Home / MAQOLALAR / RAMAZON OYINING FAZILATLARI BARCHAMIZNING BIR UMRLIK FAZILATLARIMIZGA AYLANSIN

RAMAZON OYINING FAZILATLARI BARCHAMIZNING BIR UMRLIK FAZILATLARIMIZGA AYLANSIN

Bu yil muqaddas Ramazon oyining uygʻonish, yangilanish va yasharish fasli boʻlgan bahor bilan hamqadam kelishi jonajon Oʻzbekistonimizga oʻzgacha fayz va shukuh bagʻishladi. Ushbu fazilatli oyning yurtimizda mul-koʻlchilik va baraka omili boʻlgan seryomgʻir kelishi bunyodkor xalqimizning kayfiyati va gʻayrat-shijoati yana bir karra oshishiga xizmat qildi. Muqaddas islom dinining ulugʻ ruknlaridan boʻlgan roʻza ibodati Ramazon oyida ochlik, tashnalik, nafsni jilovlash, sabr-qanoat bilan moʻmin kishi Alloh taologa qurbat, taqvo hosil qilishi va koʻproq xayru ehson, mehr-oqibat orqali ajru savob olishida namoyon boʻladi.

Xoʻsh, nega aynan Ramazon oyida musulmonlar roʻza tutadi, mazkur oyning fazilati, hikmati nimada, kabi savollarning javobi islom dinining muqaddas manbalari hisoblangan Qurʼoni karim va hadisu shariflarda keltiriladi.

Qurʼoni karimda: «Ramazon oyi odamlar uchun hidoyat (manbai) va toʻgʻri yoʻl hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qurʼon nozil qilingan oydir» (Baqara, 185), Qadr surasida esa: «Albatta, Biz uni (Qurʼonni «Lavhul mahfuz»dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik» (1-oyat) deb marhamat qilinadi.

“Ey imon keltirganlar, taqvoli boʻlishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham roʻza farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli boʻlsangiz” (Baqara,183) deb keltiriladi.

Yaʼni, Qurʼon guvohlik beryaptiki, Alloh taoloning Kitobi avval Lavhul mahfuzdan dunyo osmoniga butunicha nozil qilingan va bu Ramazon oqshomlaridan birida – Qadr kechasida sodir boʻlgan. Qurʼonning Yer yuziga, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga nozil qilinishi ham aynan Qadr kechasida boshlangan[1]. Bundan Qurʼoni karimning Ramazon oyida nozil boʻlgani va ushbu oyda musulmonlarga roʻza tutish farz qilingani maʼlum boʻladi.

Adabiyotlarda Ramazonning qirq bir fazilati borligi taʼkidlanadi[2]. Jumladan, Ramazon taqvo (taqvo – mustahkam diniy eʼtiqod; haromdan hazar qilish)[3] oyi boʻlib, moʻmin kishiga taqvo malakasini baxsh etadi. Chunki bu oyning asosiy xossasi hisoblangan roʻza ibodatining eng katta natijasi roʻzadorda taqvo sifatini hosil qilishdir. Shuning uchun Ramazonda Qurʼon tilovati va xatmiga alohida eʼtibor beriladi.

Ramazon saxovat oyi boʻlib, ushbu oyda sadaqa va xayru ehsonning savobi yanada koʻp boʻladi. Shuning uchun ham musulmonlar qadimdan islomning yana bir asosiy rukni boʻlgan zakot ibodatini Ramazon oyida ado etishga odatlangan.

Ramazon tinchlik elchisi, goʻzal axloq fursatidir. Bu oyda oʻzaro tortishish, janjallashishlar boʻlmaydi. Ramazonda bunday amallardan yanada uzoqroq boʻlish, hatto birov soʻksa yo haqorat qilsa ham, unga roʻzadorligini aytishdan boshqa javob qaytarilmaydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birortangiz roʻza tutgan boʻlsa, shahvoniy soʻz va amallardan voz kechsin, baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan soʻkishmoqchi yoki urishmoqchi boʻlsa, «Men roʻzadorman», desin», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati)[4].

Ramazon rahmat oyidir. “Ramazonda rahmat eshiklari ochiladi”, deyilgan. Ramazonning avvalgi oʻn kunligi nafaqat oyning, balki butun bir yilning rahmat kunlari hisoblanadi (Imom Muslim rivoyati)[5].

Ramazon magʻfirat oyi boʻlib, uning oʻrtadagi oʻn kuni nafaqat oyning, balki yilning “magʻfirat kunlari” hisoblanadi. Ramazonning fazilati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U avvali rahmat, oʻrtasi magʻfirat va oxiri doʻzaxdan ozod boʻlish fursati boʻlgan oydir”, deganlar[6].

Ramazonning oxirgi oʻn kunligi magʻfirat kunlaridir. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «U (Ramazon)ning oxirgi kechasida roʻzadorlarning gunohlari kechiriladi», dedilar. Ular (sahobalar): “Ey Allohning Rasuli, u Qadr kechasimi?” deb soʻradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yoʻq, lekin ishchi ishini ado etganidan soʻng ajri – haqi toʻla qilib beriladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati)[7].

Ramazon istigʻfor oyidir. Bu oyda farishtalar roʻzadorlar uchun Allohdan magʻfirat soʻraydi.

Ramazon ruhan poklanish, axloqan yuksalish oyidir. Ramazonda shaytonlar kishanlanib, vasvasalari cheklanib, insonlarga oʻzini tarbiyalash imkoni beriladi. Binobarin, bu oyda qilingan gunohning jazosi qattiqroq boʻladi. Shu bois hadislarda Ramazonda barcha axloqsizliklardan, gunohlardan poklanishga qattiq targʻib qilingan. Hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim yolgʻon gapirishni va unga amal qilishni qoʻymasa, Alloh uning taom va ichimlikni tark etishidan behojatdir», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati)[8]. Ushbu hadis roʻza ibodati kishining shunchaki yegulik va ichimlikdan oʻzini tiyishdan iborat emasligini, balki gunohga sabab boʻladigan barcha nojoʻya amallarni toʻxtatib, axloqan poklanish yoʻlini tutish lozimligini koʻzda tutadi.

Ramazonning fazilatlari hammamizning bir umrlik fazilatlarimizga aylansin!

Ramazon rizq-roʻzga baraka beriladigan oydir. Hadisi sharifda: “U (Ramazon) moʻminning rizqi ziyoda qilinadigan oydir”, deyiladi[9]. Chunki Alloh taolo roʻzadorning ushbu farzni ado etish chogʻidagi ochlik, tashnalik kabi azob-uqubatlarga sabri va duo-iltijolariga javoban uning rizqini, barakasini koʻpaytiradi.

Ramazon salomatlik oyidir. Qadimda ham, hozir ham ochlik bilan davolash keng tarqalgan usullardan hisoblanadi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, inson jismonan sogʻlom boʻlishi uchun bir yilda 28-29 kun ixtiyoriy och yurishi kerak ekan. Ramazon oyi aynan shuncha davom etadi. Alloh taolo biz, moʻmin-musulmonlarga sogʻligimiz garovi boʻlgan ushbu muolajani ibodat qilib berib, ulkan ajru savoblarni, yaxshiliklarni vaʼda qilgan.

Islom dini va Ramazon oyining ezgu mohiyatini keng targʻib etish bugun oʻta shiddatli va ziddiyatli tarzda kechayotgan globallashuv sharoitida ayniqsa yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki ayrim mamlakatlarda ijtimoiy-iqtisodiy, harbiy-siyosiy, milliy va diniy keskinliklar avj olib, bebaho neʼmatlardan hisoblangan tinchlikka rahna solinmoqda. Mana shunday murakkab xalqaro vaziyat milliy-maʼnaviy qadriyatlarning, avvalo, islom dinining insonparvarlik, bagʻrikenglik va tinchlikparvarlik mohiyatini keng targʻib etish orqali uning bunyodkorlik salohiyatini xalqaro miqyosda tinchlik va hamkorlikni taʼminlashga yoʻnaltirishni taqozo etmoqda.

Shu bois Oʻzbekistonda ham milliy va diniy qadriyatlarni, boy maʼnaviy merosni tadqiq va targʻib etish davlat siyosatining ustuvor masalalaridan biri etib belgilangan. Xalqimiz hayoti va maʼnaviyatida islom dinining oʻrni beqiyosdir. Yurtimiz musulmonlari muqaddas aqidalarga amal qilib, ezgu anʼanalarni davom ettirib келмоқда. Bu yil ham maʼnaviy poklik, xayru saxovat ayyomi boʻlgan Ramazon oyi Oʻzbekistonda anʼanaviy tarzda katta surur bilan kutib olindi. Tarovih namozi va undagi Qurʼon xatmi butun mamlakat boʻylab yagona tartib qoida bilan ado etilmoqda. Koʻplab maskanlarda iftorlik dasturxonlari yozilib, xalqimizga osoyishtalik, fayzu baraka tilab duolar qilinmoqda. Jamiyatda doʻstlik, birodarlik, mehr va saxovat rishtalari kuchaymoqda.

Prezident Shavkat Mirzyoyev Namangan viloyatiga safari davomida iftorlikda ishtirok etib, koʻp millatli Oʻzbekiston xalqini Ramazon oyi bilan yana bir bor tabriklab, duoda boʻldi. Iftorlik payti qilingan duoning qabul va ijobat boʻlishi ham Ramazonning fazilatidandir. Chunki hadisi sharifda: “Uch kishi bor, ularning duosi qaytarilmaydi: odil rahbar, roʻzador iftor qilgunicha va mazlumning duosi”, deb keltiriladi[10]. Yurtimizda shakllanayotgan yangi ijtimoiy himoya tizimi va amalga oshirilayotgan muruvvat tadbirlari ehtiyojmand va kam taʼminlanganlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish omili sifatida tahsinga loyiqdir.

Darhaqiqat, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar 2016-yildan oʻzining yangi bosqichiga koʻtarildi. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichi boʻlgan yana bir uygʻonish davri – Uchinchi Renessans sari dadil odimlamoqda. Bunda asrlar sinovidan oʻtgan milliy qadriyatlar, islom dini va boy maʼnaviy merosning bunyodkorlik kuchidan samarali foydalanish asosida maʼnaviyatni yuksaltirish masalasi ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan, diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirishga oid xayrli ishlar bizni dunyoga tanitmoqda. Oʻzbekiston tajribasi va taklif-tashabbuslari xalqaro miqyosda eʼtirof etilmoqda. Xususan, 2017-yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida 2018-yil 12-dekabrda “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.

2018-yil 16-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni[11], 2019-yil 4 sentyabrda “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori eʼlon qilindi[12]. Mazkur hujjatlar asosida jamiyatda vijdon erkinligi va diniy-maʼrifiy muhit barqarorligi kafolatlarini taʼminlashni nazarda tutuvchi yangi tizim joriy etildi.

Natijada Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi oliy maktabi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi kabi diniy-maʼrifiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi markaz va oliy oʻquv yurtlari tashkil etildi.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hamda yurtimiz va musulmon dunyosidan yetishib chiqqan ulugʻ mutafakkir va allomalarning boy merosi, ularning jahon sivilizatsiyasi, ilm-fan taraqqiyoti rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini chuqur tadqiq etish va keng targʻib qilish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat, tinch-totuv hayotni qadrlash va mustahkamlash ruhida tarbiyalash, shuningdek, xalqaro miqyosdagi maʼnaviy-maʼrifiy muloqot va hamkorlikni kuchaytirish borasida xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Markaz tomonidan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Dorimiy, Abd Humayd Keshiy kabi ulugʻ allomalarning Qurʼon, hadis, aqida, fiqh, kalom ilmiga oid 40 dan ortiq noyob qoʻlyozma asarlari oʻzbek tiliga oʻgirilib, nashr etildi. “Jaholatga qarshi – maʼrifat” ruknida islom dini asoslariga oid dolzarb mavzularda mingdan ortiq maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. “Hadis maʼrifati” ruknida yuzga yaqin videodars tayyorlanib, ijtimoiy tarmoq va saytlar orqali keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etildi.

Shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Turkiya, Malayziya, Saudiya Arabistoni, Misr, Hindiston, Pokiston, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi davlatlardagi 40 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilot, turdosh markaz va universitetlar bilan hamkorlikka oid anglashuv memorandumlari imzolanib, ilmiy-amaliy aloqalar yoʻlga qoʻyildi.

Islom dinining ezgu mohiyatini keng targʻib qilishga doir dolzarb mavzularda Markaz tomonidan xalqaro konferensiya, koʻrgazma, ilmiy syeminar, davra suhbati shaklida 171 tadbir tashkil etildi. Jumladan, Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti hamkorligida “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzusi doirasida 24 ta xalqaro onlayn ilmiy seminar, AQSH Tinchlik instituti bilan “Tinchlik uchun pedagogika” dasturi doirasida 5 ta seminar-trening oʻtkazildi.

Bu jarayonlar izchil davom ettirilmoqda.

Oylar sultonining taassurotlari, istiqbolga tikilgan umidli nigohlar hammamizni hamisha mehr-oqibat, insonparvarlik, ezgulik, bagʻrikenglik va saxovatlilik kabi fazilatlarga yoʻldosh qilsin!

Iydi Ramazon barchamizga muborak boʻlsin!

[1] Joʻrayev A. Qurʼon nozil boʻlgan oy // http://old.muslim.uz/index.php/rus/hadis/item/8196
[2] Hasanxon Yahyo Abdulmajid. Ramazonning qirq bir fazilati // https://islom.uz/maqola/429
[3] Oʻzbek tilining izohli lugʻati. 5 jildli. 4 jild. –T.: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti, 2008.–B.35.
[4] Hasanxon Yahyo Abdulmajid. Ramazonning qirq bir fazilati // https://islom.uz/maqola/429
[5] Hasanxon Yahyo Abdulmajid. Ramazonning qirq bir fazilati // https://islom.uz/maqola/429
[6] Hasanxon Yahyo Abdulmajid. Ramazonning qirq bir fazilati //https://islom.uz/maqola/429
[7] Hasanxon Yahyo Abdulmajid. Ramazonning qirq bir fazilati // https://islom.uz/maqola/429
[8] Hasanxon Yahyo Abdulmajid. Ramazonning qirq bir fazilati // https://islom.uz/maqola/429
[9] Hasanxon Yahyo Abdulmajid. Ramazonning qirq bir fazilati // https://islom.uz/maqola/429
[10] http://old.muslim.uz/index.php/maqolalar/item/26471-ramazonning-41ta-fazilati
[11] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni // Xalq soʻzi gazetasi, 2018-yil, 17-aprel, № 75(7033) –B.1-4.
[12] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori // Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami 2019-yil 16-sentyabr, 37-son (901). – B.95-98.
Baxtiyor TURSUNOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MUQADDAS DINIMIZDA OʻTGANLARNI XOTIRLASH VA TIRIKLARNI QADRLASH HAQIDA

Islom dini insonlarni odob-axloq, yaxshilik va ezgulikka chorlaydi. Shu bois, unda oʻtganlarni xotirlash, ularning haqiga …