Home / HADIS / KAMTARLIK VA HALOLLIKNING OLIY NAMUNASI

KAMTARLIK VA HALOLLIKNING OLIY NAMUNASI

Bir hadis sharhi

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ozga qanoat qiladigan eng zohid zot boʻlganlar. Alloh bergan barcha mol-mulklarini Allohning yoʻlida faqir va muhtojlarga ehson qilib yuborardilar. 

عَنْ أَنَسٍ رضى الله عنه قَالَ وَلَقَدْ رَهَنَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم دِرْعَهُ بِشَعِيرٍ، وَمَشَيْتُ إِلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم بِخُبْزِ شَعِيرٍ وَإِهَالَةٍ سَنِخَةٍ، وَلَقَدْ سَمِعْتُهُ يَقُولُ ‏ “‏ مَا أَصْبَحَ لآلِ مُحَمَّدٍ صلى الله عليه وسلم إِلاَّ صَاعٌ، وَلاَ أَمْسَى ‏”‏‏.‏ وَإِنَّهُمْ لَتِسْعَةُ أَبْيَاتٍ‏.‏

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam qanchadir arpa evaziga sovutlarini garovga qoʻyganlar. Men Nabiy sallallohu alayhi vasallamga arpa non va sal hidlangan eritilgan yogʻ olib borganman. U zotning “Muhammadning – sollallohu alayhi vasallam – oilasida ertalab ham, kechki payt ham bir soʼdan ortiq narsa boʻlmaydi”, deganlarini eshitganman. Holbuki, ular toʻqqizta xonadon edilar”(Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda Anas ibn Molik roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oʻta kamtar zot boʻlganlarini soʻzlab bergan. U zot sollallohu alayhi vasallamni bir yahudiy uyiga taomga chaqirgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam chaqirigʻini yerda qoldirmay borganlar. Haligi yahudiy bisotidagi arpa non va sal hidlangan eritilgan yogʻdan yegulik tayyorlagan va Anas roziyallohu anhu uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga qoʻygan. Paygʻambar alayhissalom undan yeganlar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uylarida yegulik qolmaganida bir yahudiydan nasiyaga arpa sotib olgan ekanlar. Yahudiy garov uchun biror narsa soʻraganida, eng zarur buyumlaridan biri boʻlmish sovutlarini garovga qoʻyganlar. Shunda egnilaridagi yaktak va shipak bilangina qolganlar, xolos.

Anas roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Muhammadning – sollallohu alayhi vasallam – oilasida ertalab ham, kechki payt ham bir soʼdan ortiq narsa boʻlmaydi”, deganlarini eshitgan ekan. Yaʼni, u zotning ahli oilalarida na bugʻdoy, na arpa qolgan vaqtlar ham boʻlgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu gaplarini achchiqlanib yo shikoyat qilib emas, taomga chaqirilganda javob berib borganlari va yahudiyga sovutlarini garovga berganlaridan uzr soʻragan holda aytganlar.

Soʻngra Anas roziyallohu anhu: “Holbuki, ular toʻqqizta xonadon edilar”, deydi. Yaʼni, oʻsha paytda u zotning toʻqqizta ayollari bor edi, ularning barchasi oziq-ovqatga muhtoj boʻlgan, albatta.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nima uchun aynan yahudiyga sovutlarini garovga berib, ozuqa sotib olganlar, degan tabiiy savol tugʻiladi. Axir, sahobalar orasida u zotga garovsiz, hatto nasiyasiz mablagʻ berishni orzu qilganlar koʻp edi-ku? Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu ishlari bilan ahli kitoblar bilan oldi-berdi qilishning va ular bilan savdoda garovning joizligini oʻzlarining misolida koʻrsatib berganlar.

Bu hadisdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oilalarini nafaqa bilan taʼminlab qoʻyganlari ham maʼlum boʻladi. Ayni paytda, u zot oilalari uchun ham zuhdni ixtiyor qilganlari tushuniladi. Biroq baʼzan bir yillik oilaviy taʼminotni qilib qoʻygan holatlari ham boʻlgan. Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam Banu Nazirning xurmosini sotar va oʻz ahllariga bir yillik oziq-ovqatni gʻamlab qoʻyar ekanlar.      

Hadisi sharifdan xulosa oladigan boʻlsak, nasiyaga savdo qilish joiz ekan. Kamtarona taomga chaqirilganda, taklif qilgan kishini kamsitmasdan borib, uning hurmatini joyiga qoʻyish kerak boʻlarkan. Gʻayridin bilan ham savdo-sotiq qilish va unga biror narsani garovga berish mumkin ekan. Bu islomning insonparvar din ekanidan yana bir dalolatdir. 

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi 

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …