Samʼ bilan vasflanmaydigan oʻrinlarda Juvd (oliyjanoblik) va Hikmat bilan vasflanadi. Bulardan boshqa ixtilofli holatlarni ham koʻplab keltirish mumkin. Ammo bu bilan ular (Zot sifatlari) orasida farq sobit qilish vojib boʻlmadi. Balki Alloh taolo ular bilan azaldan vasflangandir. Nima uchun sen U Zot vasflanadigan sifatlarning barchasi haqida shunday demading (sifatlarda  ixtilof, yaʼni har xillik boʻlishiga qarab ular bir-biridan ajratilmaydi va bu ixtilof Allohning Zotida ixtilof boʻlishini taqozo qilmaydi, demading). Zero Alloh taolo oʻzgarish va fasod (buzilish)dan oliy boʻlgan Zotdir. Ular (oʻzgarish va fasod) esa hodislik va boʻlmagandan keyin boʻlish alomatlaridir.

Yana bir dalil: Unga aytiladiki, sen maxluqotni bir necha qismga boʻlingan holda koʻrding. Sening nazdingda Alloh maxluqotning baʼzisi bilan nomlanadi va baʼzisi (qabihi) bilan nomlanmaydi. Ammo bu narsa ushbu sifatda (Nomlanish sifatida) ixtilof borligiga dalolat qilmadi (ushbu sifatda ixtilof borligini aytmading). Barcha sifatlarda ham shunday boʻlishini nima man qiladi?! Tavfiq Allohdandir.

Yana bir dalil: Uning mazhabida “Alloh taolo Xoliq (yaratuvchi), Rahmon (rahm qiluvchi) emas edi. Soʻng Oʻz Zotini Xoliq, Rahmon qildi”, degan tushuncha bor. Holbuki, biz Xoliq, Rahmonga ibodat qilishimiz joiz boʻladi (Anʼom surasining 102-oyatida “U har bir narsaning Xoliqidir. Bas, Unga ibodat qiling” [4], deyilgan). Demak, uning gapidan “Alloh xalq uchun maʼbud yaratishga qodir boʻlgan va Undan oʻzgaga ibodat qilingan” degan maʼno kelib chiqadi. Chunki, (uning gapi boʻyicha) ikkisi (Xoliq, Rahmon) Qudrat ularga taalluqli boʻlgan ismlardir. Yana uning gapi boʻyicha, ushbu ismlar orqali qudrat unga ham taalluqli boʻlganlik jihatidan U Zotning oʻzi ham muhdas narsa boʻlishi kelib chiqadi.

Yana bir dalil: Unga: “Alloh xalqni yaratmaslikka qodir boʻladimi?” deyiladi. Agar u: “Yoʻq”, desa, U Zotni Xoliq bizzarurat (beixtiyor yaratuvchi) yoki (Qudrat uning Feʼliga taalluqli boʻlmaydigan) Oʻz Zoti bilan yaratuvchi, degan gapni aytgan boʻladi va uning (Qudrat unga taalluqli boʻlgani Feʼl sifatidir, degan) gapi botil boʻladi. Agar u: “Qodir boʻladi”, desa, Qudratni hali yaratilmagan narsaga taalluqli qilgani bois, yaratilmagan narsani yaratilgan narsa, degan boʻladi. Bunda xalqning azaliyligini sobit qilish bordir. Quvvat Allohdandir [1:113].

Imom Moturidiy moʻtaziladan boshqa adashgan toifalarga ham raddiyalar bergan. Natijada musulmonlar orasida sof islomiy aqiyda shakllangan. Hozirgi paytda Ashʼariy va Moturidiy aqiydaviy mazhablarini umumiylashtirib “ahli sunna val jamoa mazhabi”, deb yuritiladi.

Soxta shayxlarning ikki buyuk Imom haqida  aytayotgan har xil salbiy fikrlari aslida din dushmanlari tomonidan toʻqilgan asossiz boʻhtonlardir. Ular ushbu allomalarning asarlarini oʻqishga saviyasi yetmaydigan, kim nima desa, ishonib ketaveradigan sodda odamlarni aldab, ming yildan ortiq vaqt mobaynida amal qilib kelinayotgan ahli sunna val jamoa mazhabini parchalashga va musulmonlar orasida nizo chiqarishga urinmoqda. Ularning asl basharasini ochib, makr-hiylasini daf qilish  Imom Moturidiy va u kishining izdoshlari hayoti va ijodidan odamlarni xabardor qilish bilan amalga oshirilishi mumkin.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Imom Moturidiy. Kitabut tavhid. – Maktabatur Roshad. B. – 113.
  2. Oltin silsila. Sahihul Buxoriy. J.3. – Toshkent: Hilol-Nashr, 2018.
  3. Saʼduddin Taftazoniy. Sharhul aqoʼid an-Nasafiya. – Maktabatul Madina. B. – 57.
  4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. J.3.– Toshkent: Hilol-Nashr, 2018.
OBID XURSANDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …