Home / HADIS / YAXSHI DAM – MЕHNATGA HAMDAM

YAXSHI DAM – MЕHNATGA HAMDAM

Kecha va kunduz ulugʻ neʼmatlardir. Inson kechasi uxlab dam oladi, kunduzi tirikchilik qiladi. Alloh taolo aytadi:

﴿وَجَعَلْنَا نَوْمَكُمْ سُبَاتًا﴾

Uyqungizni (badaningiz va asablaringiz uchun) orom qildik.

﴿وَجَعَلْنَا اللَّيْلَ لِبَاسًا﴾

Kechani libos qildik.

﴿وَجَعَلْنَا النَّهَارَ مَعَاشًا﴾

Kunduzni esa, tirikchilik vaqti qildik[1].

Boshqa oyati karimada esa bunday deydi:

﴿وَهُوَ الَّذِي يَتَوَفَّاكُمْ بِاللَّيْلِ وَيَعْلَمُ مَا جَرَحْتُمْ بِالنَّهَارِ ثُمَّ يَبْعَثُكُمْ فِيهِ لِيُقْضَى أَجَلٌ مُسَمًّى ثُمَّ إِلَيْهِ مَرْجِعُككُمْ ثُمَّ يُنَبِّئُكُمْ بِمَا كُنْتُمْ تَعْمَلُونَ﴾

“U tunda sizlarni “vafot ettiradigan” (uxlatib, vaqtincha ruhingizni oladigan), kunduzi qilgan ishlaringizni biladigan Zotdir”[2].

          Uyqu insonning ruhi, aqli, tanasini tetiklashtiradi. Uyqusizlik aksincha, holsizlantiradi, hatto halokatga olib boradi. Kechasi yaxshi uxlagan kishining ertasi unumli boʻladi.

Quyida hayotning uchdan bir qismini egallaydigan uyqu odoblarini keltirib oʻtamiz.

          Avvalombor, uxlashdan oldin darvoza va eshiklar berkitilganini tekshirish lozim. Chiroqlarni ham oʻchirish kerak. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Quyosh botayotganda, bolalaringizni yigʻib oling, chunki bu vaqtda shaytonlar tarqaladi. Kechadan bir soat oʻtsa, eshiklarni yoping, chunki shaytonlar yopilgan joyga kirmaydi, idishlarning ustini yoping, uyquga yotar vaqtingizda chiroqlaringizni  oʻchirib qoʻying”, dedilar”[3].

Uxlashdan oldin tahorat olish va duo qilib, oʻng yon bilan yotish fazilatlidir. Barro ibn Ozib roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yotoqqa kirmoqchi boʻlganingda, namozga qiladigan tahoratingni qilib ol. Soʻngra oʻng yoning bilan yot. Keyin: “Allohumma aslamtu vajhiy ilayka va favvaztu amriy ilayka va aljaʼtu zohriy ilayka rogʻbatan va rogʻbatan ilayka, laa maljaʼa va laa manjaa minka illa ilayka! Aamantu bikitabikallaziy anzalta va binabiyyikallaziy arsalta!” Yaʼni, “Allohim, Sendan umid qilgan va qoʻrqqan holda vujudimni Senga taslim qildim, ishimni Senga topshirdim, Senga suyandim. Sendan qochishga va najot topishga huzuringdan boshqa joy yoʻq. Allohim, nozil qilgan Kitobingga va yuborgan Nabiyingga iymon keltirdim”, degin”[4].

Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tundagi ibodatlari va uxlashlari haqida bunday xabar bergan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻn bir rakat namoz oʻqir edilar. U zotning tundagi nafl namozi shu edi. U zot ularda biringiz ellik oyat oʻqigudek vaqtcha sajda qilar edilar. Bomdod namozidan oldin yengil ikki rakat namoz oʻqir, soʻngra huzurlariga muazzin kelgunicha oʻng taraflariga yonboshlab yotar edilar”[5].

Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xufton namozidan oldingi uyquni yoqtirmas edilar. Abu Barza roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasullulloh sollallohu alayhi va sallam xuftondan oldingi uyquni va undan keyingi suhbatni yoqtirmasdilar”[6]. Chunki xuftondan oldingi uyqu tunda uyqusizlikka olib boradi. Undan keyingi suhbat esa bomdod namoziga uxlab qolish xavfini keltirib chiqaradi.

Zararli hashoratlardan ehtiyot boʻlish uchun uxlash joyini bir qarab qoʻyish maqsadga muvofiqdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon biringiz yotoqqa kirmoqchi boʻlsa, uni kiyimining cheti bilan uch marta qoqib tashlasin. Chunki u oʻzidan keyin u yerga nima tushib qolganini bilmaydi. Soʻng: “Ey Rabbim! Sening noming bilan boshimni qoʻydim va Sening noming bilan koʻtaraman. Agar jonimni tutib qolsang, unga rahm etgin. Qoʻyib yuboradigan boʻlsang, uni solihlarni muhofaza qilgan narsang ila saqlagin”, deb duo qilar edilar”[7].

Uxlaganda qorinni yerga qilib yotmaslik kerak. Tibbiyot mutaxassislari ham bundan qaytaradi. Chunki nafas olish qiyinlashib, qon yaxshi aylanmaydi. Yaʼish ibn Tixfa roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Otam aytib berdi: “Masjidda qornimni yerga berib yotgan edim. Bir kishi meni oyoqlari bilan turtib: “Bunday yotma, bu yotishni Alloh taolo yomon koʻradi”, dedi”. Qarasam, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ekanlar”[8].

 Uxlash odobining yana biri oʻng qoʻlni yuz tagiga qoʻyib yotishdir. Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qachonki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam tungi yotoqlariga borsalar, qoʻllarini yuzlarini tagiga qoʻyar edilar. Soʻngra: “Allohim, isming ila oʻlaman va tirilaman!” derdilar. Uygʻonsalar esa: “Jonimizni qabz qilgandan keyin qayta tiriltirgan Allohga hamd boʻlsin. Qayta tiriltirish faqat Uning Oʻzidandir”[9] .

Shariatimizning tushlar haqidagi koʻrsatmasi ushbudir: Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz oʻziga yoqadigan tush koʻrsa, uni Alloh taolo  marhamat qilgan boʻlib, buning uchun darhol Rabbiga hamdu sano aytsin va koʻrgan tushini (yaxshi odamlarga) soʻzlab bersin. Agar koʻngli xushlamaydigan tush koʻrsa, demak, u shayton tomonidan boʻlib, uning yomonligidan Alloh taolodan panoh tilasin (yaʼni, “Aʼuzu billahi minash shaytonir rojiym va min sharrih” desin) va uni hech kimga aytib oʻtirmasin. Shunda koʻrgan yomon tushi unga zarar keltira olmaydi!” dedilar”[10].

Uyqudan uygʻonganda tasbeh aytish, tahorat qilish va namoz oʻqish Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yoʻllaridir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizdan biringiz uyquda ekanida shayton gardaniga uchta tugun tugadi va har biriga: “Senda uzun tun bor, shunday ekan uxla!” deydi. U uygʻonganda, Allohni zikr qilsa, bitta tugun yechiladi. Tahorat qilsa, yana bir tugun yechiladi. Namoz oʻqisa, esa yana bitta tugun yechiladi. Shunda u gʻayratli, tetik va koʻngli ravshan holda tong orttiradi. Agar unday qilmasa, koʻngli xira, dangasa holda tong orttiradi”, dedilar” [11].

Dinimizdagi ushbu koʻrsatmalar insonning yaxshi uxlab, dam olishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ajr-savobga erishtiradi. Yaxshi dam olgan kishi sogʻlom boʻlib, koʻzlagan maqsadiga nisbatan oson yetadi. Xalqimiz  xordiqni bejizga “Yaxshi dam – mehnatga hamdam” deb eʼtirof etmagan. Alloh taolo barchamizni uxlash odoblariga rioya etishga muyassar qilsin.

[1] Naba surasi, 9,10,11-oyatlar.
[2] Anʼom surasi, 60-oyat.
[3] Imom Buxoriy rivoyati.
[4] Imom Buxoriy rivoyati.
[5] Imom Buxoriy rivoyati.
[6] Imom Buxoriy rivoyati.
[7] Imom Buxoriy rivoyati.
[8] Abu Dovud rivoyati.
[9] Imom Buxoriy rivoyati.
[10] Imom Buxoriy rivoyati.
[11] Imom Buxoriy rivoyati.
Otabek BAXRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …