Home / FOTO LAVHALAR / TOHARISTON BILAN TIBЕT OʻRTASIDAGI MADANIY ALOQALAR

TOHARISTON BILAN TIBЕT OʻRTASIDAGI MADANIY ALOQALAR

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya sovrindorlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Germaniya, Turkiya, Avstriyadan olimlar ishtirok etdi.

Seminarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi Feruza Djumaniyazova “Tohariston va Tibetdagi “shohona oʻtirish (bazm)larda turkiy anʼanalar uygʻunligi” mavzusida maʼruza qildi.

Olima Tibet qishloqlaridan biridagi Duxang ibodatxonasi devoriga chizilgan “Shohona mayxoʻrlik sahnasi” nomli mashhur surat haqida maʼlumot keltirdi. Uning aytishicha, Tibetdagi buddaviy ibodatxonasi devorida tasvirlar orasida dunyoviy sahna aks etishi kamdan-kam uchraydigan hodisadir. Maʼruzachi ikonografik tahlil sahnadagi badiiy oqimlarni aniqlash va ularni muayyan madaniy kontekstga joylashga qaratilganini taʼkidlab, burungi tadqiqotlar chogʻida devoriy suratga tashqi taʼsirlarning kelib chiqish sabablarini ochishga muvaffaq boʻlinmagani qayd etdi.

F.Djumaniyazova Tohariston hududidagi Bolaliktepa kabi obyektlardan topilgan devoriy rasmlar, haykallar, tangalardagi “shohona bazmlar”ga oid ikonografik maʼlumotlar misolida turkiy xalqlarning ilk oʻrta asrlardagi hayotiga toʻxtaldi. Ularni Duxang monastiri devoridagi suratlar bilan qiyoslash asosida oʻsha davrda Tibet va unga qoʻshni hududlarda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy va etnomadaniy jarayonlarda turkiy xalqlar faol ishtirok etganini koʻrsatib berdi.

– Turkiy xalqlar bilan tibetliklar oʻrtasida nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy va madaniy sohalarda ham aloqalar yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu masala chuqurroq oʻrganishni talab qiladi, – dedi olima.

Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …