Home / MAQOLALAR / DINDA CHUQUR KЕTISHNING JAMIYAT XAVFSIZLIGI VA BARQARORLIGIGA SALBIY TAʼSIRI (3-qism)

DINDA CHUQUR KЕTISHNING JAMIYAT XAVFSIZLIGI VA BARQARORLIGIGA SALBIY TAʼSIRI (3-qism)

Gʻuluvning lugʻaviy va istilohiy maʼnolari

Gʻuluv (الغُلو) soʻzi lugʻaviy jihatdan: chegaradan oshib oʻtish, biror bir ishda haddan oshmoq maʼnosini anglatadi. Qozondagi suv issiqning shiddatidan qaynab toshsa ham “غَلَا القِدرُ” deb aytiladi. Matoning narxi odatiy narxidan oshsa ham “غَلا السعر” – mato qimmat boʻldi, deyiladi[1].

Istilohiy maʼnosi:

Biror narsada haddan oshib ketmoq yoki biror narsani haddan oshirib bajarmoq. Maqtashda yoki mazammat qilishda loyiq boʻlganidan oshirib yuborish. Masalan: “وغَلا في الدين”, dinda chuqur ketdi, haddidan oshdi”[2]. “Gʻuluv” deb amallarni bajarishda qattiqqoʻl va murosasiz boʻlish, dinda amallarni bajarishda mubolagʻa qilishga aytiladi.

✔   Dinda gʻuluv ketish – dinda chuqur ketish, diniy arkonlar va ibodatlarni bajarishda haddidan oshish, toʻgʻri yoʻl deb notoʻgʻri yoʻlga burilish maʼnolarini anglatadi.

 ✔  Dinda gʻuluv ketish – Islom belgilab bergan, amal qilishga daʼvat etgan va undan ogʻishdan qaytargan meʼyor chegarasidan chetga chiqishdir[3].

Gʻuluv bilan ibodatlarni mukammal bajarishdagi talabchanlik oʻrtasidagi farq

Ehtimol, baʼzi odamlar dinda chuqur ketishni qoralash ibodatlarda dangasalikni quvvatlashning bir yoʻli deb chalkashtirishlari mumkin.

Oʻrtadagi bu chalkashlikni koʻtarish uchun bizga Ibn Munirning quyidagi soʻzi kifoya qiladi: “Biz ham, bizdan oldingi odamlar ham dinga zid boʻlgan amallarni qilgan har bir kishining nomi ham, amali ham yoʻq boʻlib ketganini koʻrdik.

Maqsad, ibodatlarni mukammal bajarishga toʻsqinlik qilish emas, chunki u maqtovga sazovor ishlardandir. Aksincha, amallarni bajaruvchi musulmon kishiga ibodatlardan malol va zerikish olib keladigan yoki tuni bilan nafl ibodatlarni bajarishga mukkasidan ketib, ibodatlarning eng yaxshisini yoki farz ibodatlarni tark etishga olib keladigan yoʻldan qaytarishdir. Oʻz ixtiyori bilan chuqur ketishdan masalan, tun boʻyi namoz oʻqib, bomdod namozini jamoat bilan ado etishdan uxlab qoladigan kishining ishi kabi amallardan man etishdir”[4].

Dinda chuqur ketishning turlari

Qurʼoni karim va sunnati mutohharoda kelgan dalillar gʻuluvni uch turli boʻlishiga dalolat qiladi.

  1. Dinda ham aqidaviy, ham amaliy chuqur ketish. Bu tur ostidagi haddan oshishning shakllari juda xilma-xildir.
  2. Qurʼoni karimda, yaʼni uning tafsirida chuqur ketish yoki undagi oyatlarni taʼvil qilishda oʻzi boʻlib turgan gʻuluv jihatlarini quvvatlash uchun maʼnoni burish yoki uni qiroat qilishda haddan tashqari oshirib yuborish yoki shulardan boshqa jihatlarda chuqur ketib haddidan oshish.
  3. Ilmda chuqur ketish, jumladan soʻzlarni oʻz maʼnosidan boshqa maʼnoga oʻzgartirib talqin qilish.
(Davomi bor)
[1] Ibn Manzur – Muhammad ibn Mukarram ibn Ali. Lisonul arab. – Qohira: Dorul maorif, 2016. – B. 3290; Gʻayn غ harfiga qarang.
[2] Ibn Manzur – Muhammad ibn Mukarram ibn Ali. Lisonul arab. – Qohira: Dorul maorif, 2016. – B.3291; Imom Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy. – Qohira: Dorul kutubis salafiya, 2010. 13-jild. – B. 291.
[3] Sayyid Muhammad ibn Alaviy. Al-Gʻuluv – asaruhu fil irhob va ifsodil mujtamaʼ. – Bayrut: Dorul Hoviy, 2019. – B. 19.
[4] Imom Ibn Hajar – Ali Ibn Ahmad Asqaloniy. Fathul Boriy. – Qohira: Dorul kutubis salafiya, 2010. 1-jild. –B. 118.
Nodir QOBILOV,
 Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …