Home / MAQOLALAR / IMONNING RUKNLARI

IMONNING RUKNLARI

Inson imon nima ekanini bilmay turib, komil moʻmin boʻla olmaydi. Buning uchun esa avval imon asoslarini oʻrganish zarur. Imon asoslari oltita boʻlib, ular quyidagilardir:

  1. Allohga;
  2. farishtalariga;
  3. kitoblariga;
  4. paygʻambarlariga;
  5. qiyomat kuniga;

6.taqdirning yaxshisi ham, yomoni ham Allohdan ekaniga imon keltirish.

  Ushbu olti asosdan beshtasiga Alloh taoloning: “Ey imon keltirganlar, Allohga va Rasuliga hamda Rasuliga nozil qilgan kitobga va oldin nozil qilgan kitoblarga imon keltiring! Kim Allohga, farishtalariga, kitoblariga, paygʻambarlariga va qiyomat kuniga kofir boʻlsa, juda chuqur adashibdi”,[1] degan kalomi dalil boʻladi. Oltinchisiga “Alloh sizlarni ham sizlar qilayotgan amallarni ham yaratdi”,[2] “(Ey Muhammad) ayting: Alloh hamma narsaning yaratuvchisidir”,[3] “Sizlar Alloh xohlasagina xohlay olasiz”,[4] degan soʻzlari dalil boʻladi.

Qurʼoni karimda barcha narsalar Allohning xohishiga nisbat berilgan oyatlar juda koʻp. Imonning avvalgi besh rukni ham qazo-yu qadar Allohdan ekanini maʼno jihatidan oʻz ichiga olgan. Chunki barcha ishlar Haq taolodan ekaniga imon keltirmay turib, Allohga imon keltirish haqiqiy hisoblanmaydi.  Biror kishi Allohga ishonaman, desa-yu, taqdirning yaxshisi ham, yomoni ham Undan ekaniga ishonmasa, moʻmin boʻlolmaydi.  

Alloh taolo kelajakda boʻladigan narsalarning hammasini oldindan biladi. Kim: “Alloh taolo kelajakdagi narsalarni azalda bilmagan, ularni mavjud boʻlgandan keyin bilgan”, desa, Allohni bilmaslik bilan sifatlagani uchun kofir boʻladi. Alloh taolo kelajakda boʻladigan narsalarning hammasini azalda bilgan va bilganini tasdiqlash uchun ularni Oʻzi bilgandek mavjud boʻlishini iroda qilgan. Yaʼni, Alloh taolo kimga neʼmat va kimga musibat berishni ham, bandalar qiladigan ishlarni ham oldindan bilgan, iroda qilgan va Lavhul mahfuzda bitib qoʻygan. Hamma narsa oʻz vaqti kelganda Uning bilgani, iroda qilgani va bitib qoʻyganiga muvofiq tarzda yuzaga chiqadi. Mana shuni taqdir deyiladi.

Hazrati Umardan rivoyat qilingan mashhur hadisda Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Menga imon haqida xabar bering!” deganda, u zot sollallohu alayhi vasallam: “Allohga, farishtalariga, kitoblariga, paygʻambarlariga, qiyomat kuniga va taqdirning yaxshisi ham, yomoni ham Allohdan ekaniga imon keltirmoq”, deb javob berganlar. Mana shu hadis ham imonning rukni oltita ekaniga dalil boʻladi.

Baʼzi kitoblarda “oʻlimdan soʻng qayta tirilishga” degan jumla ham kiritilgan boʻlib, imonning rukni yettita, deyiladi. Ammo qiyomat kuniga imon keltirish bilan qayta tirilishga imon keltirish aslida bitta rukndir. Chunki qayta tirilish oxiratda roʻy beradigan hodisalar jumlasidan boʻlib, qiyomat kuniga imon keltirgan kishi oʻz-oʻzidan qayta tirilishga ham iymon keltirgan hisoblanadi. Imom Abu Hanifaning qalamiga  mansub “Al-Fiqhul akbar” kitobining baʼzi nusxalarida “qiyomat kuniga” oʻrniga “oʻlimdan soʻng qayta tirilishga” degan ibora qoʻllangani ham yuqoridagi fikrimizga dalil boʻladi.

Yana shuni ham taʼkidlash lozimki, ahli sunna val jamoa olimlarining nazdida mazkur olti rukndan birortasini inkor etgan kishi moʻmin sanalmaydi. Balogʻatga yetgan har qanday inson shu olti narsaga iymon keltirganini tili bilan aytib, dili bilan tasdiqlashi farzdir. Chunki aksariyat hanafiy olimlarning nazdida imon iqror va tasdiqdan iborat. Ular tili bilan iqror boʻlib, dili bilan tasdiqlamagan odamni ham, dili bilan tasdiqlab, tili bilan iqror boʻlmagan odamni ham moʻmin hisoblamagan.                                          

[1] Niso surasi, 136-oyat
[2] Soffot surasi, 96-oyat
[3] Raʼd surasi, 16-oyat
[4] Takvir surasi, 26-oyat
Obid  XURSANDOV, 
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …