Home / YANGILIKLAR / ALLOMALAR MEROSI – AVLODLAR QUYOSHI

ALLOMALAR MEROSI – AVLODLAR QUYOSHI

Yurtimiz kelajagi boʻlgan yoshlarimizni yot gʻoyalar taʼsiridan asrash, ularning ommaviy madaniyat va din niqobi ostidagi buzgʻunchi oqimlar taʼsiriga berilmasligining oldini olish bugun har qachongidan ham dolzarb tus olmoqda. Shu bois Sharqda kuzatilgan har ikki Renessans davrida ham dunyoviy, ham diniy ilmlar boʻyicha jahonning eng ilgʻor olimlari qatorida turgan, islom dini va umumbashariy sivilizatsiya rivojiga benazir hissa qoʻshgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Imom Moturidiy kabi buyuk mutafakkir allomalarimizning insoniyat ravnaqiga ulkan taʼsir koʻrsatgan taʼlimotlari oʻrganilmoqda, tadqiq qilinayotir. Hozir ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan, jahon hamjamiyati tomonidan yuksak eʼtirof etilgan durdona asarlarning chop etilishi yoshlar taʼlim-tarbiyasida katta rol oʻynamoqda.

Kuni kecha Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan 2023-yilda nashrga tayyorlangan yangi kitob va risolalarning navbatdagi taqdimotida shu xususda soʻz bordi.

Taqdimotda dastlab Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2023-yil davomidagi faoliyati va nashrga tayyorlangan Imom Buxoriyning “At-Tarixu-s-sagʻir”, Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Xotim Varroq Buxoriyning “Shamoili Buxoriy”, Abu Azabaning “Ar-Ravzatul bahiyya”, Imom Dorimiyning “Sunani Dorimiy”, Alouddin Kosoniyning “Kosoniy aqidasi”, Sayyid Abdulmojid Gʻavriyning “Hadis ilmi istilohlari ensiklopediyasi” asarlari, shuningdek, “Islom dinida tinchlik” va “Gʻuluvning xatarlari” nomli risolalar taqdim etildi.

Taqdimotda soʻzga chiqqanlar Imom Buxoriy va alloma ajdodlarimiz merosini oʻrganishning ahamiyati, taqdim etilayotgan kitoblarning bugungi kundagi ilmiy qiymati, mutafakkirlar asarlarini tadqiq etishning hozirgi holati va istiqboldagi vazifalari, shuningdek, yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil toʻxtaldi.

Oʻtgan davr mobaynida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Jaholatga qarshi — maʼrifat” gʻoyasi asosida jami 1400 ga yaqin maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan hamkorlikda diniy mazmundagi 442 ta material tahlil qilindi va 124 ta videorolik shaklida raddiya tayyorlanib, shundan 114 tasi “YouTube”ga joylandi. “Hadis maʼrifati” ruknida 65 ta videodars, “Buxoriyga ehtirom” rukni ostida 40 ta video-infografika, “Nodir yozma manbalar” rukni ostida 11 ta videolavha tayyorlandi.

“Allomalarimiz haqida 10 haqiqat” turkumidagi koʻrgazmali vositalar yoshlarni umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash maqsadida, 20 mingdan ortiq muassasa va tashkilotlarga, shuningdek, nashr etilgan yangi asarlar jahon ilmiy hamjamiyatini buyuk ajdodlarimiz merosi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Al-Azhar islom tadqiqotlari majmuasi, Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) va boshqa turdosh xalqaro hamkor idoralarga yetkazildi.

Tadbirda Al-Azhar islom tadqiqotlari majmuasi bosh kotibi, doktor Muhammad Nazir Ayyad hamda Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilich video shaklida tabrik yoʻlladi. Taqdim etilayotgan yangi nashrlarga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy faoliyatining yorqin natijasi sifatida yuksak baho berib, hamkor muassasalarni, oʻzbek xalqini ushbu muhim voqea bilan muborakbod etdi. Xodimlar olib borayotgan tadqiqot va tarjimalar alloma ajdodlarimiz merosini tiklashga, zamondoshlarimizni ular qoldirgan boy maʼnaviy xazinadan koʻproq, toʻliqroq bahramand etishga va pirovardida islom ilmlarini yanada taraqqiy toptirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

Taqdimotda soʻzga chiqqanlar buyuk ajdodlarimizning islom ilmlari sohasidagi ilmiy merosi ayni kungacha dunyo musulmonlari hayotida muhim ahamiyat kasb etib kelayotganini, xususan, yurtimizdan chiqqan allomalarning islom ilmlari rivojiga munosib hissa qoʻshganini alohida eʼtirof etdilar.

Darhaqiqat, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashrga tayyorlangan yangi kitob va risolalar islomning asl qadriyat va tamoyillarini hamda insonparvarlik gʻoyalarini tarannum etishda, zamonlar osha yuksak qadr-qiymatga ega boʻlib borayotgan asarlarning tub mohiyatini ochib berishda muhim dasturilamaldir.

Oʻzbek tilida taqdim etilgan mazkur asarlar mutafakkirlarimiz ilmiy qarashlari maʼnosini yanada yaxshiroq anglashga, ular taʼlimotini chuqurroq tushunishga asos boʻlib xizmat qiladi.

Nurulloh OSTONOV
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2024 yil 3 fevral, №26(8649).

Check Also

Hamkorlik istiqbollari yuqori baholandi

Kuni kecha Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Qozon shahrida joylashgan Abdulla Apanayev nomidagi madrasa va …