Home / FOTO LAVHALAR / VODIYDAGI TARGʻIBOT TADBIRLARI YAKUNIGA YETDI

VODIYDAGI TARGʻIBOT TADBIRLARI YAKUNIGA YETDI

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 5 – 8 fevral kunlari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tomonidan buyuk allomalarimiz ilmiy merosini keng ommaga targʻib qilish qilish maqsadida Andijon, Namangan hamda Fargʻona viloyatlarida maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlari oʻtkazildi.

 Buyuk allomalarimiz asarlari nafaqat mintaqamiz, balki butun musulmon dunyosi uchun hidoyat mayogʻidir. Shu bois ularning ilmiy merosini, qoldirgan bitiklarini oʻrganish va kelajak avlodga yetkazish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan sanaladi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Margʻinoniy singari tabarruk zotlarning asarlari muqaddas dinimizning asl insonparvarlik mohiyatidan saboq beradi. Xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni toʻgʻri yoʻldan adashmaslikka, mutaassiblik, aldov, xiyonatdan uzoq boʻlishga, Vatanni sevish hamda koʻz qorachigʻidek asrashga undaydi. Uchrashuvlarda mazkur gʻoyalarni zamiriga jo qilgan “Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish – davr talabi”, “Oʻzbekiston buyuk allomalar yurti” va “Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusida maʼruzalar tinglandi. “Jaholatga qarshi maʼrifat – asosiy maqsadimiz” nomli film namoyish etilib, ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan nashr etilgan 50 turdagi yangi kitob va risolalar taqdimoti oʻtkazildi.

Vodiy boʻylab oʻtkazilgan targʻibot tadbirlardan soʻng  Oʻzbekistonning yetakchi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari xodimlari,  taniqli olimlar Axsikent va Axsi majmualariga tashrif buyurib, Axsikent majmuasida amalga oshirilayotgan ishlar,  Yangi Axsi majmuasidagi osori-atiqalar muzeyi va nodir qoʻlyozmalar markazi faoliyati bilan tanishdi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi, hadisshunos olim  Shukrullo Umarov majmualarda olib borilayotgan ishlarni eʼtirof etar ekan, alloma Abu Nosir Muhammad ibn Ahmad Axsikatiy haqida bunday dedi: “Men oʻz ilmiy tadqiqotimda mana shu zamindan yetishib chiqqan Abu Nosir Muhammad ibn Ahmad Axsikatiyni chuqur oʻrganganman. Axsikatiy muhaddis Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asarini bugungi Andalusiya, Afrika mintaqalari, gʻarb davlatlarida keng yoyilishiga ulkan hissa qoʻshgan. Katta hadisshunoslik maktabiga asos solgan”.

Tashrif yakunida har ikki majmuaga yuqorida zikr etilgan ilmiy-tadqiqot markazlarida chop etilgan nodir kitoblar tuhfa etildi.

Buyuk allomalarimizning ilmiy merosidagi ilm-maʼrifat, yuksak insonparvarlik gʻoyalarini xalqimizga yetkazish maqsadida Fargʻona vodiysi viloyatlaridan boshlangan targʻibot ishlari yurtimiz hududlari boʻylab davom etadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …