Home / ALLOMALAR / MIYONQOL ROVIYLARI

MIYONQOL ROVIYLARI

Zarafshon daryosi oʻrta oqimida Oqdaryo va Qoradaryoga ajralib, quyi oqimida yana birlashgan. Oʻrta asrga oid yozma manbalarda bu ikki daryo oraligʻidagi yerlar Miyonqol deb atalgan. Amir Temur va temuriylar, undan keyingi davrlarda Miyonqol hududi “Sugʻudi Xurd” – “Kichik Sugʻd” yoki “Yarim Sugʻd”, Oqdaryo shimolidagi yerlar, to Nurota togʻ tizmalarigacha boʻlgan joylar esa “Sugʻudi Kalon” – “Katta Sugʻd” deb atalgan.

X-XI asrlarda Miyonqoldagi Ishtixon, Kushoniya shaharlarida oʻziga xos hadis maktablari shakllangan. Ularga tobe boʻlgan Razmoz, Fayy, Rustugʻfan va Zor kabi qishloqlarda ilm-fan va madaniyat yuksak darajada rivojlangan. Bu yerlardan yetishib chiqqan allomalar Paygʻambarimiz sollalohu alayhi vasallamning hadislarini teran oʻrganib, kitobat va rivoyat qilish orqali keyingi avlodga yetkazishda katta ilmiy jasorat koʻrsatgan. Buning tasdigʻi sifatida manbalarda nomlari zikr etilgan oʻnlab hadis roviylari va faqihlarni keltirish mumkin.

Quyida ularning baʼzilarini qisqacha tavsiflab, tanishtirib oʻtamiz.

Abu Abbos Fazl ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Abdurahmon Maznaviy Miyonqoliy. Ishtixon bilan Samarqand orasidagi Maznavo qishlogʻida tavallud topgan. Aksar manbalarda Abu Abbos Maznaviy deb zikr qilingan. Maznavo qishlogʻi Miyonqol hududida joylashgani bois keyingi davr manbalarida Abu Abbos Miyonqoliy deb ham keltirilgan.

Abu Abbos Miyonqoliy hadis ilmi boʻyicha taʼlimni Ali ibn Xashram va Abu Said Ashaj kabi oʻz davrining taniqli roviylaridan olgan. Undan esa Muhammad ibn Jaʼfar Kabuznajakasiy, Ahmad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Alboʼ Xuzoiy Samarqandiy kabi roviylar taʼlim olgan va hadis rivoyat qilgan[1].

Abu Ibrohim Hamdavayh ibn Qutn ibn Farazdaq ibn Tarxon Salamiy Ishtixoniy. IX asr oxiri – X asr boshlarida yashab oʻtgan. Najmiddin Umar Nasafiyning “Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” (“Samarqand allomalari haqida (qanddek) shirin kitob”) asarida Hamduya deb ham keltirilgan[2]. Taʼlimni asosan Abu Yazid ibn Ismoil Attor Samarqandiydan olgan va undan hadis rivoyat qilgan[3]. Oʻzi esa katta oʻgʻli Ibrohim ibn Hamdavayh ibn Qutn Ishtixoniyga ustozlik qilgan.

Allomaning farzandu nabiralari ham zamonasining taniqli roviylari boʻlgan. Ularga Hamdavayhning ismi nisbat qilib berilib, bu silsila tarix sahifalaridan “Hamdavayhiy” nisbasi bilan oʻrin olgan.

Ulardan biri Ibrohim ibn Hamdavayh ibn Qutn Ishtixoniy. Boshlangʻich taʼlimni otasidan olgan. Keyinchalik Abu Ali Sukkoniy va Abu Abdulloh Nuh ibn Janoh Mojirmiy kabi allomalardan dars olgan va hadis rivoyat qilgan[4]. Manbalarda undan Abu Muhammad Nasr ibn Hamdavayh Kamarjiy Sugʻdiy hadislarni Muhammad ibn Muso Sugʻdiy vositasida rivoyat qilgani keltirilgan[5].

Hamdavayhiy nisbasi bilan mashhur boʻlgan allomalardan yana biri Abu Hasan Hamdavayhiydir. Toʻliq ismi – Abulhasan Ali ibn Ahmad ibn Nasr ibn Muhammad ibn Ibrohim ibn Hamdavayh ibn Qatan ibn Farazdaq ibn Tarxon Salamiy Hamdavayhiy Ishtixoniy. 411/1020 yili Ishtixonda tavallud topgan. Xalq orasida Abulhasan Ishtixoniy nomi bilan ham mashhur boʻlgan. Hadis ilmini Shayx Abu Muhammad Abdulmalik ibn Abdurahmon Asiriy kabi oʻz davrining mashhur roviylaridan oʻrgangan. U “Shayx” va “Imom” rutbalariga sazovor boʻlgan. Undan Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Nasafiy (461/1069-537/1142) kabi allomalar taʼlim olgan va hadis rivoyat qilgan[6]. Abdulkarim Samʼoniyning “Ansob” (“Nasablar”) va Abu Abdulloh ibn Mandah Asbahoniyning “Tarix” asarlarida keltirilishicha, Xatib Abulhasan Ishtixoniy 524/1130 yili zulqaʼda oyining boshlarida, 113 yoshida, Ishtixonda vafot etgan[7].

 “Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” asarida Abulhasan Ishtixoniy tomonidan rivoyat qilingan mana bu hadis keltirilgan: Jobir ibn Abdulloh Ansoriydan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Darhaqiqat, Qurʼon tilovat qiluvchi kishining mustajob (ijobat) boʻladigan bir duosi bor. Duo qiluvchi kishi undan, istasa, bu dunyoda, istasa oxiratda foydalanishi mumkin”, dedilar”, dedi”[8].

Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar ibn Jobir ibn Qarqon Razmoziy Sugʻdiy. Aksar manbalarda Abu Bakr Razmoziy deb keltirilgan. Abu Abdulloh Yoqut Hamaviyning “Moʻjamul buldon” kitobida keltirilishicha, Abu Bakr Razmoziy hadis ilmini Hasan ibn Sohib Shoshiy, Abu Naim Abdulmalik ibn Muhammad ibn Adiy Astarboziy va Zohir ibn Abdulloh ibn Husayn Sugʻdiy kabi ustozlardan oʻrgangan. Undan esa hofiz Abu Saʼd ibn Abdurahmon ibn Muhammad Idrisiy va Abu Hafs Umar ibn Ahmad ibn Muhammad Shohiniy kabi roviylar hadis tinglagan va rivoyat qilgan.

 “Ansob”da qayd etilishicha, Abu Bakr Razmoziy 377/987 yoki 379/989 yili vafot etgan[9].

Fayy ham Ishtixon shahriga qarashli yirik qishloqlardan biri boʻlib, Ishtixon bilan Kushoniya oraligʻida joylashgan. Bu yerdan Sarob Fayyiy kabi roviylar yetishib chiqqan. U dastlabki taʼlimni ona qishlogʻidagi olimlardan olgan. Keyinchalik Buxoroga borib, buyuk muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan hadis tinglagan va yozib olgan. Undan Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Sahl va Shayx Muhammad ibn Hasan Samarqandiy kabi roviylar taʼlim olgan va hadis rivoyat qilgan. Allomaning tavallud va vafot etgan yillari manbalarda qayd etilmagan. Ammo ustozi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy 810-870 yillarda yashagani maʼlum. Shunga asoslanib, Sarob Fayyiy IX asrda yashab oʻtgan, deb aytish mumkin.

 “Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand”da Sarob Fayyiy Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan rivoyat qilgan quyidagi hadis keltirilgan: Fayyiy: “Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan eshitdim”, dedi. U: “Ali ibn Madiniydan eshitdim”, dedi. U: “Sufyon ibn Uyaynadan eshitdim”, dedi. “U: “Albatta, Alloh taolo imondan oldin ilmga buyurib, bunday marhamat qiladi: “Bas, bilgin: Allohdan oʻzga ibodatga sazovor zot yoʻq”[10], dedi”[11].

Ushbu oyatda “Allohdan oʻzga ibodatga sazovor zot yoʻq” soʻzlaridan oldin “Bilgin” deb xitob qilinishi aqida ilmida bilim zarurligiga taʼkiddir. Bu ishda koʻr-koʻrona birovga taqlid qilish foyda bermaydi. Demak, “Allohdan oʻzga ibodatga sazovor zot yoʻq”, deb eʼtiqod qilish, albatta, toʻgʻri va mustahkam bilim asosida boʻlsagina maqsadga muvofiq boʻladi.

Rustugʻfan qishlogʻi manbalarda Rastagʻfar, Rustagʻfar, Rustugʻfar va Rustugʻfan deb keltirilgan. Abulhasan Rustugʻfaniy shu qishloqdan yetishib chiqqan olimlar jumlasidan boʻlib, toʻliq ismi – Abulhasan Ali ibn Said Rustugʻfaniy. Tavallud sanasi nomaʼlum. Vafot etgan yili haqidagi maʼlumotlar turlicha keltirilgan. Jumladan, Xayriddin Zirikliyning “Aʼlom” kitobida 345/956 yil deb koʻrsatilgan boʻlsa[12], Komilxon Kattayevning “Samarqandning buyuk allomalari” kitobida 350/961 yil deb qayd etilgan [13]. Abulhasan Rustugʻfaniy Samarqandning mashhur shayxi va hanafiy mazhabining yirik faqihi boʻlgan. Uning “Irshodul muhtadiy” (“Hidoyatga boshlovchi qoʻllanma”) va “Zavoid va favoid fi anvoil ilm” (“Ilm navlaridagi qoʻshimcha va foydali (narsa)lar”) kabi asarlarni yozgan.

“Irshodul muhtadiy” aqidaviy masalalarga bagʻishlangan. Alloma vafotidan qariyb yuz yil keyin yashagan taniqli olim Abulmuin Nasafiy oʻzining kalom ilmiga oid “Tabsirotul adilla” (“Dalillar tilga kirganda”) asarining bir necha oʻrinlarida mazkur asardan iqtiboslar keltirgan. Abdulhay Laknaviyning yozishicha, “Zavoid va favoid fi anvoil ilm” turli ilmlar tasnifi(klassifikatsiyasi)ga bagʻishlangan boʻlib, bu sohaga oid yozgan dastlabki asarlardan biri hisoblangan[14].

Imom Rustugʻfaniy buyuk mutakallim Imom Moturidiyning yaqin va isteʼdodli shogirdi boʻlgan. U kalom ilmi borasida oʻz davrining yetuk olimi boʻlish bilan birga, fiqh (islom qonunshunosligi) borasida ham mustaqil fikr yuritadigan mujtahid maqomiga yetishgan. Manbalarda Abulhasan Rustugʻfaniy bilan ustozi Abu Mansur Moturidiy oʻrtasida fiqhiy masalalarda qizgʻin bahsu munozaralar boʻlib turgani qayd etilgan. Jumladan, arab tarixchisi Muhiddin Qurashiyning “Javohirul muziyya fi tabaqotil hanafiyya” kitobida baʼzi ijtihodiy masalasida ular oʻrtasida turli qarashlar mavjud boʻlgani yozib qoldirilgan[15].

Imom Abulhasan Rustugʻfaniy haqidagi maʼlumotlar Abdulkarim Samʼoniyning “Ansob”, Ibn Asirning “Lubob fi tahzibil ansob”, Ibn Qutlubugʻonning “Tojut tarojim” va Abdulhay Laknaviyning “Favoidul bahiyya fi tarojumil hanafiyya” asarlarida ham uchraydi. Hozirgi davr olimlaridan tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatovning koʻplab kitob va ilmiy maqolalarida, nemis olimi Ulrix Rudolfning “Moturidiy va Samarqandda sunniylik ilohiyoti” asarlarida ham ayrim maʼlumotlarni topish mumkin.

IX-XIII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri boʻlib, oʻsha kezlarda Samarqandning deyarli har goʻshasidan koʻplab allomalar yetishib chiqqan. Ular dunyo ilm-fani taraqqiyotiga benazir hissa qoʻshib, tarix zarvaraqlaridan munosib oʻrin egallagan. Albatta, bu davrlarda Miyonqol hududida yashab ijod qilgan roviy va faqihlar haqida soʻz ketganda Sulaymon ibn Dovud ibn Muhammad Razmoziy, Abu Isʼhoq Ibrohim Zanun Dihqon Razmoziy, Abu Muhammad Razmoziy Sugʻdiy, Abu Abdulloh Razmoziy Sugʻdiy Samarqandiy, Dovud ibn Amr Rastagʻfariy Ishtixoniy, Ahmad ibn Hishom, Yahyo ibn Xuzayma Zoriy, Yusuf ibn Maʼruf, Abu Lays Nasr ibn Fath ibn Ahmad, adib Abu Fazl Muhammad ibn Amr ibn Muhammad, Toyyib ibn Muhammad ibn Ibrohim, Abu Bakr Bilol ibn Rizor ibn Rabona, Muhammad ibn Imron, Solih ibn Muhammad ibn Mutavakkil ibn Qudoma ibn Yahyo Sugʻdiy, Abu Hasan Ali ibn Ahmad ibn Nasr ibn Muhammad ibn Ibrohim Hamdavayh ibn Qatan ibn Farazdaq ibn Tarxon Hamdavayhiy kabi allomalarni ham sanab oʻtish lozim. Ular oʻz ilmu-urfoni bilan ijtimoiy-siyosiy, tarixiy jarayonlarda faol ishtirok etib, tarix sahifalaridan munosib oʻrin egallagan.

Miyonqoldan yetishib chiqqan boshqa allomalarning nomlarini ham keltirishimiz mumkin edi. Ammo muxtasar bir maqolada ularning barchasini jamlashning iloji yoʻq. Kelajakda bu borada keng qamrovli ilmiy izlanishlar olib borilishidan umid qilib qolamiz.

[1] Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Nasafiy. Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand. –Tehron. 1999. –B.655.
[2] Hamduya va Hamdaviy shaklida keltirilgan. Qarang: Najmiddin Umar Nasafiy. Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand. – T.: “Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2001. – B. 171, 172.
[3] Qarang: Abu Said Abdulkarim ibn Muhammad Samʼoniy. Ansob. J,2. Bayrut. 1998. –B. 260
[4] Qarang: Atayev M. Jizzax allomalari. –T.: Adib. 2014. –B.61.
[5] Qarang: Atayev M. Jizzax allomalari. –T.: Adib. 2014. –B.64.
[6] Abulhasan Ali ibn Muhammad Shayboniy Jazariy. Lubob fi tahzibil ansob. – Bayrut. 1980. –B. 387.
[7] Najmiddin Umar Nasafiy. Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand. – T.: Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi. 2001. –B.172.
[8] Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Nasafiy. Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand. – Tehron, 1999. – B. 566.; Najmiddin Umar Nasafiy. Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand. – T.: “Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2001. – B. 171,172.
[9] Qarang: Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 6. – Bayrut. – Livan, 1998. – B. 122; Abu Abdulloh Yoqut Hamaviy. Moʻjamul buldon. J. 5. – Bayrut, 1979. – B. 454
[10] Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur – T.: TIU, 2007. “Muhammad” surasi 19-oyat.
[11] Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Nasafiy. Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand. – Tehron, 1999. – B. 232.
[12] Xayriddin Zirikliy. Aʼlom. J. 4. Dorul ilm, 2002. – B. 291
[13] Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti. – T.: Maʼnaviyat, Movarounnahr, 2010. – B. 152; Kattayev K. Samarqandning buyuk allomalari. – Samarqand. Zarafshon, 1998. – B. 107.
[14] Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti. – T.: Maʼnaviyat, Movarounnahr, 2010. – B. 152, 153.
[15] Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti. – T.: Maʼnaviyat, Movarounnahr, 2010. – B. 153, 154.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …