Home / MAQOLALAR / TARIQATLAR TARIXINI OʼRGANISHDA SFRAGISTIK MATERIALLARNING OʼRNI

TARIQATLAR TARIXINI OʼRGANISHDA SFRAGISTIK MATERIALLARNING OʼRNI

Tarixiy manbalar Markaziy Osiyoning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol oʻynagan. Bunda Markaziy Osiyoda yaratilgan qoʻlyozmalar muhim qiziqish uygʻotishi tabiiydir. Markaziy Osiyoda yaratilgan qoʻlyozmalarni tadqiq etish orqali, aksariyat qoʻlyozmalarga muhr bosilgani ayon bo‘ldi. Shuningdek, qoʻlyozma qaysi bilim dargohi yoki kutubxonaga (madrasa yoki xonaqohga) tegishli ekani haqida muhim maʼlumotga ega boʻldik.

Sfragistika – (yunon. – muhr) yoki sigillografiya (lot. sigillum – muhr), muhrlarni tarixiy manba sifatida oʻrganadigan fan. Muhrlar deb qattiq materialga (tosh, metall, suyak va boshqalar) oʻyilgan qolip va muhr izlariga ataladi (tilla, kumush, qoʻrgʻoshin, qogʻoz va boshqalar). Muhr, shuningdek, sopol, qoʻrgʻoshindan tayyorlanadi, uning silindr shaklidagi nusxalari ham uchraydi.

Muhr – kutubxona timsoli. Odatda qoʻlyozma varaqlaridagi muhrlar orqali qoʻlyozma egasi kim boʻlganini aniqlash mumkin. Agar ayni bir muhr bir qancha kitoblarga qoʻyilgan boʻlsa, ular bir shaxs kutubxonasiga tegishli boʻladi. Bu orqali shaxsiy kutubxonalarni aniqlash ancha qulay.

Rasmiy qogʻozlarga bosiladigan turli shakldagi muhrlar – bu hujjat aynan oʻsha korxona yoki shaxs tomonidan yuborilganidan guvohlik beradi. Sfragistik yodgorliklar yordamida davlatchilik institutlari faoliyatining ayrim jihatlari haqida qimmatli maʼlumotlar olish, shuningdek, muhrdagi yozuv va suratlarda oʻsha davr voqealari aks etganini koʻrish mumkin. Shu sababdan muhr biron bir davrdagi tarixiy voqeani kompleks oʻrganishda qimmatli manbadir. Muhr yordamida hujjat muallifi aniqlanadi. Soha ustalari tomonidan mohirlik bilan oʻyilgan muhrlar koʻp hollarda sanʼat asariga tenglashtiriladi.

Arab yozuvidagi muhr va uning aksi – bu shunday tarixiy manbalardan biriki, tarixchilar uni hali toʻliq baholay olmagan va u hali “ochilmagan qoʻriq”dir. Bu muhrlar nafaqat yuz minglab hujjatlarga, balki Oʻzbekiston hududida saqlanayotgan minglab qoʻlyozmalarga ham bosilgan.

Hozirgi kunda musulmon sfragistikasi alohida soha sifatida shakllanmoqda. Soʻnggi yillarda bu borada qator tadqiqotlar [10] amalga oshirildi. Muhrlar alohida koʻrsatilgan kataloglar ham chop etildi. “Islamic Seals Database (www.cbl.il/islamicseals)” musulmon muhrlari maʼlumotlari bazasi (Chester Bitti (Dublin) kutubxonasining maxsus saytida) yaratildi. Turin universitetida Kale qoʻlyozmalar xazinasi katalogida [14] (katalogirum seriyasida) muhrlar uchun maxsus oʻrin ajratildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tayyorlangan “Imom Buxoriy xalqaro markazi manbalar xazinasi qoʻlyozmalar katalogi”da [11] ham ana shunday muhrlar uchun oʻrin ajratilgan.

Sfragistika boʻyicha tadqiqot olib borgan Gʻ.Qurbonov [12] Oʻzbekiston tarixida birinchilardan boʻlib muhrlar katalogini tuzadi. U o‘z tadqiqotida Buxoro muhrlarini batafsil tasnif qilib, ayrim hollarda aynan muhrning oʻzi yoxud hujjatlarga bosilgan aksini kiritgan. Kitobda rus va sovet sharqshunoslarining muhrlar borasidagi tadqiqotlari haqida ham maʼlumot keltirilgan.

Bevosita muhrlar yoki ularning akslari borasida amalga oshirilgan ilmiy ishlar sirasiga A.Divayev va P.Axmerovning “Ahmad Yassaviy muhrlari tavsifi” (“Opisaniye pechati Axmeda Yasevi”) [2] tadqiqotini ham kiritish mumkin. A.Xolidov Sharq qoʻlyozmalari katalogi (Собрание Восточных рукописей Академии наук Узбекской ССР) yordamida [18] Porso muhri tushirilgan 57 ta qoʻlyozmani aniqlagan. Keyingi izlanishlarda A.Xolidov eʼtiboridan chetda qolgan yana 81 ta qoʻlyozma aniqlangan [13].

Tarix fanlari doktori Sh.Ziyodov “XV-XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda kutubxonachilik tarixi (qoʻlyozma manbalar va ulardagi muhrlar tahlili asosida)” [4] nomli doktorlik ishida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan qoʻlyozmalarda 23 ta vaqf va 62 ta kitob savdosi borasidagi qaydlar keltirilgan. Shuningdek, Sidqiy Xondayliqiy tomonidan 48 nafar qozi va ularning avlodlari, 34 nafar muftiy va ularning avlodlari, 13 turdagi mudarris va qorilarga taalluqli, 86 nafar xususiy shaxs va 4 nafar amaldorga oid jami 185 dona muhr yasalgani, XV-XX asrlarda Markaziy Osiyo kutubxonalarida saqlangan 2605 ta qoʻlyozmada 1652 turdagi muhr izlari boʻlgani ochib berilgan. Aynan shu muhrlar yordamida Zarafshon vohasida naqshbandiylik tariqatida faoliyat olib borgan Xoja Muhammad Porso hayoti va ilmiy-maʼnaviy merosi tadqiq etilgan. Unga tegishli madrasa, masjid va kutubxona tarixi yoritilgan. Tadqiqot natijasida Muhammad Porso kutubxonasi, naqshbandiya tariqatining davomchilari – nazariyotchi shayxlari haqida muhim maʼlumotlar taqdim etilgan.

Tadqiqotchi Sh.Ziyodov muhrlar tadqiqiga oid monografik tadqiqot sifatida tayyorlagan “Oʻrta Osiyo sfragistikasiga oid materiallar (Toshkent. XIX oxiri – XX asr boshlari) muhrlar katalogi”ni [5] ham eʼlon qildi.

Izlanish natijasida bevosita Zarafshon vohasida faoliyat olib borgan tariqat murshidlarining sakkiz burchak, aylana, toʻrtburchak, bargsimon, oval  shakldagi muhrlari aniqlandi.

  1. Xalifa Mulla Xudoyberdi ibn Mulla Abdurasul sufi. Oval. 30×24 mm. // Silsilai naqshbandiya. Qoʻlyozma. Buxoro muzey-qoʻriqxonasi fondi, inv: № 11475/II. 1-varaq [17].
  2. Mulla Muhammad Solih xalifa ibn Mulla Muhammad Rasul Sufi. Ov. 30×24 mm. // Silsilai Naqshbandiya. Qoʻlyozma. Buxoro muzey-qoʻriqxonasi fondi, inv: № 13101/II. 1-varaq [16].
  3. Xoja Abdukarim Ahmadi. Dumaloq. 24 mm. // Silsilai Naqshbandiya. Qoʻlyozma. Buxoro muzey-qoʻriqxonasi fondi, inv: № 11475/II. 1-varaq [17].
  4. Yahyo xoja ibn Eshon Musoxon xoja Sarmejiy. Ov. 27×17 mm. // Irshodnoma (Gʻoyibnazar maxzum ibn Muhammad Sobir maxzum). Qoʻlyozma, forscha, nastaʼliq. 1299/1880 [8].
  5. Jaloliddin xoja ibn Eshon Yahyo xoja. Ov. 25×15 mm. // Irshodnoma (Gʻoyibnazar maxzum ibn Muhammad Sobir maxzum). Qoʻlyozma, forscha, nastaʼliq. 1299/1880 [8].
  6. “Gʻulomi xosi islom, Shayx Abul Fath. 1299”/1880. “Bismillah, va billah, va minalloh, va ilalloh, va aʼlalloh, faliyatavakkalun” (Allohning ismi bilan va Alloh bilan va Allohdan va Allohga va Allohning oʻziga moʻminlar tavakkal qilsinlar). Olti burchak 45×45 mm. // Vaqf hujjati. 1305/1887-yil. Qoʻlyozma [1].
  7. Abul Fath. 1280/1863. Ov. 15 mm // Vaqf hujjati. 1305/1887-yil. Qoʻlyozma [1].
  8. … ki gavhari daryoi obu ast, Bahrul lutf islomi din ba mavj ast (Islomning lutfidin bahravar boʻldi, Daryo suvining gavharga toʻlgani kabi). Toʻrtburchak. // Irshodnoma. Abul Fath. XIX asr oʻrtalari. Qoʻlyozma.
  9. Chu nuri adl Abul Hay …, Jomi islom Eshon Abul Hasan ast (Abul Hay – Eshoni Islom shayxning oʻgʻli Abul Hasan koʻz nuridur). Du. // Sharhi muraqqaʼus solihin” [Burhoniddin Qilichning “Porso-darveshlar uchun libos” asari sharhi] hoshiyasida. Muallif shaxsiy kutubxonasida.
  10. Ba ismi Alloh, ba ismi Vohid. Qul huvallohu ahad. Muhammad Habibulloh 1334/1915. Du [8].
  11. Qozi xoja ibn Salohiddin xoja. Ol.b. // Sayid Shodmon xoja Naqshbandiy shajarasi. Qoʻlyozma [15].
  12. Abdurasul xoja aʼlam Qarshiy ibn Muhammad Vafo xoja. Al-Mutavakkil aʼlalloh. Du. // Sayid Shodmon xoja Naqshbandiy shajarasi. Qoʻlyozma [15].
  13. Eshon mulla Sayid Shodmon xoja Naqshbandiy ibn Sayid Homid xoja. Aylana oval // Sayid Shodmon xoja Naqshbandiy shajarasi. Qoʻlyozma [15].
  14. Sayid Shodmon xoja Naqshbandiy ibn Sayid Homid xoja. Ov. // Sayid Shodmon xoja Naqshbandiy shajarasi. Qoʻlyozma [15].
  15. Mulla Shodmon xoja oʻroq Naqshbandiy. 1338/1919. Ol.b. // Sayid Shodmon xoja Naqshbandiy shajarasi. Qoʻlyozma [15].
  16. Muhammad Tohir Xoja Sudur ibn Qozi Ismoil Xoja Naqshbandiy. Ov. // Sayid Shodmon xoja Naqshbandiy shajarasi. Qoʻlyozma [15].
  17. Xalifa Ahmad xoja ibn Muhammad Sodiq xoja Naqshbandiy. Ov. // Sayid Shodmon Xoja Naqshbandiy shajarasi. Qoʻlyozma [15].
  18. Eshon Mansur xoja oʻroq Naqshbandiy. 1338/1919. Ol.b. // Sayid Shodmon xoja Naqshbandiy shajarasi. Qoʻlyozma [15].
  19. Eshon Mansur xoja oʻroq Naqshbandiy. 1338/1919. Ol.b. // Sayid Shodmon xoja Naqshbandiy shajarasi. Qoʻlyozma [15].
  20. Mulla Rahmatulloh xoja. Ol.b. // Sayid Shodmon xoja Naqshbandiy shajarasi. Qoʻlyozma [15].
  21. Abu Saʼid Sufi inb Muhammad Badal Marhumiy. Silsila. Elektron. Ov.
  22. 21. Abulqosimxon al-Mutavakkil bi ar-rohman. 1322/1903. Toʻrtburchak. // Toyloqlik Sherozxon Hayotxon oʻgʻli xonadonida saqlanadi. Qoʻlyozma. Xonadonida saqlanadi [7].
  23. Fayzulloh ibn Muhammad Ibrohim. 21X21 mm. // Toyloqlik Ibrohimxon xonadonida saqlanadi.
  24. Sayid Akram Xoja ibn Sayid Husayn Xoja 131../1892-1901. Ol. B. 30X30 mm. // Irshodnoma. Qoʻlyozma [6].

Muhr tutish huquqiga ega boʻlgan shaxslar uni oʻz darajasiga qarab yozdirgan va martabasiga qarab hujjat oxiri yoki boshiga bosilgan.

Baʼzi muhrlardan foydalanib goho hukmdorlar yoki avlod shajarasi va silsila nasabnomasini bilib olish mumkin. Masalan, Ashtarxoniy hukmdor Subhonqulixon (vaf. 1702) muhrida ajdodlarining sakkizta silsilasi roʻyxati berilgan [3:32-36]. Mullo Xudoyqulga tegishli irshodnomadagi muhrda oʻttiz ikkita sohibi silsilalar nomi yozilgan nasabnomasi oʻrin olgan [9].

Xulosa qilganda, muhrlar ham turlicha yasalgan, ayrimlari, juda jozibador ishlangan boʻlsa, baʼzilari esa umuman sodda boʻlganini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, XV-XIX asrlarda Zarafshon vohasida faoliyat olib borgan tariqat shayx-murshidlariga tegishli muhrlar – irshodnoma yoki tariqat xonaqohlariga tegishli yer-mulklarning vaqf hujjatlariga bosish uchun ishlatilgan. Muhrlarning nodir yozma manbalarda ham uchrashi, tariqat pirlarining oʻziga taalluqli kutubxona fondi boʻlganidan dalolat beradi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Vaqf hujjati. Qoʻlyozma. 1305/1887-yil. Muallif shaxsiy kutubxonasida.
  2. Диваев А.А., Ахмеров П.Н. Описание печати Ахмеда Ясеви. Известия общества археологии истории и этнографии при Имп. Казанском университете. – Казань, 1896. Т.XIII. – С.530-537.
  3. Жувонмардиев А. Нодир саҳифалар. – Тошкент, 1977. – Б. 32-36.
  4. Зиёдов Ш.Ю. XV-XX аср бошларида Марказий Осиёда кутубхоначилик тарихи (қўлёзма манбалар ва улардаги муҳрлар таҳлили асосида). Тар.ф.д., – Тошкент, 2022. – 272 б.
  5. Зиёдов Ш. Материалы по среднеазиатской сфрагистике (Ташкент. XIX-начало XX вв.). Монография. – Самарканд: МИЦАИ, 2020. – 160 с.
  6. Qoʻlyozma. Samarqandlik S.Qayumova xonadonida saqlanadi.
  7. Qoʻlyozma. Toyloqlik Sherozxon Hayotxon oʻgʻli xonadonida saqlanadi.
  8. Irshodnoma (Gʻoyibnazar maxzum ibn Muhammad Sobir maxzum). Qoʻlyozma. 1299/1880. Muallif shaxsiy kutubxonasida.
  9. Qoʻlyozma. Qoʻlyozma, fors tilida. 1315/1896. Muallif shaxsiy kutubxonasida.
  10. Иванов А.А. Мусульманская сфрагистика: состояние и перспективы изучения // Восточное историческое источниковедение и специальные исторические дисциплины. Выпуск 1. Наука 1/2. – М.: 1989. – С.236-246.
  11. Имом Бухорий халқаро маркази Манбалар хазинаси Қўлёзмалар каталоги. Лойиҳа раҳбари Ш.Зиёдов. – Самарқанд: Имом Бухорий халқаро маркази нашриёти, – Б.686.
  12. Курбанов Г. Материалы по среднеазиатской сфрагистике. Бухара. XIX — начало XX вв. – Т., 2006.
  13. Muminov А., Ziyodov Sh. Lʼhorizon intellectuel dʼun erudit du XVe siècle: nouvelles decouvertes sur la bibliothèque de Muhammad Parsa // Cahiers dʼAsie centrale, vol. 7 (1999). – Р.77-98.
  14. Roberto Tottoli, Maria Luisa Russo et Michele Bernardini. Catalogue of the Islamic Manuscripts from the Kahle collection in the department of oriental studies of the university of Turin istituto per lʼOriente C.A. Nallino & UMR7528 Mondes iranien et indien. – Rome, 2011. – 549 p. (Series Catalogorum IV-dir. M. Szuppe).
  15. Sayid Shodmon xoja Naqshbandiy shajarasi. Qoʻlyozma. M.Ubaydullayev xonadonida saqlanadi.
  16. Silsilai Naqshbandiya. Qoʻlyozma. Buxoro muzey-qoʻriqxonasi fondi, inv: № 13101/ 1-varaq.
  17. Silsilai Naqshbandiya. Qoʻlyozma. Buxoro muzey-qoʻriqxonasi fondi, inv: № 11475/ 1-varaq.
  18. Халидов А.Б. Рукописи из библиотеки Мухаммада Парса // Петербургское востоковедение, выпуск 6. – Санкт-Петербург, 1994. – С.506-519.
Mexrojiddin AMONOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (Phd), katta ilmiy xodim

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …