Home / MAQOLALAR / HAKIM TERMIZIYNING USULUL FIQHGA OID QARASHLARI

HAKIM TERMIZIYNING USULUL FIQHGA OID QARASHLARI

Hakim Termiziy tasavvuf sohasida yaxshi tanilgan olim, usulul fiqh va maqosidush sharia boʻyicha asarlar muallifidir. U shariatni metafizik asoslar va sufiy qarashlar asosida bayon qilib, sufiyona fiqhiy usullarni ishlab chiqqan.

Ayrim tadqiqotchilar Hakim Termiziy asarlarini usulul fiqh ilmini qayta qurishga urinish sifatida baholagan. Ular “Hakim Termiziy oʻz asarlari bilan usulul fiqhda yangi yoʻnalishni asoslab berdi yoki usulul fiqh boʻyicha toʻrt mazhabdan farqli boʻlgan yangi nazariy qarashlarni ilgari surdi, deyish mumkin”, deb taʼkidlagan [4:185].

Bu mulohazalardan “Hakim Termiziy mujtahid boʻlganmi?” degan savol kelib chiqadi. Fiqhiy ijtihodlar tabaqalarini toʻliq tushunish uchun davr omilini eʼtiborga olish zarur. Fiqh zamonlar osha fiqhiy ehtiyojlarga mutanosib tarzda rivojlandi. Mujtahid oʻz davri uchun mos boʻlgan oʻzgarishlarni qayd etib, mustaqil, muntasib va mazhab ichidagi ijtihodlarni amalga oshirdi [6:302]. Aytish mumkinki, hijriy III va IV asrlar mutlaq ijtihodga ehtiyoj qolmay, asosan muntasib mujtahidlar – mazhabboshilarning usul va furuʼ boʻyicha shakllantirgan qoidalari doirasida faoliyat yuritilgan, ayrim holatlardagina usul va furuʼda muxolif boʻlingan. Jumladan, Abu Hafs Kabir, Abu Sulaymon Juzjoniy, Iso ibn Abon, Tahoviy, Abu Lays Samarqandiy, Jassos va boshqa faqih ulamolar Qurʼon va sunnatdan istinbot qilishda umumiy holda hanafiy mazhabi usuliga va xususiy holatda oʻz usullariga tayangan. Bu tabaqa faqihlari ilk islom davridan uzoqligi, ularga qadar hadislar sanadi uzaygani, professional ehtiyojlari uchun kifoya qilgani bois muayyan mazhabni tutgan, mutlaq ijtihodga daʼvo qilmagan. Lekin ularda oʻz usullari va mazhabdagi joriy qoidalarga tayanib, Qurʼon va sunnatdan baʼzi hukmlarni chiqarish imkoniyati bor edi. Ammo bu kabi holatlar juda ham kam boʻlgan.

Aslida biz mazhabboshilar shakllantirgan asoslarning keyingi koʻzga koʻringan ulamolar tomonidan deyarli toʻliq qoʻllab-quvvatlanishini, ayrim masalalardagina usul va furuʼda ixtiloflarni koʻramiz. Tarixiy rivojlanish jarayonida mazhab doirasida muntasib ijtihodning turli jihatlari yuzaga chiqqaniga guvoh boʻlamiz [6:279-280].

Shu jihatdan Hakim Termiziyning sufiy tamoyillar asosidagi usul va furuʼdagi ixtiloflariga mustaqil-mutlaq ijtihod emas, balki mazhab doirasida oʻz usuliga koʻra Qurʼon va sunnadan hukm chiqarish yoʻli, deb qarash toʻgʻri boʻladi. Zero, u yashagan davrdagi har qanday ijtihod mutlaq ijtihod deb baholanmagan. Chunonchi, Laknaviy: “Imom Tabariydan boshqa biror kishi toʻrt mazhabboshi imomdan keyin mutlaq mujtahidlikni daʼvo qilmagan. Lekin bu (daʼvo) qabul qilinmagan”. Ibn Saloh esa: “Shofeiy asridan keyin mustaqil mujtahid yoʻq”, deb taʼkidlagan [6:280]. Ammo Qurʼon, sunnat va asarlardan maʼnolar, vajhlar, qoidalar, tamoyillar, istinbot qilib, hukm chiqarish ishlari davom etavergan.

Hakim Termiziy usuliy faqih boʻlib, shariatni mukammal bilish uning illatlarini (sababi, mohiyati bilan) aniqlash orqaligina amalga oshishini “Isbotul ilal” asarida taʼkidlagan. U fiqhiy qarashlarini bayon qilishda Qurʼon, sunnat, ijmo, qiyos, sahobiyning yoʻli, istihson [7:245-250] va urfga oʻrin beradi.

Termiziy zamondosh faqihlarga uch yoʻnalish boʻyicha eʼtirozini bildirgan: 1) fiqh ilmi ruhiy-maʼnaviy jihatlarni qamrab olmayapti; 2) faqihlarning qiyoslari baʼzan mushokalaga aylanib boryapti; 3) sharʼiy hiylalarda meʼyor yoʻqolyapti. Buning hammasi fiqhni notoʻgʻri tushunishdan kelib chiqadi.

Alloma koʻplab asarlarida ratsional tafakkur ahamiyati, aqlni charxlash va fikr yuritishning inson taqdiridagi oʻrniga toʻxtalib oʻtgan: Rasululloh (a.s.)ga bir kishining ibodatga berilgani haqida gap yetib kelsa, uning aqlini surishtirar edilar. “Aqli raso” deyishsa, “umid qilaman” der edilar. Ziddi boʻlsa, “yetisha olmaydi” deb marhamat qilar edilar.

Termiziy rayni ishlatishda ham adolatga rioya qiladigan aqlga tayanib, koʻngilga quloq tutishni, nafs, shahvat va vasvasa bilan shakllangan rayga ergashmaslikni taʼkidlagan [8:99]. Shu bilan birga, xato ray sohiblarini tanqid qilgan. Masalan, oʻziga “ray”ni nisbat berganlarning ayrimlarini bunday zikr qilgan: “Oʻziga ray nisbat berganlar, bu masalalarga chuqur kirib ketdi. Qoʻlida rayga oid kitoblar toʻplanib qolib, shundan havolanib, buni fiqh deb atadi. Ular mana shular bilan Allohga bandalik qilinadi, deb xayol qildi. Bularda faqat shu masalalargina aylanadi. Bilmaydiki, ustozlari bu haqda gapirib oʻtgan… Ulardan Ibrohim Naxaiy, Shaʼbiy, Hasan, Ibn Sirin oʻz zamonlarida, Abu Hanifa, Sufyon Savriy, Molik, Avzoiy oʻz zamonlarida buni aytgan. Ular bu masalalarda adolatli yechim berishga intilgan”. Shundan soʻng Termiziy raychilarni bilib-bilmay Alloh bilan bandasi oʻrtasiga tushishini, “hechqisi yoʻq”,  “joiz” va “joiz emas” deb hukm chiqarishini tanqid qilib, bu sohani xarob qilishidan ogohlantirgan [11:1121]. Avvalgi faqihlar ummatparvar va dinparvar boʻlganini aytgan.

Hakim Termiziy hukmlarning sabab va mohiyati haqida qalam tebratgan ilk mualliflardandir. Bunda u naqliy va aqliy dalillarga tayangan. Uning fikricha, buni bilish uchun oyat, sunnat, sahobiylar, tobeinlar va ulardan keyingi ulamolardan yetib kelgan qavllar, hukmning tushirilish sababini bilish va tafakkur qilish (Alloh bekorga buyurmasligi va taʼqiqlamasligi hikmatini anglash) kerak boʻladi [7:284-289].

Termiziy hukmlarning sabab va mohiyatini bilishni maxsus ilm deb hisoblagan. Unga koʻra, illatlarni ham ilmiy, ham maʼnaviy jihatdan yuksak maqomga erishgan faqihlargina bila oladi. Haqiqiy faqih hukm maqsadini, uning sir va hikmatini anglaydi, ilohiy amr va nahyning (nima uchun buyurilgani) hikmat pardalarini, ishlarning xayrli oqibati yoki sharmandali natijasini koʻra oladi.

Hakim Termiziy qiyos boʻyicha ham oʻziga xos fikrni bayon qiladi: “(Arab tilida) “qiyos” (solishtirish) va “siyoq” (haydash) bir maʼnoda, yaʼni qiyos har narsaning shoxobchasini botiniy oliy hikmat ila Alloh azza va jalla bandalari uchun oʻrnatgan asliga haydashdir” [9:259]. Shuningdek, qiyoslovchi – muqoyis kim ekanini aytib oʻtadi: “Farosat nuri bilan hikmat asoslarini koʻra oladi, furuʼ masalalari keltirilsa, hamma shoxobchalar qaysi oʻzakdan tarmoqlanganini biladi va oʻzakkacha yetib bora oladi” [10:259]. Qiyosning hujjatligini isbotlash uchun oyatlar, hadislar va sahobiylardan dalillar keltiradi.

Termiziy haqiqiy qiyosga yetishish uchun zohiriy ilm bilan birga hikmat – botin ilmi zarurligini taʼkidlaydi. Bu ilm Allohning nuri bilan qalbga joylashadi. Alloma qiyosning notoʻgʻri qoʻllanishini “mushokala” deb atab, faqihlarning bu usuldagi ayrim ijtihodlari boʻyicha turli asarlarida oʻz mulohazalarini bayon qiladi:

– Abu Hanifaning namozni takbir (Allohu akbar) bilan emas, tahmid (alhamdu lillah), tahlil (la ilaha illalloh), tasbeh (subhanalloh) bilan boshlash mumkinligi haqidagi qarashi;

– Abu Hanifaning namozda forscha oʻqish boʻyicha qarashi;

– Abu Hanifaning roʻzador unutib taom yeb qoʻyishi masalasiga munosabati;

– Abu Hanifaning roʻzadorning unutib jimoda boʻlishi roʻzasini buzmasligi haqidagi soʻzlari;

– mayyitning oʻrniga haj qilish masalasining sababi (illati);

– namozda avvalgi ikki rakatda qaʼdani tark etsa, namozga zarar qilmasligi, sahv sajdasi bilan toʻgʻrilashi;

– agar bir kishi ayoliga men senga uylansam, sen taloqsan, desa va kishi unga uylansa, taloq tushadi, degan qavl [14:95].

Termiziy nafaqat faqihlar, balki ahli hadisdan ayrimlarni ham tanqid qiladi. U hadisga yondashuvda koʻproq faqihlarga yaqin boʻlgan va muhaddislarni uch turga ajratgan: 1) ruvvot (roviylar) – hadislarning sanadi bilangina ovora boʻlib, amaldan qolgan hamda umumiy va xususiy mazmundagi xabarlarni ajratmay, maʼnosi ochiq boʻlmagan (gʻomid)larni farqlamaydigan, maqsadi faqat yozish va yod olish boʻlib qolgan, fikri boblar, sanadlar roviylar yoʻllari bilan cheklanib qolgan, ilmning faqat poʻstlogʻini qoʻlga kiritganlar; 2) vuot (anglab yetganlar) – Termiziy ularni hadislarning magʻzini anglab yetishini maqtaydi: “Vuot (anglab yetganlar) Rasululloh (a.s.) hadislarini dindagi ishonchli, rozi boʻlingan imomlardan olib, rioyasini qiladi. Hadis maʼnolarini ochib beradi, taʼvil jihatlarini oʻrganib, zohirini botinga oʻgiradi… Vuot mudom (hadisning) maʼnolardagi pardalarni ochib borish va husni taʼvil talabida boʻladi”; 3) naqqol – ular ruvotdan ham pastroq darajada boʻlib, sanadlarni terib chiqadi, rivoyat yoʻllarini oʻrganishga berilib ketib, hadis maʼnolarini nazardan chetda qoldiradi [14:79-80].

Alloma hadisning sahihligi uning sanadi va roviylari emas, balki matnini tekshirish orqali oʻrganilishi kerakligini taʼkidlagan. Isnodlarini yodlash bilan cheklanib, maʼnoga eʼtibor bermaydiganlar haqida: “Ular isnodlarni, rivoyat yoʻllarini yodlaydi, roviylarni tahlil qilish, ularning illatlarini topishga zoʻr beradi. Lekin hadis maʼnosi va lafzi eʼtiboridan chetda qoladi. Koʻplab soʻzlarning farqlanib qolishi oqibatida asosiy maʼno oʻzgarib ketadi. Ular bunga eʼtibor bermaydi, tadqiq etmaydi, roviylarning tanqidi bilan ovora boʻladi, xolos” [3:52], deb yozadi.

Hakim Termiziy “Shifoul ilal” asarida ayrimlar isnodni bezash uchun taniqli kufalik, basralik yoki shomlik roviylarni keltirishga intilishini qoralaydi: “Bular yurtdoshidan eshitgan biror hadisni keyinroq kufalik, basralik yoki shomlikdan ham eshitib qolsa, darrov ulardan rivoyat qilishga oʻtib, hamyurtini tark etadi. Goʻyo bu bilan odamlarni hayratlantiradi” [1:110]. Yana bir oʻrinda: “Ilm talabida oʻlkalar kezadi. Oʻz yurti ulamolarini qoʻyib, “bizga buni falonchi faloniy rivoyat qilgan” deb, ommaga koʻz-koʻz qilish uchun boshqa diyor ulamolari nomini keltirish bilan ajralib turmoqchi boʻladi”, deb norozilik bildiradi.

Alloma “Navodirul usul” asarida hadislarning sahihini faqat hakimlar ajrata olishini, ularning uslubi hadisning maʼnosini tafsilotlarigacha oʻrganish, soʻzlarning zohiriy va botiniy mazmunini tahlil qilish, Qurʼon va sunnatga muvofiqligini tekshirish orqali toʻgʻri xulosaga kelishdan iboratligini aytadi [13:536-537]. Bu uslubda matn tanqidiga katta eʼtibor qaratiladi. Shuni aytish lozimki, ayrim muhaddislar matndan koʻra sanad tanqidi, roviylarni saralash masalalariga koʻproq eʼtibor qaratgan. Buning bir necha sababi bor. Jumladan, maqsad sanadning oʻzi emas, balki uni oʻrganish orqali matn sahihligini aniqlash boʻlgan. Zero, rivoyatning sahihligi roviyning ishonchliligidan kelib chiqadi. Hadisga hukm chiqarishning eng muxtasar yoʻli ham sanad tanqididir. Matn tanqidi esa, oʻta mashaqqatli boʻlib, uning uchun katta salohiyat talab etiladi [2:16-17].

Hakim Termiziy asarlarini oʻrganish shuni koʻrsatadiki, u chin mujtahid boʻlib, hanafiy mazhabiga koʻr-koʻrona taqliddan ehtiyot boʻlgan, oʻz qarashlarini faqat kuchli dalillar asosida bayon qilgan. Ammo bu mutlaq emas, balki sufiy qarashlar asosidagi ijtihod sifatida baholanadi. Alloma hukmlarga koʻr-koʻrona ergashishni emas, balki tahlil orqali, mohiyatga yetib borgan va anglagan holda amal qilishni yoqlagan.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Hakim Termiziy. Shifoual ilal / Huzayyin R.M. nashrga tayyorlagan. – Qohira: Dorul ofoqil arabiyya, 1998.
  2. Juzjoniy A. Qavoid fi ulumil hadisin nabaviy ala manhajis sadail hanafiyya. – Devband, 2018.
  3. Komil Avayza. Hakim Termiziy faqih noqid. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya, 1993.
  4. Mustafo Nashshor. Falsafa Hasan Hanafiy. – Qohira: Nyu buk linnashr, 2017.
  5. Muhammad Avvoma. Faqih imomlar ixtilofida hadisi sharifning oʻrni / tarj. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. – Toshkent: Hilol-nashr, 2018.
  6. Saloh Abulhaj. Al-madxalil mufassal ilal fiqhil hanafiy. – Ammon: Dorul fath, 2017.
  7. Xolid Zahriy. Taʼlilush sharia baynas sunna vash shia. –Bayrut: Dorul hady, 2003.
  8. Hakim Termiziy. Al-Aqyos val mugʻtarrun / A.Solih va S.Jamiliy nashri. – Qohira: Al-Maktabus saqofiy, 1989.
  9. Hakim Termiziy. Al-Furuq va manʼut taroduf. – Ajuza: Maktabatul imon, 2005.
  10. Hakim Termiziy. Isbotul ilal. – Kasablanka: An-Najahul jadida, 1998.
  11. Hakim Termiziy. Navodirul usul. – Qohira: Maktaba Imomil Buxoriy, 2008. T.2.
  12. Hakim Termiziy. Navodirul usul. – Jidda: Dorul minhoj, 2015. T.1.
  13. Hakim Termiziy. Navodirul usul. – Jidda: Dorul minhoj, 2015. T.4.
  14. Husayniy A. Al-Maʼrifa indal Hakimit Tirmiziy. – Qohira: Dorul kutubil arabiya, 1963.

 

IBROHIM USMONOV,
OʻzR FA Sharqshunoslik instituti doktoranti,
t.f.n. dotsent

Check Also

MUSTAQILLIK YILLARIDA TASAVVUF TAʼLIMOTINING TADQIQ ETILISHI

Mustaqillikning ilk yillarida islom diniga qoʻyilgan bir asrlik cheklov [4:252] barham topib, eʼtiqod erkinligi uchun …