Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ XODIMI GERMANIYADA AMALIYOT OʻTAMOQDA

MARKAZ XODIMI GERMANIYADA AMALIYOT OʻTAMOQDA

 Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Barot Amonov Germaniyada Gamburg universiteti qoshidagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari institutida ilmiy amaliyot boshladi. Markaz vakili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 2023-yilda yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish boʻyicha eʼlon qilingan tanlovda gʻolib boʻlib, mazkur yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Tadqiqotchi Gamburg shahrida Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti professori, dr. Stefan Xaydman bilan uchrashdi. Muloqot chogʻida Oʻzbekistonning Gʻarb va Sharq davlatlari bilan olib borayotgan oqilona siyosati va shartnomalar asosidagi oʻzaro hamkorlik kelishuvlari davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlab borayotgani taʼkidlandi. Jumladan, ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishda Oʻzbekiston va Germaniya ilmiy-tadqiqot markazlari va madaniy muassasalari oʻrtasida 2019-2023-yillarga moʻljallab tasdiqlangan hamkorlikka oid “Chora-tadbirlar rejasi” ikki davlat ilmiy muassasalariaro qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun asos boʻlib xizmat qilyapti. Suhbatda Markaz bilan institut oʻrtasida 2020-yilda imzolangan memorandum asosida “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzusida uzluksiz tarzda oʻtkazib kelinayotgan onlayn seminarlar samarasi qayd etilib, istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

B.Amonov mazkur institutning Imperiya va transmadaniy tadqiqotlarni qiyosiy oʻrganish Roman-Islom markazida ilk islom davriga oid topilmalar, tarixiy obidalar, yozma yodgorliklar va manbalarni oʻrganishga bagʻishlab oʻtkazilgan konferensiyada ishtirok etdi. Kembrij, Nyu-York, Michigan universitetlari, Germaniyadagi qator oliy taʼlim muassasalari va muzey fondlarining islomshunos, dinshunos va sharqshunos olimlari va tadqiqotchilar qatnashgan anjumanda Markaz vakili Oʻzbekistonda turli sohalarda, jumladan maʼnaviy va diniy-maʼrifiy jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, Markazning xorijdagi turdosh tashkilotlar bilan turli ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishda xususan, qoʻlyozmalarni saqlash, taʼmirlash, tarjima va nashr qilish boʻyicha oʻrnatilgan hamkorlik aloqalari xususida maʼlumot berdi.

Tadqiqotchining ilmiy amaliyoti 3 oy davom etadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …