Home / FOTO LAVHALAR / Poytaxtdagi tadbirlar qizgʻin davom etmoqda

Poytaxtdagi tadbirlar qizgʻin davom etmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbar xodimlari 5 mart kuni Shayhontohur tumanida maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida tashkil etilgan tadbirda Shayhontohur tumani hokimining oʻrinbosarlari va ijtimoiy soha xodimlari bilan birga, mahalla raislari, hududlardagi hokim yordamchilari, mahalla xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, diniy soha vakillari, umumtaʼlim maktablari direktorlari va ularning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari ishtirok etdi.

Akademiya rektori Uygʻun Gʻafurov komil inson va har tomonlama yetuk avlodni tarbiyalashda gʻoyaviy boʻshliqqa yoʻl qoʻymaslik, yoshlarni vayronkor mafkura va axborot xurujlari taʼsiridan asrashda bobokalonlarimiz asarlaridagi maʼnaviy oʻgitlar dasturilamal boʻlishi lozimligini taʼkidladi.

Targʻibot guruhi aʼzolari “Buyuk allomalarimiz ilmiy merosida yuksak insonparvarlik gʻoyalari tarannumi”, “Yoshlarimizni yot oqimlarning buzgʻunchi gʻoyalaridan himoya qilish” va “Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzularida maʼruza qildi.

Soʻzga chiqqanlar yigʻilganlarga islomning tinchlikparvar din ekani, ajdodlarimiz qoldirgan dunyo ahamiyatiga molik boy ilmiy meros yoshlarni jaholatga qarshi maʼrifat gʻoyasi asosida tarbiyalashda asosiy manba boʻlib xizmat qilishini yaqqol misollar asosida tushuntirdi. Keyingi yillarda asos solingan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan shu masalalarga taalluqli koʻplab nashrlar chop etilayotgani, qadimgi qoʻlyozmalar oʻzbek tiliga tarjima qilinayotgani taʼkidlandi.

Ishtirokchilar uchun “Jaholatga qarshi maʼrifat – asosiy maqsadimiz” nomli film namoyish qilinib, markazlar tomonidan nashr etilgan yangi kitob va risolalar taqdimoti tashkil etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …