Home / FOTO LAVHALAR / Ichki turizm imkoniyatlari namoyish etildi

Ichki turizm imkoniyatlari namoyish etildi

«Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!» dasturi asosida yurtimizning barcha hududlarida oʻtkazilayotgan ichki turizm yarmarkasi Samarqandda ham tashkil etildi. Ushbu yarmarka 30-mart kuni Registon ansamblida boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 12-yanvardagi «Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil qilingan koʻrgazma ochilishida yurtimizning keyingi yillarda tobora yuksalayotgan sayyohlik salohiyati, xususan ziyorat va ichki turizmini yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz bordi.

Mirzo Ulugʻbek madrasasi hovlisida oʻtkazilgan yarmarkada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ham koʻrgazmali burchagi tashkil etilib, unda Markaz tomonidan nashr etilgan kitob va risolalar, arab kalligrafiyasi, islom xattotlik sanʼati namunalari hamda viloyatning ziyorat turizmi salohiyatiga oid fotosuratlar namoyish qilindi.

Ishtirokchilar oʻtkazilgan tadbir hududning ziyorat va ichki turizmi imkoniyatlarini yoritishda amaliy jihatdan muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlashdi.

Yarmarka xorijlik va mahalliy sayyohlarda katta taassurot qoldirdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot markazi

Check Also

Hamkorlik istiqbollari yuqori baholandi

Kuni kecha Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Qozon shahrida joylashgan Abdulla Apanayev nomidagi madrasa va …