Home / MAQOLALAR / “JONLI” VA “JONSIZ” TARBIYA

“JONLI” VA “JONSIZ” TARBIYA

«Agar ogohsan sen – shohsan sen.
Agar shohsan sen – ogohsan sen»

Albatta, xalqimiz, jumladan yosh avlod gʻarb fan-texnikasi, madaniyati, adabiyoti, sanʼatining ilgʻor jihatlarini inkor etmaydi. Biroq gʻarbda din va odobga zid boʻlgan qarashlarning koʻpchilikka singdirilishi oqibatida yuzaga kelgan “ommaviy madaniyat” tushunchasini gʻarb ziyolilarining oʻzi “gʻarbning muammosi” sifatida baholayotganini hamda “ommaviy madaniyat”ning maʼnaviy-axloqiy tubanliklarini yoshlarimiz qancha tez anglasa, shuncha yaxshi.

Bugungi kunda tarbiya ham, ming afsuslar boʻlsinki, ikki xil boʻlib qoldi: 1) «jonsiz» tarbiya va 2) «jonli» tarbiya.

1) “Jonsiz” tarbiya– bu internet, kompyuter, telefon, disklar, televizor. Ming afsus va nadomatlar boʻlsinki, bu narsalar ham koʻp yoshlarimizni, baʼzi oʻrinlarda sal kattaroqlarimizni ham toʻgʻri yoʻldan, oʻz ota-onalari ne-ne mashaqqatlar chekib oʻrgatgan yoʻldan, ota-bobolarimizdan buyuk va beqiyos meros boʻlib kelayotgan yoʻldan ozdirib va adashtirib qoʻymoqda. Natijada, dono xalqimiz maqolida «yaxshini sharofati, yomonni kasofati» deb aytilganidek, oʻzlari ham, oilasi ham, qarindoshlari ham, qoʻshnilari ham, doʻstlari ham, yaqinlari ham, atrofdagilari ham sarson boʻlib, ularning kasofatlari yashab turgan mahallasiga ham, ishlab turgan ishxonasiga ham, butun el-yurtiga ham yetmoqda.

Bunday shakldagi “jonsiz” tarbiya – dono xalqimiz dunyoqarashiga va millatimiz mentalitetiga ham, Qurʼoni karim oyatlari va Paygʻambarimiz alayhissalomning hadisi shariflariga ham, dinimiz koʻrsatmalari va shariatimiz hukmlariga ham, ulamolarimiz fatvolari va davlatimiz qonunlariga ham, sharqona odoblarimiz va mazhabimiz meʼyorlariga ham, jamiyatshunoslik aloqalari va odamgarchilik munosabatlariga ham, insoniy tuygʻular va ruhshunoslik sir-asrorlariga ham, yurtimiz urf-odatlari va oʻzbekchilik qoidalariga ham, madaniyatimiz axloqlari va insoniy aqlga ham, axloqiy norma va dono xalqimiz maqollariga ham, milliy anʼanalarimiz va diniy qadriyatlarimizga ham, xalqimiz ongi va musulmonchiligimiz asoslariga ham, Islom dinimiz tushunchalariga ham MUTLAQO ZID ekanligini unutmaylik!

Xorijiy telekanallarda nima namoyish etilsa yoki internetda nima targʻib qilinsa, barchasini qabul qilaverish aslo mumkin emas! Biz ular orasidan imon-eʼtiqodimiz, anʼanayu qadriyatlarimizga MOS KЕLADIGANLARINIGINA saralab olmogʻimiz shart. Bu maqsadga esa yoshlarimizga telefon, televideniye, kompyuter va internetdan oqilona foydalanish yoʻllarini oʻrgatish, ularning mazkur axborot manbalaridan foydalanishlarini nazorat qilib borish orqaligina erishish mumkin. Toki hali suyagi qotib ulgurmagan yoshlarimizning begʻubor maʼnaviyatiga jiddiy zarar yetmasin.

Mutaxassislarning tadqiqotlariga koʻra, AQSHda jinoyatchilarning yarmidan koʻpi buzilgan oilalar farzandlari ekani maʼlum boʻlgan. Ularga ota-onasining ajrashgani tufayli yetkazilgan kuchli ruhiy zarba oʻrta yosh, hatto keksalik chogʻida ham salbiy taʼsir oʻtkazishi aniqlangan.

2) “Jonli” tarbiya– bu ulugʻ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan oltindan qimmat rivoyatlari va noyob hikmatlari, buyuk ota-bobolarimizdan eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari va betakror hikoyalari, mehribon ota-onalarimizdan oʻrganib kelayotgan gavhar oʻgitlari va mislsiz soʻzlari, elimiz tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan taʼlim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari, jannatmakon yurtimiz – muqaddas Vatanimiz taʼlim maskanlarida taralayotgan durdan aʼlo fanlar va beqiyos bilimlar.

Bu “jonli” tarbiyadagi maʼlumotlar esa maʼnaviyat va maʼrifat yoʻnalishiga hamda tarbiya sohasiga daxldor har bir inson uchun, har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN beqiyos ensiklopedik manba boʻlib xizmat qiladi. 

Oiladagi bosh – bobo yoki buvi, ota yoki ona har kuni, ayniqsa juma oqshomi, bozor oqshomi kunlarida oilaviy dasturxon atrofida oʻtirganlarida oilasining har bir aʼzolarini ismlarini nomma-nom aytib, har bir oʻgʻil-qizlarini, har bir kelin-kuyovlarini, har bir nevara-chevaralarini haqlariga yaxshi tilaklar aytib, yaxshi duolar qilsalar – bu ham “jonli” tarbiyaning bir turi hisoblanadi. Zero bunday shakldagi “jonli” tarbiyani hammalarimizning ota-bobolarimiz, ona-momolarimiz avval-azaldan chin ixlos bilan, sof eʼtiqod bilan, goʻzal namuna va chiroyli ibrat boʻlib, barkamol darajada berib kelishgan. Shunda “meni otam meni haqimga bunday duo qilganlar”, “meni onam meni bunday boʻlishimni Xudodan soʻrar edilar” degan ongi-shuuridagi dasturxon atrofidagi surat uni koʻz oldida doim turadi. Dasturxon atrofida, oilasi huzurida aytilgan ota-onasining umidlari, orzulari uni boshqa nojoʻya xatti-harakatlardan tiyilishga, har kuni qoʻl ochib Yaratgandan soʻrayotgan tilaklarni eslab, mazkur tilaklarga mos kelmaydigan ishlardan saqlanishga undaydi.

Buyuk ota-bobolarimizdan meros boʻlib qolib kelayotgan dono xalqimizni yuksak maʼnaviyatiga davlatimiz rahbari Muhtaram Prezidentimiz ham: «Duo qilgan, duo olgan hech qachon kam boʻlmaydi. Bunday joydan hech qachon baraka arimaydi» deb, yana qoʻshimcha sifatida bizlarga yengilmas kuch qilib berdilar.

Xalqimizning milliy maʼnaviyati, oilalarimizda amal qilinadigan tartib-qoidalar yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga egadir. Ular oila mustahkamligini taʼminlashda ulkan poydevor vazifasini oʻtaydi. Diyorimizda milliy qadriyatlar va muborak dinimizning ezgu taʼlimotlari asosida oilaga doir qonun-qoidalar yanada mukammal qayta ishlandi. Janob hazrat Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam oʻz hadisi shariflarida marhamat qiladilar: «Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar!» Bu xususda shoirlarimizni ibratli soʻzlari bor:

«Birinchi gʻishtni qiyshiq qoʻyarkan meʼmor,
Osmonga yetsa ham, qiyshiqdir devor».

Oilada erning mavqei balandligi, xotin ham oʻz haq-huquqlariga egaligi, farzandlarning ota-onani hurmat qilishlarini olaylik. Koʻp yillar davomida ota-bobolarimiz qalbiga singib ketgan ushbu milliy va diniy qadriyatlarni bugun yanada sayqallash kerakligini zamon talab etmoqda. Ayniqsa shiddat bilan oʻzgarib borayotgan hozirgi zamonda bemaʼni xurujlar koʻpayib, ularning inson va jamiyat hayotiga salbiy taʼsirlari misli koʻrilmagan darajada kuchayib bormoqda. Shuning uchun barchamiz koʻzimizni kattaroq ochib, ziyraklik va ogohlik bilan bunday hamlalarga qarshi kurashmogʻimiz lozim.

Ayniqsa boshlangan yangi oʻquv yilidan sermaʼno, sermahsul, mazmunli va unumli foydalanib, har bir ota, har bir ona oʻz farzandiga odob-axloq namunalarini, kindik qoni toʻkilgan mislsiz Vataniga – vatanparvarlik his-tuygʻularini, bobo-buviga – ehtirom-hurmatni, ota-onaga – mehr va itoatkorlikni, oila aʼzolariga – rahmdillik va mehribonlikni, oʻz juft haloliga – haqiqiy muhabbat va sodiqlikni, qoʻni-qoʻshnilarga – oqibat va chiroyli munosabatni, qavm-qarindoshlarga – saxovat-muruvvatni, sinfdosh-kasbdoshlarga – chin doʻstlik va yordam berishni, atrofdagi barcha odamlarga – insonparvarlik va samimiylikni, hayvon-parranda-hasharotlarga – rahm-shafqatni uqtirib, yuqtirib, tushuntirib, singdirishimiz – ham burchimiz, ham qarzimiz, ham farzimizdir! Xudoni oldida ham, bandasini oldida ham, yurt-xalqimiz oldida ham!

Bularni hammasini bolalarimizga oʻrgatish uchun bizlarga hech qanday maxsus oliy maʼlumot ham, tegishli sertifikat ham, hech qanday qizil diplom ham kerak emas! Yoshlarimizda bu jihatlarini biz uygʻotishimiz (!) kerak xolos. Zero shu sifatlarning hammasi farzandlarimizning qonida bor, ularning xamirturushlarida bor! Zero shu fazilatlarning hammasi bolalarimizning DNK larida mavjud! Chunki bu xususiyatlarning barchasi bizlarning ota-onalarimizdan avloddan-avlodga, qon orqali, jonli tarbiya orqali oʻtib kelayapdi! “Buning qonida bor-da oʻzi!” deb yoki “olma pishsa, tagiga tushadi” deb bejizdan-bejiz aytmaydi dono xalqimiz!

Kimning ona Vatanni sevish tuygʻusi kuchli va imon-eʼtiqodi mustahkam boʻlsa, oʻzining oʻtmishini hurmatlab, yaxshi bilsa, “ommaviy madaniyat” tuzogʻiga tushib qolmaydi, dinu davlatimizning “haqiqiy doʻstlari”ning qarmogʻiga ilinmaydi. Buning uchun oilada ota-onalar farzandlari bilan milliy musiqa, xalq qoʻshiq-ashulalarimizni eshitishsa, birgalikda kitob oʻqishsa, oʻqigan asarlarini birgalikda muhokama qilishsa, ularni turli sport seksiyalariga va musiqa toʻgaraklariga jalb etishsa, erishilgan yutuqlari va egallayotgan tajribalariga qiziqishsa, ilm-hunar oʻrganishlarida hamnafas boʻlishsa, yoshlarning yot gʻoyalar uchun vaqti ham, qiziqishi ham boʻlmaydi.

Iloho oʻzlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz Oʻzi buyurgan, Janob Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, oʻtmishda oʻtganlarimizni ruhlari shod boʻladigan, xalqimiz xursand boʻladigan, ota-onalarimiz rozi boʻladigan yoʻllardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon domla INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi oʻrinbosari
Manba: muslim.uz

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …