Home / FOTO LAVHALAR / Surxondaryoda oltita tuman qamrab olindi

Surxondaryoda oltita tuman qamrab olindi

28-fevral kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlaridan iborat targʻibot guruhi Surxondaryoning Sherobod tumanida maʼrifiy uchrashuv oʻtkazdi.

Unda Sherobod, Boysun, Qiziriq, Bandixon, Angor va Muzrabot tumanlar rahbarlari va ijtimoiy soha vakillari, davlat tashkilotlarining joylardagi boʻlimlari mutasaddilari, mahalla raislari, hududlardagi hokim yordamchilari, mahalla xotin-qizlar faollari, diniy soha olimlari, maktabgacha taʼlim muassasalari mudirlari, umumtaʼlim maktab direktorlari va ularning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari ishtirok etdi.

Sherobod tumani hokimi Usmon Alimov tadbirni ochib, tabarruk diyorimizda kamol topgan ulugʻ muhaddislar, olimu fuzalolarning ilm talabidagi fidoyiliklari, bosib oʻtgan hayot yoʻli avlodlar uchun ibrat namunasi ekani, bu kabi tadbirlar xalqimiz maʼnaviy dunyoqarashini yanada oshirishda alohida oʻrin tutishini eʼtirof etdi.

Tadbirda alloma ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy merosning maʼnaviy va maʼrifiy ahamiyati keng yoritildi. Birgina vohaning ulugʻ mutafakkiri Imom Termiziy “Sunani Termiziy” asarida 4 mingdan ortiq hadis jamlagan. Asarda odob-axloqqa oid nodir bilimlar mujassam. Bu esa maʼrifiy sohada hali koʻp oʻrganish, tatbiq va targʻib etish masʼuliyatini beradi.

Targʻibotchilar “Buyuk allomalarimiz ilmiy merosida yuksak insonparvarlik gʻoyalari tarannumi”, “Yoshlarimizni yot oqimlarning buzgʻunchi gʻoyalaridan himoya qilish” va “Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzularida maʼruzalar qildi.

Shuningdek, “Jaholatga qarshi maʼrifat – asosiy maqsadimiz” nomli film namoyish qilinib, markazlar tomonidan nashr etilgan yangi kitob va risolalar taqdimoti tashkil etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …