Home / XALQARO YANGILIKLAR / BUZGʻUNCHI OQIMLARNING GʻOYALARIGA QARSHI MUSTAHKAM ILMIY MANBA

BUZGʻUNCHI OQIMLARNING GʻOYALARIGA QARSHI MUSTAHKAM ILMIY MANBA

Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamkorligida 17 oktabr kuni “Imom Moturidiy – adashgan firqalarga ijtihodiy raddiyalar asoschisi” mavzuida xalqaro onlayn seminar boʻlib oʻtdi.

Anjumanda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, ilohiyot fanlari doktori Ahmad Saʼd Damanhuriy maʼruza qildi.

Imom Moturidiy (vaf. 332/944) boshqa yirik asarlar qatorida, “Taʼvilotul Qurʼon” asarini ham yozgan. U Qurʼoni karimning ijtihod asosidagi tafsiriga oid boʻlib, ilmning bu yoʻnalishidagi nodir asar hisoblanadi. Toʻgʻri, boshqa allomalar, jumladan, Imom Roziy (vaf. 106/724) bir necha asr avval “Tafsirur Roziy”ni yozgan. Lekin Imom Moturidiyning tafsiri undan afzalroq sanaladi. Chunki, uning asarida Qurʼon Musʼhafi sharifning oʻzi bilan, sunnat bilan, sahoba va tobeinlarning soʻzlari bilan tafsir qilinadi. Bu ahli sunna tafsir ulamolarining qoidasidir.

Imom Moturidiy tafsirda ham aql, ham naqlga suyangan. Har bir fikrni hujjat va dalillar bilan asoslagan. Deylik, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoki sahoba va tobeinlarning soʻzlarini anglatadigan boʻlsa, avvalo, isnodga eʼtibor qaratgan.

Imom Moturidiy usuli din va usuli fiqh sohalarining ham katta bilimdoni boʻlgan. Barcha ulamolar bu ikki ilmdan xabardor boʻlmagan olim Musʼhafi sharifni fahmlashi mushkul, degan yakdil fikrni bildirgan.

Imom Moturidiy muftiy darajasidagi olim sifatida oʻsha zamon voqeligini yaxshi anglagan va his qilgan. Shuning uchun ham fatvoning rukni uchta ekanini aytganda, mutlaqo haq boʻlgan. Uning fikricha, bular insonlarni, voqelik va odamlarning voqelikka munosabatini bilishdan iborat edi.

Alloma Qurʼoni karimni tafsir qilar ekan, bu mashaqqatli mehnatga oʻsha zamonda insonlarning turmushi va ijtimoiy jarayonlardan kelib chiqib yondashgan. Barcha nozik jihatlarni chuqur idrok etgani uchun ham uning adashgan kimsalarni Qurʼon, sunnat va ijtihod bilan toʻgʻri yoʻlga solish borasidagi mahorati nihoyatda yuksak boʻlgan. Hatto kelajakda insonlar yana qanday qilib chalgʻishi, yana qanaqa savollarni oʻrtaga tashlashi mumkinligini ham ehtimol tutib, keyingi asrlar avlodlariga ham xizmat qiladigan mustahkam ilmiy poydevorni barpo etgan.

Imom Moturidiy yashagan zamondagi moʻtazila, murjia, xavorij kabi firqalarga raddiya boʻlgan “Taʼvilotul Qurʼon” asari hozirgi kunda uchrayotgan qurʼoniylar yoki soxta salafiylar kabi oqimlarning gʻoyalari botil ekanini ochib berishda bugungi avlodga ham muhim ilmiy manba boʻlib xizmat qiladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …