Home / MAQOLALAR / ISLOMDA ERKAK VA AYOL OʻRTASIDAGI TЕNGLIK

ISLOMDA ERKAK VA AYOL OʻRTASIDAGI TЕNGLIK

Tenglik huquq va majburiyatlar borasida hammaning toʻlaligicha barobar boʻlishidir. Erkak va ayolga kelsak, Alloh taolo ularni yaratgan tabiiy farqlar bunda eʼtiborga olinmaydi. Zero, ilohiy adolat taqozosiga koʻra, erkak va ayoldan har biri oʻzi uchun joriy qilingan adolatli qonunlar orqali bir-birini toʻldirib turishi, yaʼni har kim jamiyatda oʻzi uchun belgilab qoʻyilgan joyda boʻlishi lozim. Biri ikkinchisining oʻrnini olib, oʻzining oʻrni boʻsh qolmasligi kerak. Alloh taolo: “Erkaklar ham oʻz kasblaridan ulush olurlar, ayollar ham oʻz kasblaridan ulush olurlar. Allohning fazlidan soʻrangiz. Albatta, Alloh hamma narsani biluvchidir” (Niso surasi, 32-oyat), deydi. Har bir insonning haq-huquqlari boʻlgani kabi Alloh taolo buyurganidek mukammal ado etishi shart boʻlgan majburiyatlari ham bor.

Islomda erkak va ayol oʻrtasidagi tenglik quyidagilarda namoyon boʻladi:

  1. Himoya va xavfsizlikda.

Darhaqiqat, Alloh taolo insonni mukarram qilib yaratgan. Bunda uning jinsi, irqi, rangi yoki millatiga qarab emas, balki bashar farzandi ekani eʼtiborga olingan, xolos. Haq taolo: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik” (Isro surasi, 70-oyat), degan. Eʼtibor beriladigan boʻlsa, Alloh taolo bu oyatda erkak yoki ayolni alohida-alohida tilga olmagan. U Zot ikki jins vakillarining xavfsizlik va barqarorlikda hayot kechirishini xohlaydi. Shu bois Oʻzining shariati orqali ularning qoni nohaq toʻkilishi, shaʼni, obroʻsi kamsitilishini taqiqlaydi. Alloh taolo belgilab qoʻygan mana shu chegaraga tajovuz qilgan kishi zolim, zolim boʻlganda ham, avvalo oʻziga oʻzi zulm qilgan hisoblanadi. Abu Zarr Gʻiforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Alloh taolo: “Ey bandalarim! Men zulmni Oʻzimga harom qildim va sizning orangizda ham harom qilib belgiladim. Bas, bir-biringizga zulm qilmangiz!” (Imom Muslim rivoyati) degan.

  1. Dunyo va oxiratda beriladigan jazoda.

Ha, islom dini dunyo va oxiratda beriladigan jazo borasida erkak va ayolga birdek qaraydi. Shariat amallarini bajarish erkak yoki ayolning zimmasiga xos qilib yuklanmagan. Bu xususda Alloh taolo: “Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim moʻmin boʻlgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni oʻzlari qilib oʻtgan goʻzal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasi, 97-oyat), degan. Demak, sharʼiy amallar masalasida ayol ham xuddi erkak singari masʼuldir. Bunda kamchilikka yoʻl qoʻygan ayol xuddi shu ishni qilgan erkak qatori hisob-kitob qilinadi, ajri undan koʻp yoki kam boʻlmaydi. Masalan, ayol kishi birovni oʻldirib qoʻysa, Alloh taolo: “Sizlar uchun qasosda hayot bor, ey, aql egalari! Shoyad (bu bilan qotillikdan) saqlansangiz” (Baqara surasi, 179-oyat), deb aytganidek, unga nisbatan ham shariat hukmi joriy qilinadi.

  1. Ibodat va solih amallarda.

Solih amallar erkak va ayolga birdek bogʻliq boʻlgan muhim vazifa hisoblanadi. Endigina balogʻat yoshiga yetgan oʻgʻil bolaga taʼlim berilgani kabi qizga ham uning valiysi namoz, roʻza, zakot, haj va shu kabi ibodatlarni oʻrgatishi lozim.

Odamlarni yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish erkaklarga qanday farz qilingan boʻlsa, ayollar uchun ham shundaydir. Bu haqda Alloh taolo: “Moʻminlar va moʻminalar bir-birlariga doʻstdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan oʻshalarga Alloh marhamat koʻrsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (Tavba surasi, 71-oyat), degan. Barcha ulamolar taʼkidlaganki, biror musulmon yurtga dushman hujum qiladigan boʻlsa, uning himoyasi uchun kurashga chiqish erkaklar zimmasiga farz boʻlganidek, ayollar uchun ham farzga aylanadi. Bunday vaziyatda erining iznini olishi shart emas, chunki farzi ayn, yaʼni individual majburiyat erning haqqidan ustun turadi.

  1. Baxtli hayot kechirish uchun kurashishda.

Islom dini ayol kishi baxtli hayotga erishishi uchun uning ham oʻz haq-huquqlarini belgilab qoʻygan. Alloh taolo ato etgan bu huquqdan uni mahrum qilishga hech kimning haqqi yoʻq. U ham erkaklar singari oʻzining hayoti uchun mehnat qilish va taʼlim olish huquqiga ega. Uy-joyli boʻlish, kiyinish, yeb-ichish va boshqa masalalarda ham uning oʻz huquqlari bor. Shuningdek, oila qurishda qaysi erkakni oʻziga jufti halol qilib tanlashga haqqi borki, uning roziligisiz turmushga berish sharʼan taqiqlangan. Ijtimoiy himoya borasida ham uning oʻz haq-huquqlari bor. Zero, islom erkakka ruxsat bergan narsalarni unga taqiqlab qoʻymagan.

  1. Taʼlim olishda.

Islom dini taʼlim olish masalasida ayolning ham haqqi borligini taʼkidlaydi. Uni oldi-sotdi qilinadigan savdo moli sifatida koʻradigan eski urf-odatlarni inkor etadi. Mana, Oysha roziyallohu anho onamiz, butun ummat undan ilm oʻrgandi, koʻpgina fiqhiy masalalarda uning ijtihodiga tayanib ish koʻrildi. Mufassirlar anglab olish mushkul boʻlgan ayrim oyatlarni sharhlashda uning tushunchasiga suyandi. U arablarning nasabi, sheʼriyati va boshqalardan yaxshigina xabardor boʻlgan. Islom oʻz vaqtida hatto choʻri ayollarga ham taʼlim berishni targʻib qilgan.

  1. Siyosiy hayotdagi ishtirokida.

Darhaqiqat, islom ayolning ijtimoiy-siyosiy rolini qadrlaydi, bu jarayonlarda uni ham bevosita ishtirokchi sifatida koʻradi. Paygʻambar alayhissalom bilan ahdlashgan erkak sahobalar qatori ayollar ham u zot bilan ahdlashganida, bu narsa yana ham oydinlashgan. Bu haqda Alloh taolo Paygʻambar alayhissalomga: “Ey Paygʻambar! Qachonki, Sizning oldingizga moʻmina ayollar kelib, Allohga biror narsani sherik qilmaslikka, oʻgʻirlik qilmaslikka, zino qilmaslikka, oʻz bolalarini oʻldirmaslikka, qoʻl va oyoqlari orasida toʻqib oladigan boʻhtonni keltirmaslikka hamda biror yaxshi ishda Sizga itoatsizlik qilmaslikka huzuringizda qasamyod etsalar, Siz ularning qasamyodlarini qabul qiling va ular uchun Allohdan magʻfirat soʻrang! Albatta, Alloh (oʻz bandalariga nisbatan) kechirimli va rahmlidir” (Mumtahana surasi, 12-oyat), deb buyurgan. Bu ahdlashuv ayol kishi oʻz xohish-irodasi va mutlaq erkidan kelib chiqib ishtirok etgan ijtimoiy-siyosiy hodisadir.

  1. Majburiyatlarni bajarishda.

Islomning adolat tarozisida erkaklar singari ayollarga ham oʻz zimmasidagi majburiyatlarni ado etish talabi qoʻyilgan. Binobarin, erkaklarga qanday amallar buyurilgan boʻlsa, ularga ham taalluqlidir. Bu Alloh taoloning: “Kimki biror yomonlik qilsa, unga (oxiratda oʻsha yomonligi) barobaridagina jazo berilur. Erkakmi, ayolmi – kimki moʻminlik holida biror yaxshilik qilsa, aynan oʻshalar jannatga doxil boʻlurlar. U joyda ularga behisob rizq berilur” (Gʻofir surasi, 40-oyat), degan soʻzlarida ifodalanganini koʻrishimiz mumkin. Demak, U erkak va ayolga teng murojaat qilgan. Ammo dunyoviy majburiyatlar masalasida erkak va ayol oʻrtasida farq bor. Masalan, erkak ayolni nafaqa bilan taʼminlab turishi lozim. Oʻsha ayol xotini boʻladimi yoki qizi, onasi boʻladimi yoki opa-singlisi – farqi yoʻq. Ayolning jamiyatdagi vazifasi – oʻz uyiga, oilasi va eriga eʼtiborli boʻlish, din, yurt va xalq xizmatini oʻz zimmasiga oladigan solih zurriyotlar dunyoga keltirish. Bundan ayon boʻladiki, aslida majburiyatlar ikki jinsga ham birdek, ammo har birining yaratilish tabiatidan kelib chiqib, baʼzan bir-biridan farq qiladi.

  1. Chiroyli turmush kechirishda.

Alloh taolo erkak va ayolga chiroyli turmush kechirishni buyurgan. Chunki oilaviy hayot er va xotindan har biri oʻz vazifasini mukammal ado etgan taqdirdagina saodatli boʻladi. Shuning uchun ayolga eri bilan goʻzal muomalada boʻlish, uning mol-davlatini isrof qilmaslik, unga yoqadigan sifatlar bilan koʻrinish talabi qoʻyilgan.

Oʻz navbatida erga ham ayoli bilan goʻzal muomala qilish, unga toqati yetmaydigan ishlarni buyurmaslik, dardlari va hasratlariga eʼtiborli boʻlish buyurilgan. Oila ishlarida ayol ham oʻz fikriga egaligi inobatga olingan holda, u bilan bamaslahat ish olib borishga chaqirilgan. Mabodo ayolida oʻziga yoqmaydigan sifat yoki harakatlar kuzatiladigan boʻlsa, talogʻini berishga shoshilmaslik, balki sabr qilib, imkon qadar oqilona ish tutish tavsiya qilingan.

Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, islomda ayol ham xuddi erkak singari oʻz haq-huquqlariga ega ekan. Uni bekor qilish yoki cheklashga hech kimning haqqi yoʻq. Shuningdek, majburiyatlar borasida ham, –ayolning tabiiy jihatlari eʼtiborga olingan holda, albatta, – erkak va ayol oʻrtasida farq yoʻq. Yaʼni ikkisi ham yaxshilik qilsa, savob, yomonlik qilsa, jazo olishi belgilab qoʻyilgan. Bularning barchasi islom insonparvarlik, adolat va teng huquqlilik dini ekanidan dalolatdir. Chunki uning asosiy manbasi boʻlmish Qurʼoni karimda inson zoti mukarram qilib qoʻyilgani taʼkidlangan.

Alouddin NЕMATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MUSTAQILLIK YILLARIDA TASAVVUF TAʼLIMOTINING TADQIQ ETILISHI

Mustaqillikning ilk yillarida islom diniga qoʻyilgan bir asrlik cheklov [4:252] barham topib, eʼtiqod erkinligi uchun …