عَنْ أبي هرَيرَةَ رَضي الله عَنْه، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلَّى الله عَلَيْه وَسَلَّمَ قَالَ: فَوَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَا يُؤْمِنُ أحَدُكُمْ حتَّى أكُونَ أحَبَّ إلَيْهِ مِنْ وَالِدِهِ وَوَلَدِهِ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Jonim tasarrufida boʻlgan Zotga qasamki, sizlardan biringiz toki men uning nazdida otasi va bolasidan sevimli boʻlmagunimcha moʻmin boʻla olmaydi», dedilar.
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat qilish imonning ajralmas bir qismidir. Hadisi sharif matnida ota-ona va farzand zikrining keltirilish sababi ota-onaga va farzandlarga insonning muhabbati ziyoda boʻlganidandir. Shu eʼtibordan bu ikkalasini birinchi zikr qilindi. Musulmon kishi eng yaxshi koʻradigan insonlaridan koʻra ham Nabiy alayhissalomni yaxshi koʻrishi kerak.
Ulamolar mazkur hadisning izohida hazrati Umar roziyallohu anhu bilan Paygʻambarimiz alayhissalom oʻrtalarida boʻlib oʻtgan quyidagi voqeani keltirishadi: «Abdulloh ibn Hishom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning qoʻllarini ushlab turganlarida, u zot: «Yo Rasululloh, men sizni oʻzimdan boshqa barcha narsadan yaxshi koʻraman», dedi. Shunda Nabiy alayhissalom: «Yoʻq, jonim «tasarrufi»da boʻlgan Zotga qasamki, senga oʻzingdan ham yaxshiroq boʻlmagunimcha moʻmin boʻlolmaysan», dedilar. Umar: «Allohga qasamki, hozir, endi oʻzimdan ham yaxshiroq koʻrdim», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ana endi boʻldi, ey Umar», dedilar».
Bundan oʻz jonidanda Nabiy alayhissalomni yaxshi koʻrmaguncha moʻmin boʻlolmaslik maʼnosi ham tushuniladi. Shu sababli har bir imoni komil inson Paygʻambarimizni chin dildan yaxshi koʻrishi lozim.
Boshqa bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Hech biringiz unga otasiyu bolasidan va barcha odamlardan sevikli boʻlmagunimcha moʻmin boʻla olmas», deganlar.
Birinchi hadis Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boʻlsa, ikkinchisi Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan. Ushbu ikki hadis bir xil maʼnoda. Faqat ikkinchi rivoyatda «va barcha odamlardan (sevikli boʻlmagunimcha)» degan qoʻshimcha jumla bor.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, komil moʻmin-musulmon inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni oʻz ota-onasidan ham, bolasidan ham va dunyodagi barcha odamlardan ham koʻproq yaxshi koʻrishi kerak ekan.