Home / FOTO LAVHALAR / “KONSTITUTSIYA – XALQCHIL DAVLAT, BARQAROR TARAQQIYOT VA FAROVON HAYOT ASOSI”

“KONSTITUTSIYA – XALQCHIL DAVLAT, BARQAROR TARAQQIYOT VA FAROVON HAYOT ASOSI”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 31 yil toʻlishi munosabati bilan “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov yigʻilganlarni qutlugʻ sana bilan tabriklab, joriy yilda umumxalq referendumi natijasida tubdan yangilangan Bosh qonun qabul qilingani va milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor barcha ustuvor qoidalar toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanadigan mukammal Konstitutsiyaga ega boʻlganimizni mamnuniyat bilan taʼkidladi.

Yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlariga oid normalar uch barobar koʻpaytirildi. Yangilangan Konstitutsiyamizga kiritilgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar xalqimiz turmush tarzini yanada yuksaltirishga, inson qadrini oshirib, Vatanimizni yangi bosqichda izchil rivojlantirishga xizmat qiladi. Zero, Konstitutsiyamizning gʻoyasi, asosiy prinsip va qoidalari umumeʼtirof etilgan xalqaro talablar bilan birga, xalqimizning ming yillardan buyon shakllanib kelgan qadriyatlarini ham oʻzida mujassam etgan.

Tadbirda Bosh qomusimizning hayotimizdagi oʻrni, mustaqil mamlakatimizda demokratik tamoyillarning barqarorlashuvi, ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi ahamiyati haqida soʻz bordi.

Taʼkidlanganidek, yangilangan Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda inson qadri tamoyilini oʻzida mujassam etgan ijtimoiy-siyosiy muhit shakllanmoqda. Inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo oʻziga xos mexanizmlari hayotga tatbiq etilyapti. Davlatning fuqarolarga gʻamxoʻrligi yanada kuchaymoqda.

Ishtirokchilar Bosh qomusimizga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar hamda ularda aks etgan “inson – jamiyat – davlat” tamoyilining mazmun-mohiyati xususida fikr almashib, el-yurt saodati yoʻlida yangilangan Bosh qonunimizning kuchga kirgani barchaning zimmasiga favqulodda yuksak masʼuliyat yuklashini qayd etdi.

Tadbir koʻtarinki ruh va bayramona kayfiyatda oʻtdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Dogʻiston ulamolari tashrifi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Dogʻiston Respublikasi muftiyati vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlarni Markaz …