Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIYNING IBODATLARI

IMOM BUXORIYNING IBODATLARI

Imom Buxoriyning ibodatlari haqida “Tarixi Bagʻdod” va boshqa kitoblarda quyidagi maʼlumotlar keltirilgan:

«Ramazon oyining birinchi kechasi imom Buxoriyning huzurlariga asʼhoblari jamlanar va u kishi har rakʼatga yigirma oyatdan qoʻshib oʻqib, xatm qilar edi. Sahar paytida esa Qurʼonning uchdan biridan yarmigacha oʻqib, uchinchi kechaning saharida xatm qilar edi. Bir kuni u kishi namoz oʻqiyotganida ari oʻn yetti marta chaqdi. Namozni oʻqib boʻlib:

“Qaranglar-chi, namozimda menga ozor bergan narsa nima ekan?” dedi. Qarasalar, bir ari oʻn yetti marta chaqib, shishirib yuborgan ekan. Namozni buzmabdi».

Boshqa bir rivoyatda aytilishicha, asʼhoblaridan biri u kishini oʻz bogʻiga chaqiribdi. Peshin namozi boʻlgan ekan, odamlarga imomlikka oʻtib boʻlib, nafl namoz boshlabdi. Qiyomda uzoq turibdi.

Namozni tamom qilganidan keyin koʻylagining etagini koʻtarib, oʻzi bilan birga boʻlgan shaxslardan biriga:

“Qara-chi, koʻylagimning ostida bir narsa borga oʻxshaydi”, debdi.

Qarasa, ari oʻn olti-oʻn yetti joyidan chaqib, badanini shishirib yuborgan ekan. Arining asari jismida ochiq koʻrinib turgan ekan. Odamlar unga:

“Birinchi chaqqandayoq namozdan chiqsangiz boʻlmasmidi?!” dedilar.

“Bir surani oʻqiyotgan edim. Tugatib qoʻyay degandim”, dedi».

Imom Buxoriyning safarlarida koʻpincha birga boʻlgan Muhammad ibn Abu Hotim eslaydi:

«U kishi sahar chogʻi oʻn uch rakʼat namoz oʻqir edilar. Vitrni bir rakʼat qilardilar. Oʻzlari turganda meni uygʻotmas edilar.

“Oʻzingiz shuncha ogʻirlikni koʻtarib, meni nimaga uygʻotmaysiz?” desam:

“Sen yoshsan, uyqungni buzmay dedim”, der edilar».

Imom Buxoriy Basrada besh yil yashaganlar. Oʻsha yillari kitob yozish bilan mashgʻul boʻlishlariga qaramay, har yili haj mavsumi kelganda Makkaga borib, haj qilar va qaytib kelib, yana ilmiy ishlarini davom ettirar edilar.

Imom Buxoriy ilmiy ishlarni afzal ibodatlardan deb bilar edilar. U kishi oʻzlarining bosh asarlari “Al-Jomeʼ as-sahih” kitoblari haqida:

“Uni oʻzim bilan Alloh azza va jallaning orasida hujjat qildim”, deganlar.

Boshqa ilmiy asarlari haqida esa:

“Alloh taolodan bu tasniyfotlarni musulmonlar uchun barakali qilishini umid qilaman”, deganlar.

Imom Buxoriy toat-ibodatga targʻib qilish borasida:

“Musulmon inson uchun duo qilsa, qabul boʻlmaydigan holatda yurish toʻgʻri kelmaydi”, deganlar.

Imom Buxoriy yaxshi amallarni iloji boricha koʻp qilish payidan boʻlar edilar. U kishi Buxoro yaqinida bir rabot qurganlar. Juda koʻp odam bu ishda u kishiga yordamga kelgan. Shunday boʻlsa ham, imom Buxoriy oʻzlari gʻisht tashib, ishlaganlar. Odamlar:

“Ey Abu Abdulloh! Siz ovora boʻlmang”, deyishdi.

“Mana shu menga manfaat beradi”, dedilar u kishi.

Imom Buxoriyning ibodatlari ham, amallari ham ilmga asoslangan boʻlar edi. Bir kuni u kishi Muhammad ibn Abu Hotim Varroqqa:

“Men aqlimni taniganimdan buyon biron narsani ilmsiz qilgan emasman”, deganlar.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(Odoblar xazinasi kitobidan)

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …