Home / MAQOLALAR / GʻIYBATCHIGA BEPARVO BOʻLMANG!

GʻIYBATCHIGA BEPARVO BOʻLMANG!

Islom dini insonlarning obroʻ-izzatini saqlash uchun gʻiybatni harom qildi. Chunki gʻiybat odamlarning aybini oshkor qilish va obroʻsini toʻkishga qaratilgan illatdir. U tinchlikni buzib, urush, ixtilof va parchalanishni keltirib chiqaradi.

Alloh taolo aytadi:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اجْتَنِبُوا كَثِيرًا مِنَ الظَّنِّ إِنَّ بَعْضَ الظَّنِّ إِثْمٌ وَلَا تَجَسَّسُوا وَلَا يَغْتَبْ بَعْضُكُمْ بَعْضًا أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أَنْ يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ مَيْتًا فَكَرِهْتُمُوهُ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ تَوَّابٌ رَحِيمٌ﴾

“Ey moʻminlar! Koʻp gumon(lar)dan chetlaningiz! Chunki baʼzi gumon(lar) gunohdir. (Oʻzgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni gʻiybat qilmasin! Sizlardan biror kishi oʻtib ketgan birodarining goʻshtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon koʻrasiz-ku, axir! Allohdan qoʻrqingiz! Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli zotdir”[1].

Qurʼoni karimda hech bir gunoh bunchalik yomon oʻxshatish bilan zikr qilinmagan. Bilamizki, inson hech qachon oʻlimtik yemaydi. Agar goʻsht insonniki boʻlsa, undan yanada koʻproq jirkanadi. Oʻtgan birodarining  goʻshtini yeyish esa insoniyatga mutlaqo nomunosib va aqldan uzoq ishdir. Gʻiybat shunday qabih holatga qiyoslanmoqda. Bu esa aqlli va imonli har qanday kishining qalbini larzaga soladi.

Aytilayotgan ayblov soʻzi gʻiybat qilinayotgan kishida boʻlsa ham, boʻlmasa ham haromdir. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Gʻiybat nima ekanini bilasizmi?” deb soʻradilar. Sahobalar: “Alloh va Uning Rasuli bilguvchiroqdir”, deb javob berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Gʻiybat bir birodaringning orqasidan oʻzi eshitsa, yomon koʻradigan sifat bilan gapirishingdir”, dedilar. Shunda ulardan biri: “Agar birodarimda men aytgan oʻsha sifat bor boʻlsa ham gʻiybat boʻladimi?” deb soʻradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Unda bor aybni aytgan boʻlsang, gʻiybat qilgan boʻlasan. Agar sen aytgan sifat unda boʻlmasa, boʻhton qilgan boʻlasan”, deb javob berdilar” (Imom Muslim rivoyati).

 Moʻminga moʻminning moli va joni harom boʻlganidek, uning obroʻsini toʻkish ham haromdir. Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vidolashuv hajidagi xutbalarida buni alohida taʼkidlab, bunday deganlar: “Albatta, qoningiz, molingiz va obroʻyingiz bir-biringizga haromdir. Shu oyda, shu shaharda ushbu arafa kunining hurmatini saqlagandek, ularning ham hurmatini saqlang!(Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, birovning molini zulm bilan yeyish qanchalar yomon boʻlsa, uning obroʻsiga tajovuz qilish ham shunchalar qabih ishlar qatoriga kirar ekan.

Bunday katta gunohning jazosi ham, shubhasiz, dahshatlidir. Bunga Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis misol boʻladi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Meʼroj kechasida bir qavmning oldidan oʻtdilar. Ularning tirnoqlari qoʻrgʻoshindan boʻlib, yuzlarini va kuraklarini tirnayotgan edi. Bundan ajablangan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Jabroil, bular kim?” deb soʻradilar. Jabroil alayhissalom: “Bular odamlarning goʻshtini yeydigan va ularning obroʻsini toʻkadigan kishilar”, deb javob berdi” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Boshqa hadisda Abu Barza Aslamiydan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey tili bilan imon keltirib, dilida imon keltirmaganlar! Musulmonlarni gʻiybat qilmang va ularning kamchiliklarini qidirmang. Kim ularning kamchiligini qidirsa, Alloh taolo uning oʻz kamchiligini “qidiradi”. Alloh kimning kamchiligini “qidirsa”, uni (bu dunyoning oʻzida) sharmanda qiladi”, dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Gʻiybatchining soʻziga quloq solib turgan kishi ham uning gunohiga sherik boʻladi. Shu sababli har bir musulmon boshqa birodarining obroʻsini himoya qilishi va gʻiybatni toʻxtatishi lozim. Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim bir birodarining obroʻsini himoya qilsa, qiyomat kuni Alloh taolo undan doʻzaxni daf qiladi” (Imom Termiziy rivoyati).

Demak, gʻiybatchining gʻiybatini toʻxtatib, birodarining shaʼnini himoya qilishning mukofoti jannat boʻlsa, gʻiybatga sherik boʻlishning oqibati alamli azob ekan.

Zarurat tugʻilganda, odamlarning aybini gapirish mumkin. Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladi: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurimga kirganlarida: “Ey Oisha, falonchi va falonchi biz tutgan dinni biladi deb oʻylamayman”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Mazlum kishi zolim ustidan shikoyat qilishi joiz. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Hind Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: “Abu Sufyon xasis odam, shuning uchun men uning molidan olishga muhtoj boʻlib qolaman”, dedi. U zot: “Oʻzingga va bolangga kifoya qiladiganini insof bilan olaver, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

 Shuningdek, biror kishini toʻgʻri yoʻlga solish yoki yomonlikdan qaytarish uchun boshqalar bilan maslahat qilish, biror kimsa haqida soʻralganda, oʻsha kishi haqida toʻgʻri maʼlumot berish, “falonchi menga shunday muomala qildi, men nima qilishim kerak?”, deb savol soʻrash va gunohi bilan maqtanib yuradigan odamning aybini gapirish gʻiybat hisoblanmaydi.

Jamiyatda notinchlik sabablari yuzaga chiqishiga beparvo boʻlgan ummat qayday ham badbaxt! Gʻiybatchiga quloq solib, uning gunohiga sherik boʻlishdan saqlanaylik. Gʻiybatini joyida toʻxtatib, tartibga chaqirish kerak. Ochiq inkor qilishdan qoʻrqilsa, suhbatni boshqa tomonga burishga yoki turib ketishga harakat qilish darkor. Orasida maqtalgan xulqlar yoyilgan ummat qayday ham baxtli! Barchamizga yaxshi xulq sohibi boʻlish nasib etsin.

Otabek BAHRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

[1] Hujurot surasi, 12-oyat.

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …