Home / FOTO LAVHALAR / Samarqand viloyatida targʻibot tadbirlari boshlandi

Samarqand viloyatida targʻibot tadbirlari boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari joylarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilash maqsadida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida Samarqand viloyati boʻylab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni boshladi.

Markaz ilmiy xodimlaridan iborat targʻibot guruhlari kunning birinchi yarmida Oqdaryo tumanida boʻlib, “Yangiqoʻrgʻon”, “Dahbet”, “Bozorjoy”, “Galaravot”, “Loyish”, “Oqdaryo”, “Yangihayot” MFYlarida uchrashuvlar oʻtkazdi.

   

Mahalla faollari, nuroniylar va uyushmagan yoshlar ishtirokida oʻtgan tadbirlarda milliy qadriyat va urf-odatlarimizga hurmat, Vatanga sadoqat, yurt tinchligi, mamlakatimizda inson manfaatlari yoʻlida olib borilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, diniy bagʻrikenglik va yoshlar turli yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolishining oldini olishga oid masalalar hamda shukronalik tuygʻulari haqida fikr yuritildi.

   

Kunning ikkinchi yarmida targʻibot guruhlari Payariq tumanida ish olib bordi. “Alisher Navoiy”, “Farovon”, “Mustaqillik”, “Istiqlol”, “Javshar ota”, “Maniobod”, “Yangihayot” MFYlarida oʻtkazilgan tadbirlarda tinchlik va osoyishtalikni qadrlash va asrash, omonlik va farovonlik uchun minnatdor boʻlib yashash, oilalar mustahkamligini taʼminlash, farzandlar tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratish, ular ongi va qalbida mafkuraviy va maʼnaviy immunitetni kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.

   

Viloyat boʻylab tadbirlar davom etmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz rahbari – Samarqanddagi yirik anjumanda

Bugun, 3-may kuni Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Turkiyadagi Egey universiteti …