Home / XALQARO YANGILIKLAR / QURʼON VA HADISLARNING TOʻGʻRI TALQINI TINCHLIK HAMDA BIRDAMLIKNI TAʼMINLAYDI

QURʼON VA HADISLARNING TOʻGʻRI TALQINI TINCHLIK HAMDA BIRDAMLIKNI TAʼMINLAYDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Turkiyadagi Mersin universiteti hamkorligida “Dinning takfiriy talqinlaridan kelib chiqqan eʼtiqodiy va fiqhiy muammolar, ularning yechimlari” mavzusida onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, yurtimiz va Turkiyadagi oliy taʼlim va ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, olimlar ishtirok etdi.

Seminarda Turkiyaning Saljuq universiteti islom ilmlari fakulteti dekani, professor Ramazon Oltintosh mavzu yuzasidan maʼruza qildi.

Olim islom ulamolari tomonidan dindagi fiqhiy va aqidaviy ahkomlar “Ahli sunna val jamoa” hamda “Moturidiy va Ashʼariylik” taʼlimotlari asosida tushuntirilgan boʻlsa-da, Qurʼon va hadislarni oʻz fikri doirasida notoʻgʻri talqin qiladigan toifalar mavjudligi, ular islomga eʼtiqod qiluvchilar oʻrtasida turli xil kelishmovchiliklarni yuzaga keltirayotganini keskin qoraladi. Eng achinarlisi, bu guruhlar ularga qoʻshilmaganlarni yoki tushunchalarini eʼtirof qilmaganlarni kufrda ayblashmoqda.

Maʼruzachi kufrning alomatlari, musulmonni kofir sanashdan kelib chiquvchi xatarlar hamda takfir tushunchasiga oid muhim maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

– Islom dini ajratuvchi emas, balki birlashtiruvchi, vayron qiluvchi emas, balki tuzuvchi, har bir masalalani murakkab yoʻl bilan emas, balki oson yoʻl bilan hal qilishga undovchi dindir. Shunday ekan, musulmonlar mutaassiblik bilan emas, bagʻrikenglik bilan, takfir yoʻli bilan emas,  vasatiy yoʻl bilan yashashi zarur, aks holda musulmonlar oʻrtasida kelishmovchiliklar barham topmaydi, – dedi R.Oltintosh.

Xulosa qilib aytganda, bu kabi illatlardan saqlanish uchun Islom bilimlarini kishilik jamiyatining har bir aʼzosiga yetkazish, Qurʼon va hadislarning asl mazmuniga amal qilish zarur. Qurʼon va hadislarning mazmunini anglash va toʻgʻri talqin qilish hamda aqidaviy va fiqhiy mazhab imomlariga ergashish musulmon olamida tinchlik, birdamlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …