Home / HADIS / YOʻLDAN OZOR BЕRUVCHI NARSALARNI OLIB TASHLASHNING MUKOFOTI JANNATDIR

YOʻLDAN OZOR BЕRUVCHI NARSALARNI OLIB TASHLASHNING MUKOFOTI JANNATDIR

Islom dinida ibodatlar muayyan bir doira bilan cheklanmaydi. Balki insoniyat uchun foydali boʻlgan har qanday ish xolis niyat bilan amalga oshirilib, Alloh va uning Rasuli buyurgan yoki qaytargan narsalarga zid boʻlmasa, ibodat hisoblanadi. Albatta, har qanday amal riyo va kibru havodan xoli boʻlsa, uning darajasi ham, savobi ham katta boʻladi. Shunday amallar borki, arzimas koʻrinsa-da, gunohlarning kechirilishi va jannatga kirishga sabab boʻladi.

Ana shunday amallardan biri yoʻldan ozor beruvchi narsalarni olib tashlashdir. Tosh, shox-shabba, tikan, toʻsiq, chiqindi va yoʻl buzilishi oqibatida paydo boʻlgan chuqur kabi narsalar, albatta, yoʻlovchilarga ozor berishi tayin. Bularni bartaraf qilish nafaqat masʼul xizmatchilarning ishi, balki har bir shaxsning masʼuliyatli burchidir.

Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan koʻplab hadislar keltirilgan.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنْ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ قَالَ: “الْإِيمَانُ بِضْعٌ وَسِتُّونَ أَوْ بِضْعٌ وَسَبْعُونَ شُعْبَةً أَفْضَلُهَا لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ، وَأَدْنَاهَا إِمَاطَةُ الْأَذَى عَنِ الطَّرِيقِ، وَالْحَيَاءُ شُعْبَةٌ مِنَ الْإِيمَانِ”[1] متفقٌ عَلَيْهِ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Imon oltmish yoki yetmish nechta shoʻba (boʻlak)dan iborat. Uning eng afzali “La ilaha illalloh” (kalimasi) boʻlsa, eng kichigi yoʻldan ozor beruvchi narsani olib tashlashdir. Hayo imondan bir boʻlakdir”,  dedilar.

Demak, yoʻldan ozor beruvchi narsani olib tashlash imonning bir juzi ekan. Kelib chiqadiki, kim yoʻldan ozor beruvchi narsani bartaraf qilishga beparvo boʻlsa, imonining bir boʻlagini yoʻqotgan boʻladi.

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى الله عليه و سلم قَالَ: “بَيْنَمَا رَجُلٌ يَمْشِي بِطَّرِيقِ، وَجَدَ غُصْنَ شَوْكٍ عَلَى الطَّرِيقِ، فَأَخَّرَهُ، فَشَكَرَاللهُ لَهُ، فَغَفَرَ لَهُ.”[2]

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir kishi koʻchada ketayotgan edi. Yoʻlda yotgan tikanli shoxni uchratdi. Uni chetga olib tashladi. Alloh taolo uning bu amalidan rozi boʻlib, gunohlarini kechirdi”, dedilar.

Demak, odamlarga ozor bermasin deb, koʻchada yotgan arzimas tikanni boʻlsa ham olib tashlagani uchun bandaning gunohlari kechirilar ekan. Endi savob umidida undan ham kattaroq va koʻproq ozor beruvchi narsalarni olib tashlagan kishining darajasi qanday boʻlishini bir tasavvur qilib koʻring!

Albatta, gunohdan pok boʻlgan holda jannatga kirish har bir insonning orzusidir. Shu sababli sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan jannatga eltuvchi amallar haqida koʻp soʻrar edi.

عَنْ أَبِى بَرْزَةَ الأَسْلَمِىِّ قَالَ: قلت يَا رَسُولَ اللهِ دُلَّنِى عَلَى عَمَلٍ يُدْخِلَنِى الْجَنَّةَ قَالَ: “أَمْطِ الأَذَى عَنْ طَرِيقِ النَّاسِ”.[3]

Abu Barza Aslamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men: “Yo Rasululloh! Meni jannatga kiritadigan amalning ishorasini bering, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning yoʻlidan ozor beruvchi narsalarni olib tashla (chetlashtir)!” dedilar.

Ushbu hadisda sahoba bir amalni bajarib, jannatga kirish niyatida chin ixlos bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan meni jannatga kirishim uchun sabab boʻladigan amalni koʻrsatishni soʻradi. Buning yoʻli oson ekan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning yoʻlidan ozor beruvchi narsalarni olib tashlash shunday katta savob ekanini aytdilar.

Demak, kim yoʻlida yotgan narsalarni ixlos bilan olib tashlar ekan, uning nomai aʼmoliga koʻp-koʻp hasanot – katta ajru savob yozilarkan. Kimning hasanoti – ajru savobi koʻp boʻlsa, u jannatga kiradi. Albatta, dunyoda imon-eʼtiqod bilan, gunohlardan forigʻ boʻlgan holda yashab, oxiratda jannatga kirish har bir moʻminning orzu-maqsadidir. Uning amalga oshish oshmasligi insonning amaliga bogʻliqdir. Yoʻldan ozor beruvchi narsalarni olib tashlashning mukofoti jannat boʻlar ekan. Keling, biz ham gʻururga berilib, bunday imkoniyatni qoʻldan boy berib qoʻymaylik!

 [1]Muslim ibn Hajjoj. Sahihul Muslim. 58(35)-hadis.; Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy. Jomiʼut Termiziy. 2614-hadis.; Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Aadabul mufrad. 598-hadis.; Abu Dovud. Sunan. 4676-hadis.; Ibn Moja. Sunan. 57-hadis.
[2]Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihul Buxoriy. 652-hadis.; Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Aadabul mufrad. 229-hadis.
[3]Muslim ibn Hajjoj. Sahihul Muslim. 128-hadis.; Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Adabul mufrad. 228-hadis.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

SHUKRONALIK – INSON KAMOLOTINING ASOSI

Insonning kamolga yetishida barcha ijobiy fazilatlarning oʻziga xos oʻrni bor. Ammo ular ichida shukronalikning oʻrni …