Home / FOTO LAVHALAR / OʻMON SULTONLIGIGA SAFAR MANFAATLI BOʻLDI

OʻMON SULTONLIGIGA SAFAR MANFAATLI BOʻLDI

Avval xabar berilganidek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi vakillaridan iborat delegatsiya Oʻmon Sultonligiga safar qildi.

Tashrif asnosida delegatsiya aʼzolari Maskat shahridagi Oʻmon milliy muzeyi faoliyati bilan tanishdi. Muzeydan oʻrin olgan Sultonlik diplomatiyasi bilan bogʻliq hujjatlar, tarixiy rasmlar, vasiyatnomalar, turli davlatlar tomonidan berilgan hadyalar va boshqa eksponatlar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Oʻzbekistonning Oʻmondagi elchixonasida delegatsiya aʼzolarining matbuot xodimlari, xususan, “Asdaa Oman”, “Ar-Ruʻya” nashrlarining muharrirlari va tadbirkorlar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Muloqot davomida ikki mamlakatning ilmiy hamkorligini yanada faollashtirish, Oʻmon ommaviy axborot vositalarida Oʻzbekistonning madaniy-maʼrifiy hayotidagi yangiliklarni yoritishga oid kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, delegatsiya aʼzolari Sulton Qobus nomidagi Madaniyat va fan boʻyicha oliy markazda boʻldi. Muassasa rahbari Habib ibn Muhammad Riyamiy bilan suhbatda ikki mamlakatning turdosh markazlari oʻrtasida ilmiy-maʼrifiy hamkorlik aloqalari oʻrnatish istiqbollari muhokama etildi.

Shu bilan Oʻzbekiston ilmiy delegatsiyasining Oʻmon Sultonligiga safari nihoyasiga yetdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …