Home / FOTO LAVHALAR / IBN SINONI OʻRGANISHGA ERONDA JIDDIY AHAMIYAT QARATILGAN

IBN SINONI OʻRGANISHGA ERONDA JIDDIY AHAMIYAT QARATILGAN

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Germaniya va Turkiyadan olimlar ishtirok etdi.

Seminarda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Faxriddin Ibragimovning “Eronda Ibn Sino merosini oʻrganish tendensiyalari” mavzusidagi maʼruzasi tinglandi.

Maʼruzachi faylasuf, hakim va ensiklopedik olim sifatida tarixda qolgan Ibn Sino qisqa hayoti sarson-sargardonlik va hibslarda oʻtishiga qaramasdan zamonasining barcha fanlarini puxta egallab, koʻplab asarlar yozib qoldirganini taʼkidladi.

Biz buyuk vatandoshimiz deb biladigan va eʼtirof etadigan alloma oʻzini fors deb atamagan boʻlsa-da, Eronda uni fors millatiga mansub deb bilishadi. Asarlarining koʻpini Eron shaharlarida yozgani va qabri ham Hamadonda boʻlgani uchun Ibn Sino merosini oʻrganishga jiddiy eʼtibor berishadi. Oʻtgan asrning 50-yillaridan hozirgi davrgacha Eronda Ibn Sino hayoti va ilmiy-adabiy merosi boʻyicha jami 45 ta doktorlik dissertatsiyasi yoqlangan. Bundan tashqari u yerda mutafakkir merosini tadqiq qilish va ommalashtirishda Hamadondagi “Ibn Sino” xalqaro fondi va Tehrondagi “Falsafa instituti” asosiy oʻrin tutmoqda.

Olimning taʼkidlashicha, Ibn Sino merosini Eronda oʻrganilishini oʻtgan asrning 50-yillaridan 80-yillarigacha va 80-yillardan hozirgi paytgacha boʻlgan ikki davrga ajratish mumkin. Birinchi davrda, asosan allomaning hayoti, ilmiy faoliyati va asarlari bibliografiyasi haqidagi tadqiqotlar koʻzga tashlansa, ikkinchisida Ibn Sino asarlarini oʻrganish, ularning tanqidiy matnlarini yaratish, gʻarb tillarida olib borilgan tadqiqotlarni fors tiliga oʻgirish kabi yoʻnalishlarni koʻrish mumkin.

Tadqiqotchi allomaning shogirdlari, eronlik ilk sinoshunos olimlar xususida maʼlumot berdi.

Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) …