Home / MAQOLALAR / KOʻCHIRISH AMALIYOTINING TUB AHOLI IJTIMOIY-IQTISODIY VA MADANIY HAYOTIGA TAʼSIRI

KOʻCHIRISH AMALIYOTINING TUB AHOLI IJTIMOIY-IQTISODIY VA MADANIY HAYOTIGA TAʼSIRI

Mustamlakachilik istilo etilgan mamlakat aholisiga nisbatan zoʻrlik hisoblanadi. Binobarin, zoʻravonlik mustamlakachilik siyosati sifatida barcha metropoliyalarga xos. Shuningdek,  moddiy boyliklarni talon-taroj qilish, hudud zaxiralaridan foydalanish va asosiysi mustamlaka boshqaruv tizimini yaratishdan iborat edi. Bu paytda Turkistonga koʻchirib keltirilgan kazak va ruslarni joylashtirish, haydaladigan yer, yaylov va boshqa vositalar bilangina emas, balki soliq, fuqarolik imtiyozlari va siyosiy ustunliklarni namoyon qilishi zarur edi. Bularning barchasi asta-sekinlik bilan tub aholi hisobiga amalga oshirildi.

Rus dehqonlari va kazaklarni imkon qadar koʻproq yer-mulk bilan taʼminlash uchun koʻchmanchi hayot tarziga ega aholi yashovchi mintaqalarning katta qismi musodara etildi. Shuningdek, Sirdaryo va Yettisuv oblastlari koʻchmanchi, asosan, qozoq va qirgʻiz aholisini oʻtroq hayotga majburlash choralari qoʻllanardi. Natijada oʻzlarining imkoni yanada kengayardi.

Turkiston maʼmuriyatining tub aholiga nisbatan shovinistik munosabati keyinchalik soliqni muntazam oshirib borishga qaratildi.  Bu turli-tuman yigʻimlarni joriy etishdan, keyinchalik qishloq aholisidan qoramol, arava, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, oʻtovni ham zoʻrlik bilan tortib olishda namoyon boʻldi. Masalan, birinchi jahon urushi yillarida Gʻarbiy frontdagi rus armiyasi ehtiyojlari uchun 300 ming pud goʻsht, 70 ming ot, deyarli 13 ming tuya, 270 arava va 13441 oʻtov olib ketilgan [9:524].

Imperiya hukmron doiralari Turkistonning qishloq aholisini past narxda sotib olinadigan paxta yetishtirishga majbur qilishni koʻzladi. Xususan, 1867-1916-yillar oraligʻida Rossiya sanoati qayta ishlaydigan paxtaning umumiy hajmida Turkiston hissasi 6,6 foizdan 70 foizga ortdi [8:31]. Bu yillar ichida Turkistondan metropoliyaga tashib  ketiladigan paxta natural ifodada 639193 puddan [5:18] 20 million pudga [7:33], yaʼni deyarli 30 baravar koʻpaydi. Turkistonda paxta yetishtirish uchun ajratilgan yerlarning maydoni 1870-1916-yillarda 54 ming desyatinadan deyarli 681 ming desyatinagacha oshdi [7:29].  Shu munosabat bilan oʻlkada gʻalla yetishtirish yil sayin kamaydi.

Yettisuv oblasti Harbiy gubernatori Turkiston general-gubernatoriga  murojaat qiladi.  Hududdagi vaziyat murakkabligi sabab rus fuqarolarning  farovonligi boshqalar yerlarining zoʻrlik bilan bosib olinishi  hisobiga boʻlmasligi kerakligini uqtiradi. Shuningdek, “qirgʻizlardan sugʻorma yerlarni sotib olish yoʻli bilan oblastda yashovchi koʻchib kelganlar ahvolini tezda yaxshilash” choralarini koʻrishni iltimos qilgandi [14:111,114]. Lekin qishloq aholisini ularning yerlaridan shafqatsizlarcha siqib chiqarish tarafdori boʻlgan Veleskiy imperiya hokimiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Oblast harbiy gubernatori Ionov hamda oʻlka general-gubernatori Grodekov egallab turgan lavozimlaridan boʻshatildi. Umuman, Turkiston qishloq xoʻjaligini Rossiya sanoati ehtiyojlariga boʻysundirish qatʼiyat bilan amalga oshirildi. Taassufki, oʻlkada ichimlik sotuvchi doʻkonlar ochilishi, vino-aroq zavodlari qurilishi, ichkilikbozlik illatlarining yoyilishi musulmon aholisi qahr-gʻazabini qoʻzgʻatdi. Xoʻjanddagi vino-aroq zavodlaridan biri u yerga bostirib borgan Qoʻqon xonligi qoʻshini tomonidan yoqib yuborilgani tasodif emas [13:5].  Bu davr oʻlka ijtimoiy hayotida vaziyat, birinchidan, mahalliy mehnatkashlar asosiy koʻpchiligi sanoat va qurilishda yordamchi va malakasiz mehnat bilan band edi; ikkinchidan, umuman olganda, har bir ishchining oʻrtacha yillik ish haqi Rossiya imperiyasi boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan 60 foiz kam edi [6:21]. Lekin shunda ham tub aholi hajman va mazmunan teng mehnat uchun Rossiyadan koʻchirib keltirilgan ishchilarga nisbatan ikki–uch barobar kam haq olishardi (masalan, rus kon ishchisi bir kunlik ishi uchun oʻrtacha 90 tiyin, oʻzbek, tojik millatlariga mansub boʻlgan kon ishchisi esa bor-yoʻgʻi 30-60 tiyin haq olardi)[16:19]; uchinchidan, Rossiya va chet el kapitalistlariga tegishli koʻplab zavod va fabrikalarda mahalliy ishchilarga mehnat haqi toʻlash oylab toʻxtatib qoʻyilar, rus ishchilariga nisbatan esa oʻlka  maʼmuriyati bunday holga yoʻl qoʻymasdi [17:130]; toʻrtinchidan, sanoat korxonalarida ishlab chiqarishda  jarohatlanish hollari koʻplab sodir boʻlib turardi (masalan, “Chimyon” neft konlarida ishchilar umumiy soni 500 kishi boʻlgani holda 1910-yilda 328 baxtsiz hodisa sodir boʻlgandi [15:1-91]); beshinchidan, sanoat korxonalarining bor-yoʻgʻi 22 foizida 8-9 soat, 17 foizidan ortigʻida esa 12 soatlik ish kuni joriy etilgandi. Ayni chogʻda koʻpchilik xususiy aksiyadorlik korxonalari ishchilari “kundalik ishlariga bogʻliq boʻlmagan holda, hafta davomida eng yaqin boshliqlari buyrugʻiga koʻra, yakshanba va bayram kunlari, kunduzgi va tungi paytda ish vaqtidan tashqari ishlashga” majbur boʻlgan [12:56]. Shu munosabat bilan mustamlakaning tub aholisiga aslida xayrixoh boʻlmagan tadqiqotchilar V.Zaorskaya hamda K.Aleksander: “Ishchilar uchun chinakam kazarmalar umuman yoʻq, ishchilar zavod yaqinida yoki uning oʻzida, yoxud shu yerda joylashgan katta boʻlmagan bostirmalarda yashashadi; uchinchi holatda ular Turkiston iqlimi yilning katta qismida qulay boʻlgani uchun butunlay ochiq havoda istiqomat qiladi. Koʻpincha tub aholining shunday yashashi kuzatiladi”[4:57], deb xolis yozgan.

Turkistonning Rossiya uchun daromadli mintaqa boʻlganini Muvaqqat hukumatning aholini koʻchirish va mustamlakachilik masalalari boʻyicha Komissiya tuzganidan ham koʻrishimiz mumkin. Bu komissiya, asosan, Turkistonni Rossiya tarkibida saqlab qolish choralarini taklif etishi darkor edi. Lekin 1917-yil sentyabrda komissiya oʻz ishini toʻxtatdi [2:136-167]. 

Shuning uchun ham ushbu masalani Turkistonga sharqiy slavyan aholini koʻchirish siyosatini tadqiq etishimizning sabablarini quyidagicha deb izohlash mumkin:

– birinchidan, Turkistonning koʻp sonli tub aholisi, chuqur tarixiy ildizlarga, yuksak madaniyatga ega boʻlgani imperiyaga oʻz hukmronligini barqarorlashtirishga toʻsqinlik qilishi aniq edi;

– ikkinchidan, imperiyaning hukmron doiralariga va pravoslav ruhoniylariga Sibir, Volgaboʻyi va boshqa ayrim hududlarda amalga oshirilgan siyosat, yaʼni mahalliy aholini ruslashtirish maʼqul koʻringan va uni Turkistonda ham qoʻllash boʻyicha reja tuzilgan.

– uchinchidan, oʻlkada koʻplab rus aholini imtiyozli sharoitlarda joylashtirish va tub aholiga nisbatan shovinistik siyosatni amalga oshirish tub aholining mustamlakachilikka qarshi kurash borasida siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirdi. Shuning uchun yangi usul maktablari, milliy matbuot va siyosiy tashkilotlar paydo boʻldi. Mustamlakachilik yillarida Turkistonda shunday maʼmuriy va mafkuraviy sharoit yaratildiki, madaniyat, fan va taʼlim sohasidagi Rossiya mutaxassislari soni ortdi. Tub aholi uchun bu sohalar rivojlanishini toʻxtatish boʻyicha tarixiy moddiy va maʼnaviy boyliklar, arxeologik topilmalar mintaqadan osonlik bilan olib chiqib ketildi.

Chorizm va mustamlaka zulmiga qarshi faqat faol kurashgina xalq ommasini yanada ogʻir istibdoddan xalos qilishi mumkin edi. Chunki baron A.Vrevskiy oʻrniga kelgan general-gubernator S.Duxovskiy Andijon qoʻzgʻolonidan keyin bir necha oy oʻtmasdan imperiya Harbiy vaziriga quyidagi takliflarni bayon qilgan:

  1. Mahalliy aholining maʼnaviy-axloqiy mavqeyiga juda kuchli taʼsir koʻrsatayotgan barcha musulmon muassasalari hayotiga faol aralashish;
  2. Turkiston oʻlkasida musulmonlar diniy boshqarmasi tuzilishiga yoʻl qoʻymaslik;
  3. Barcha mahalliy musulmon maktablarini maʼmuriyat ixtiyoriga berish, umuman, barcha mahalliy musulmon oʻquv yurtlari hamda diniy muassasalarini toʻliq roʻyxatga olish;
  4. Hukumat tomonidan Turkistondagi musulmonlarga yahudiylarga nisbatan yuritilgan siyosatni tatbiq qilish.

Shu sababli oʻlkadagi barcha musulmon maktablariga nisbatan yahudiylarning xederlari toʻgʻrisidagi 1893-yil 1-mart qonunini tatbiq etish.

Mazkur qonunga asosan musulmon maktablari domlalari har yili alohida guvohnoma olishi va buning uchun maktab, qorixona, daloyilxona domlasi – 3 rubl 50 tiyin, madrasa domlalari 7 rubldan toʻlashi kerak edi.  General-gubernator, shuningdek, siyosiy jihatdan zararli deb topilgan mahalliy musulmon maktablarini yopish huquqi berilishini ham soʻragan [11:2-3]. Chunki bunday maktablar, ayniqsa, madrasalar oʻlkada juda koʻp edi. Mustamlaka maʼmuriyati rus-tuzem maktablar tarmogʻini kengaytirish, oʻquvchilar kontingentini tub aholi jumlasidan koʻpaytirish maqsadida butun aholidan mablagʻ yigʻishni amalga kiritdi.

Oʻsha mahalda rus-tuzem maktablarini moddiy va oʻquv-metodik jihatdan taʼminlash maqsadida milliy zodagonlar maktablarga nozir vasiy etib tayinlandi. Shuning bilan birga (bu ham madrasalar, anʼanaviy, keyinchalik esa yangi usul maktablari rolini pasaytirishga xizmat qilmogʻi lozim edi) bolalarni ona tilida (hujjatda “til” soʻzi oʻrniga “lahja” ishlatilgan [10:30-31]) oʻqitishni joriy etishga, ular uchun maxsus darslik yaratishga   rozi boʻldi. Oʻzbek tili va uni oʻqitish uslubi bilimdoni Saidrasul Saidazizov maʼmuriyat topshirigʻiga binoan “Ustodi avval” darsligini yozdi. Bu darslik 1900-1922-yillarda 17-marta qayta nashr etildi [1:220].  Turkistondagina emas, balki Buxoro va Xivada ham yangi usul maktablari ochish, ularni takomillashtirish hamda tarmogʻini kengaytirish ishiga Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abduvohid Burhonov, Moʻmin Aminov, Olimxontoʻra va boshqa taniqli jadidlar bebaho hissa qoʻshdi.

Turkiston oblastlari boʻyicha maʼlumotlar 1917-yil boshida mavjud boʻlgan yangi usul maktablari tarmogʻini nisbatan toʻlaligicha koʻrsatadi. Chunonchi, Fargʻona oblastida 55 dan ziyod (faqat Andijon va Qoʻqonning oʻzida 33 maktab), Samarqandda – 5, Sirdaryoda – 40, Yettisuvda – 18, Kaspiyortida – 4 ta shunday maktab boʻlgan [3: 260-261].

Xullas, Turkiston ziyolilari oʻlkani har tomonlama ekspluatatsiya qilinishiga, umuminsoniy qadriyatlarni saqlab qolishga harakat qildi. Harbiy-siyosiy tazyiqqa zid oʻlaroq, shahar va qishloqlarda yangi usul maktablari ochish, madrasa va eski usul maktablarini zamonaviylashtirish yoʻlidan bordi. Koʻplab ilmiy-tarixiy, falsafiy, tibbiy, pedagogik asarlar, diniy va dunyoviy fanlar boʻyicha darsliklar, milliy sanʼat namunalarini yaratish, mahalliy xalqlar tilida gazeta va jurnallar chop etish amalda koʻrina boshladi. Bu esa xalqlarni mustamlakachilikka qarshi, ozodlik shiorlari ostida birlashtirish, nihoyat milliy demokratik hukumat – Turkiston (Qoʻqon) Muxtoriyatini tuzish kabi jadid harakatining yuzaga kelishi va rivojlanishiga sabab boʻldi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Bendrikov K.Ye. Ocherki po istorii narodnogo obrazovaniya v Turkestane. – S. 220.
  2. Voprosы kolonizatsii (Petrograd). 1917. №20. – S. 136-167.
  3. Jurnal “Nauka i prosveщyeniye”. – T.: 1922, №2. – S. 31-33.; Bendrikov K.Ye. Koʻrsatilgan asar. – S. 260-261.
  4. Zaorskaya V.V., Aleksander K.A. Promыshlennыye zavedeniya Turkestanskogo kraya. – Pgr. 115. – S. 57.
  5. Ziyayev H. Oʻzbekiston paxtachiligi tarixidan. – T.: 1980. – B. 18.
  6. Melnikova T.S. Formirovaniye promыshlennыx kadrov v Uzbekistane. – T.: 1956. – S. 21.
  7. Sotsialno-ekonomicheskoye i politicheskoye polojeniye Uzbekistana. – S. 33.
  8. Sotsialno-ekonomicheskoye i politicheskoye polojeniye Uzbekistana nakanune Oktyabrya. – S. 31.
  9. Oʻzbekiston SSR tarixi. 4 tomli. II tom. – T.: 1968. – B. 524.
  10. OʻzR MA, I-1-jamgʻarma, 4-roʻyxat, 136-ish, 30-varaqning orqa tomoni va 31-varaqlar.
  11. OʻzR MA, I-1-jamgʻarma, 11-roʻyxat, 161-ish, 2-3-varagʻlar.
  12. OʻzR MA, I-1-jamgʻarma, 15-roʻyxat, 354-ish, 56-varaq.
  13. OʻzR MA, I-1-jamgʻarma, 16-roʻyxat, 637-ish, 5-varaq.
  14. OʻzR MA, 7-Fond, 1-roʻyxat, 5020-ish, 111, 114 varaqlar.
  15. OʻzR MA, I-41-jamgʻarma, 1-roʻyxat, 115-ish, 1-91-varaqlar.
  16. OʻzR MA. I-41-jamgʻarma, 1-roʻyxat, 219-ish, 19-varaq
  17. OʻzR MA. I-41-jamgʻarma, 1-roʻyxat, 219-ish, 130-varaq.
UMIRILLO ORTIQOV,
SamDCHTI akademik litseyi oʻqituvchisi

Check Also

SHAMSUL AIMMA HALVONIY QALAMIGA MANSUB ASARLAR

Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Hanafiy Buxoriy al-Halvoniy (vaf. 448/1056-1057) ijtimoiy-siyosiy faoliyati uchun …