Home / XALQARO YANGILIKLAR / HAMKORLIK OʻRNATISHGA KЕLISHILDI

HAMKORLIK OʻRNATISHGA KЕLISHILDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Saudiya Arabistonida joylashgan Podshoh Faysal nomidagi tadqiqot va islomshunoslik markazi vakillari bilan onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, direktor oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev, boʻlim boshligʻi Barot Amonov, Podshoh Faysal nomidagi tadqiqot va islomshunoslik markazi bosh kotibining ilmiy ishlar boʻyicha yordamchisi, katta ilmiy xodim Dr. Abdulloh Humayd, muzeyshunoslik boʻlimi rahbari Rasho Al Favoz va xalqaro aloqalar boʻyicha masʼul xodimi Sora Al Mudayfer ishtirok etdi.

Sh.Ziyodov Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi, maqsad va vazifalari, faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha olib borayotgan ishlari haqida maʼlumot berdi.

Dr. A.Humayd ishtirokchilarni Podshoh Faysal nomidagi tadqiqot va islomshunoslik markazining ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.

40 yil avval tashkil etilgan markaz bugungi kunda podshohlikning yetakchi akademik, intellektual va madaniy muassasasi hisoblanadi. Uning asosiy maqsadi ijtimoiy-gumanitar fanlar boʻyicha tadqiqotlar olib borish, intellektual munozaralar va madaniyatlararo muloqotlar uchun mahalliy, mintaqaviy va global ahamiyatga ega tadqiqotchilar va tadqiqot muassasalari ilmiy yutuqlari almashuvining platformasini yaratishdan iborat. Markazda nashriyot va kutubxona, shuningdek, arxiv va muzey faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan.

Muloqot chogʻida muassasalar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish masalasi muhokama etildi. Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan tilga olib, uchrashuv markazlararo manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda amaliy samara koʻrsatishini taʼkidladi.

Ishtirokchilar markazlar faoliyatining maqsad va vazifalari mushtarak ekanini birdek eʼtirof etgan holda, qoʻlyozmalarni restavratsiya qilish, arxivlashtirish boʻyicha xodimlarning oʻzaro tajriba almashuvini yoʻlga qoʻyish hamda malakasini oshirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligini qayd etdi.

Muloqotda qoʻlyozmalarni tadqiq va tahqiq etish hamda kataloglashtirish, kitob va risolalar nashr qilish, shuningdek, islom tarixi va madaniyati, allomalar hayoti va ilmiy merosini oʻrganish ishlarida konstruktiv hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Suhbat davomida, shuningdek, bildirilgan fikrlar asosida ikki muassasa oʻrtasida hamkorlikka oid Anglashuv memorandumini imzolash taklif etildi va uning loyihasi yuzasidan dastlabki muhokamalar oʻtkazildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …