Home / FOTO LAVHALAR / Maʼnaviyatni anglashga oid yangi kitob taqdimoti

Maʼnaviyatni anglashga oid yangi kitob taqdimoti

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari hamda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professor-oʻqituvchilari hammuallifligida nashr etilgan “Sinergetika-3: maʼnaviy meros” nomli kitob taqdimoti oʻtkazildi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, mamlakatimizdagi bir qator oliy oʻquv yurtlarining professor-oʻqituvchilari, faylasuf olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Tadbirda maʼruzachilar “Sinergetika” turkumidagi nashrlarning uzviy davomi sifatida chop etilgan ushbu kitobda zamonaviy ilmiy metodologiya boʻlgan sinergetikaning asosiy tamoyillari, milliy maʼnaviy merosni oʻrganishdagi ustuvor jihatlari va istiqbollari kabi masalalarga toʻxtaldi. Tafakkur sohiblari boʻlgan ulugʻ alloma va mutafakkirlarimizning jahon tamadduni rivojiga qoʻshgan hissasini obyektiv tarzda ochib berishda sinergetik metodologiyaning imkoniyatlari alohida eʼtirof etildi.

Kitobda maʼnaviy merosni sinergetik metodologiya sifatida oʻrganish tadqiqotchilarga uning yangi qirralarini ochish imkoniyatini berishi bayon qilingan. Maʼnaviy merosning mohiyati va uni tadqiq etishdagi ilmiy yondashuvlar, moddiy va maʼnaviy merosning oʻzaro aloqadorligi, sinergetik tamoyillar, zamonaviy texnologiyada maʼnaviy omillar kabi muhim masalalar ham kitobdan oʻrin olgan.

Mazkur jamoaviy monografiya sinergetik metodologiya imkoniyatlari va maʼnaviy meros fenomeni xususiyatlari bilan tanishish istagida boʻlgan ilm ahli va zamonaviy falsafa fani muammolariga qiziquvchi kitobxonlar uchun moʻljallangan.

Tadbirda milliy maʼnaviy qadriyatlarning bunyodkorlik salohiyatini teranroq anglashda sinergetika qonuniyatlari muhim metodologik ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Mazkur kitob sinergetika metodologiyasining umumfalsafiy mazmunini asoslashga hamda uning maʼnaviy merosni tadqiq etishdagi amaliy mohiyatini ochib berishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …