Home / FOTO LAVHALAR / FALASTIN HUKUMATI VAKILI ILIQ FIKRLAR BILDIRDI

FALASTIN HUKUMATI VAKILI ILIQ FIKRLAR BILDIRDI

Mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Falastin tashqi ishlar va muhojirlar vaziri Riyoz Najib Abdurahmon Molikiy rahbarligidagi delegatsiya Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.

Yuqori martabali mehmonlarni Markaz direktori Shovosil Ziyodov kutib olib, muassasaning yaratilish tarixi, binoning meʼmoriy yechimlari, bugungi kunda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishlari hamda erishilgan natijalar haqida maʼlumot berdi. Delegatsiya aʼzolari Markaz muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdi, eksponat va qoʻlyozmalarni katta qiziqish bilan koʻzdan kechirdi.

Muloqot chogʻida Riyoz Molikiy 2016 yilda davlatimiz rahbari tomonidan mazkur Markazni tashkil etish toʻgʻrisida tashabbus ilgari surilgan Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etganini mamnuniyat bilan yodga oldi. Qisqa fursatda ushbu tashabbusning amaldagi inʼikosi sifatida barpo etilgan koʻrkam va muhtasham Markaz musulmon dunyosi buyuk mutafakkirlarining boy merosini chuqur oʻrganib, keng targʻib qilish, yosh avlodni islom dinining asl qadriyatlariga sadoqat ruhida tarbiyalash, xalqaro hamkorlik va muloqotni mustahkamlashga xizmat qilayotganini taʼkidladi. Markaz bilan Falastindagi ilmiy muassasalar oʻrtasida aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyorlik bildirdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …